4-modda. Ushbu Qonunning qoʻllanilish sohasi
Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida (O‘RQ-674-son) · Sana: 16.02.2021 · Amalda
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa davlat (davlatlar) oʻrtasida amalda boʻlgan kelishuvlarga rioya etgan holda xalqaro tijorat arbitrajiga nisbatan qoʻllaniladi.
Xalqaro tijorat arbitrajiga taraflarning kelishuviga binoan tijorat xususiyatiga ega boʻlgan ham shartnomaviy, ham shartnomadan tashqari barcha munosabatlardan yuzaga keladigan nizolar berilishi mumkin.
Ushbu Qonunning qoidalari, bundan 13, 14, 30, 31, 32, 51 va 52-moddalar mustasno, faqat arbitraj joyi Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan holdagina qoʻllaniladi.
Agar:
1) arbitraj kelishuvi taraflarining tijorat korxonalari uni tuzish paytida turli davlatlarda joylashgan boʻlsa; yoki
2) quyidagi joylardan biri taraflar oʻz tijorat korxonalariga ega boʻlgan davlatdan tashqarida joylashgan boʻlsa:
a) arbitraj joyi, agar u arbitraj kelishuvida yoki unga muvofiq belgilangan boʻlsa;
b) tijorat munosabatlaridan kelib chiqadigan majburiyatlarning katta qismi ijro etilishi kerak boʻlgan har qanday joy yoki nizo predmeti bilan koʻproq chambarchas bogʻliq boʻlgan joy; yoki
3) taraflar arbitraj kelishuvining predmeti bittadan koʻproq mamlakat bilan bogʻliq ekanligi toʻgʻrisida toʻgʻridan-toʻgʻri kelishib olgan boʻlsa, arbitraj xalqaro deb hisoblanadi.
Ushbu modda toʻrtinchi qismining maqsadlari uchun, agar taraf:
1) bittadan ortiq tijorat korxonasiga ega boʻlsa, arbitraj kelishuvi bilan koʻproq chambarchas aloqaga ega boʻlgani tijorat korxonasi hisoblanadi;
2) tijorat korxonasiga ega boʻlmasa, uning odatdagi joylashgan yeri (yashash joyi) eʼtiborga olinadi.
Ushbu Qonun muayyan nizolarni arbitrajga topshirish mumkin emasligi yoki bu nizolarni arbitrajga faqat ushbu Qonunning qoidalari hisoblanmaydigan qoidalarga muvofiq topshirish mumkinligi belgilangan har qanday boshqa Oʻzbekiston Respublikasi qonunining amal qilishiga taʼsir qilmaydi.
