25-modda. Dastlabki qarorlarning alohida rejimi
Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida (O‘RQ-674-son) · Sana: 16.02.2021 · Amalda
Arbitraj sudi dastlabki qarorni chiqarish toʻgʻrisidagi arizaga nisbatan ajrim chiqarganidan soʻng arbitraj sudi barcha taraflarni taʼminlash choralarini belgilash haqidagi iltimos, dastlabki qarorni chiqarish toʻgʻrisidagi ariza, agar qabul qilingan boʻlsa, dastlabki qaror va boshqa barcha xabarlar almashinuvlari haqida darhol xabardor qiladi, shu jumladan istalgan taraf va arbitraj sudi oʻrtasidagi yuqorida sanab oʻtilganlarga taalluqli boʻlgan har qanday ogʻzaki xabarlarning mazmunini koʻrsatish yoʻli bilan xabardor qiladi.
Bir vaqtning oʻzida arbitraj sudi oʻziga nisbatan dastlabki qaror chiqarilayotgan istalgan tarafga oʻz fikrini imkon qadar qisqa muddatlarda bayon qilish imkonini beradi.
Arbitraj sudi dastlabki qaror chiqarilishiga qarshi har qanday eʼtiroz boʻyicha darhol hal qiluv qarorini qabul qiladi.
Dastlabki qarorning amal qilish muddati u arbitraj sudi tomonidan chiqarilgan sanadan boshlab yigirma kun oʻtgach tugaydi. Ayni vaqtda arbitraj sudi dastlabki qarorning qoʻllanilishini yoki oʻzgartirilishini taʼminlovchi chorani oʻziga nisbatan dastlabki qaror qabul qilinayotgan tarafni xabardor qilganidan va unga oʻz nuqtai nazarini bayon etish imkoniyatini berganidan soʻng belgilashi mumkin.
Dastlabki qaror taraflar uchun majburiy kuchga ega, biroq u sud tartibida ijro etilmaydi. Bunday dastlabki qaror arbitrajning hal qiluv qarori hisoblanmaydi.
