Kasbiy taʼlim tashkiloti pedagog kadrlari va muhandis-pedagog kadrlarining boʻsh lavozimlarni egallash uchun ularni tanlov asosida tanlab olish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (1461-son)
28.03.2005
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGI OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIM MARKAZI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRLIGINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2005-yil 28-martda 1461-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 28-fevraldagi R-2146-sonli Farmoyishining 8-bandiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qaror qiladi:
1. Kasbiy taʼlim tashkiloti pedagog kadrlari va muhandis-pedagog kadrlarining boʻsh lavozimlarni egallash uchun ularni tanlov asosida tanlab olish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror kuchga kirgan kundan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2002-yil 3-yanvardagi 3, 19 va 19-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimida rahbar va oʻqituvchilarning boʻsh lavozimlarini egallash uchun ularni tanlov asosida tanlab olish toʻgʻrisida”gi nizom (2002-yil 4-yanvar, roʻyxat raqami 1093) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kundan keyin kuchga kiritilsin.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim markazi direktori v.v.b. X. MASUDOV
Toshkent sh.,
2005-yil 24-mart,
04/QQ-son
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori B ISMAILOV
Toshkent sh.,
2005-yil 24-mart,
01-76-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri O. OBIDOV
Toshkent sh.,
2005-yil 24-mart,
01/1184-son
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2005-yil 24-martdagi 04/QQ, 01-76, 01/1184-son qarori bilan TASDIQLANGAN
Kasbiy taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlari va muhandis-pedagog kadrlarining boʻsh lavozimlarni egallash uchun ularni tanlov asosida tanlab olish toʻgʻrisida
nizom
(yangi tahrirda)
Mazkur Nizom kasbiy taʼlim tashkilotlarining boʻsh (vakant) oʻqituvchi va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari lavozimlariga tanlov oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Tanlov kasbiy taʼlim tashkilotlariga zamonaviy talablarga javob beruvchi yuqori malakali, chuqur kasbiy bilimga, ijodiy va ilmiy potensialga, yuksak axloqiy va maʼnaviy sifatlarga ega boʻlgan kadrlarni saralab olish maqsadida oʻtkaziladi.
I. Umumiy qoidalar
1. Kasbiy taʼlim tashkilotlarining oʻqituvchi va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari (bundan buyon matnda pedagoglar deb yuritiladi) lavozimlariga nomzodlar tanlov asosida qabul qilinadi. Tanlov boʻsh (vakant) lavozimlarga eʼlon qilinadi.
11. Pedagog lavozimi boʻshaganidan keyin 10 kun ichida pedagog lavozimiga kasbiy taʼlim tashkiloti tomonidan ommaviy axborot vositalarida va kasbiy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-saytida (agar mavjud boʻlsa) tanlov oʻtkazish toʻgʻrisida eʼlon beriladi.
2. Pedagog lavozimiga tanlov mazkur Nizomga asosan tuziladigan tanlov oʻtkazish boʻyicha komissiya tomonidan oʻtkaziladi.
3. Kasbiy taʼlim tashkilotlariga soatbay haq toʻlash asosida ishga qabul qilinayotgan shaxslar direktor buyrugʻi bilan tanlovsiz rasmiylashtiriladi.
5. Kasbiy taʼlim tashkilotlarining:
umumtaʼlim fanlari boʻyicha pedagog lavozimini egallash uchun tanlovda ilmiy darajaga (ilmiy unvon) yoki pedagogik mutaxassislik boʻyicha bakalavr yoki magistr darajasiga ega yoxud diplomli mutaxassislar ishtirok etishlari mumkin;
maxsus fan va kasbiy taʼlim (amaliyot) pedagog lavozimiga oʻtkaziladigan tanlovda taʼlim tashkiloti yoʻnalishi va ixtisosliklariga mos keladigan ilmiy darajaga (ilmiy unvon) yoki bakalavr yoxud magistr darajasiga ega, shuningdek diplomli mutaxassislar ishtirok etadi. Xalq hunarmandchiligi yoʻnalishlaridagi kasbiy taʼlim tashkilotlarining kasbiy taʼlim (amaliyot) pedagog lavozimini egallash uchun tanlovda ishlab chiqarish korxonalarining yuqori razryadli xodimlari va milliy hunarmandchilik ustalari, oʻrta maxsus maʼlumotga ega mutaxassislar ishtirok etishlari mumkin.
6. Kasbiy taʼlim tashkilotiga aylantirilayotgan boshqa turdagi taʼlim muassasalari pedagoglari tanlovda umumiy asosda ishtirok etadilar.
7. Pedagog lavozimini egallash uchun oʻtkaziladigan tanlovda nomzodlar arizasiga binoan ishtirok etadilar.
8. Oʻzbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunining 15-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida qayd etilgan shaxslar tanlovga qoʻyilmaydilar.
9. Pedagoglarni tanlovdan oʻtkazish boʻyicha taxminiy savollar majmui va tanlov oʻtkazish jadvali Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kasbiy taʼlim agentligi, viloyatlar va Toshkent shahri kasbiy taʼlim boshqarmalari tomonidan ishlab chiqiladi.
II. Tanlov oʻtkazish
11. Tanlov eʼlon qilingan kundan boshlab 20 kun ichida pedagog lavozimiga tanlovda ishtirok etishni xohlagan nomzodlarning arizalari tegishli kasbiy taʼlim tashkilotiga taqdim etiladi.
12. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
soʻrovnoma (kadrlarni hisobga olish varaqasi) va tarjimai hol;
maʼlumoti haqidagi hujjatning nusxasi;
ilmiy daraja va ilmiy unvonlari haqidagi hujjatlarning nusxalari (mavjud boʻlsa);
ilmiy-uslubiy ishlar va ixtirolar roʻyxati (mavjud boʻlsa);
Nomzodga hujjatlar qabul qilib olinganligi haqida tilxat beriladi.
121. Tanlov nomzodlardan hujjatlarni qabul qilish tugagandan keyin 15 kun ichida oʻtkaziladi.
13. Pedagog lavozimiga tanlov oʻtkazish uchun kasbiy taʼlim tashkiloti direktorining buyrugʻi bilan tanlov komissiyasi tuziladi.
14. Kasbiy taʼlim tashkiloti rahbari tomonidan tayinlanadigan masʼul xodim nomzodlarning hujjatlarini oʻrganib chiqadi va tanlov komissiyasiga taqdim qiladi.
15. Tanlov komissiyasi tarkibi kamida 5 kishidan iborat boʻladi.
16. Tanlov komissiyasi koʻpchilik tomondan ochiq ovoz berish yoʻli bilan tanlov natijalari boʻyicha qaror qabul qiladi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Tanlovni oʻtkazish va tanlov natijalari tanlov komissiyasi bayoni bilan rasmiylashtiriladi.
III. Tanlov natijalari
18. Pedagog lavozimiga tanlab olingan nomzod bilan kasbiy taʼlim tashkiloti direktori belgilangan tartibda mehnat shartnomasini tuzadi va buyruq bilan rasmiylashtiradi.
19. Tanlov komissiyasi qaroridan norozi boʻlgan shaxslar yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishlari mumkin.
