1213-modda. Koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish shartlari
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-675-son) · Sana: 18.02.2021 · Amalda
Sud koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisidagi iltimosnomani materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay koʻrib chiqadi va iltimosnomani qanoatlantirish hamda sud majlisini tayinlash yoki iltimosnomani qanoatlantirishni rad qilish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi va bu haqda taraflarga xabar beradi.
Iltimosnoma qanoatlantirilgan taqdirda, sudya koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlash boʻyicha sud majlisini uch sutkadan kechiktirmay oʻtkazadi.
Agar sudya koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlashni iltimosnomani va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqish natijasida asossiz deb topsa, iltimosnomani qanoatlantirishni rad etadi.
Sudning koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqidagi ajrimi ustidan ushbu ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yetmish ikki soat ichida apellatsiya tartibida xususiy shikoyat yoki xususiy protest berilishi mumkin. Apellatsiya shikoyati, protesti ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud yigirma toʻrt soat ichida ularni materiallar bilan birga apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Apellatsiya instansiyasi sudi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga kelib tushgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmay koʻrib chiqishi kerak.
Apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini, protestini koʻrib chiqib, oʻz ajrimi bilan:
sudyaning ajrimini oʻzgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
sudyaning ajrimini bekor qilishga va koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyishga haqli.
Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan shikoyat, protest berilishi mumkin emas.
Iltimosnomani qanoatlantirish rad etilganidan keyin sudga takroran murojaat qilishga faqat koʻrsatuvlarni mustahkamlash toʻgʻrisida iltimosnoma berish uchun yangi asoslar mavjud boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.
