12-modda. Arbitraj kelishuvining taʼrifi va shakli
Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida (O‘RQ-674-son) · Sana: 16.02.2021 · Amalda
Taraflarning shartnomaviy xususiyatga egaligidan yoki ega emasligidan qatʼi nazar, biror-bir aniq huquqiy munosabat bilan bogʻliq boʻlgan, ular oʻrtasida yuzaga kelgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan barcha yoki muayyan nizolarni arbitrajga topshirish toʻgʻrisidagi kelishuvi arbitraj kelishuvi hisoblanadi. Arbitraj kelishuvi shartnomaning arbitraj sharti yoki alohida kelishuv tarzida tuzilishi mumkin.
Arbitraj kelishuvi yozma shaklda tuziladi.
Agar arbitraj kelishuvining mazmuni arbitraj kelishuvi yoki shartnoma ogʻzaki shaklda tuzilganligidan yoki tuzilmaganligidan qatʼi nazar, taraflarning harakati asosida yoxud boshqa vositalar yordamida biror-bir shaklda qayd etilgan boʻlsa, ushbu kelishuv yozma shaklda tuzilgan deb hisoblanadi.
Arbitraj kelishuvini yozma shaklda tuzish toʻgʻrisidagi talab elektron xabar orqali, agar undagi axborot kelgusida undan foydalanish uchun ochiq boʻlsa, qanoatlantiriladi.
Elektron xabar taraflar maʼlumotlarni yuborish orqali uzatadigan har qanday xabarni anglatsa; maʼlumotlardan xabardor qilish elektron, magnit, optik yoki xuddi shunday vositalar, shu jumladan elektron maʼlumotlar almashish, elektron pochta, telegramma, teleks va telefaks yordamida, biroq ular bilan cheklanmagan holda tayyorlangan, yuborilgan, qabul qilib olingan yoki saqlanayotgan axborotni anglatadi.
Bundan tashqari, arbitraj kelishuvi daʼvo arizasini almashish va daʼvoga doir fikr bildirish orqali tuzilib, ularda taraflardan biri kelishuv mavjudligini tasdiqlayotgan, boshqasi esa bunga qarshi eʼtiroz bildirmayotgan boʻlsa, ushbu kelishuv yozma shaklda tuzilgan deb hisoblanadi.
Shartnomadagi arbitraj shartini oʻz ichiga olgan biror-bir hujjatga havola, basharti ushbu havola aytib oʻtilgan shartni shartnomaning bir qismiga aylantirsa, arbitraj kelishuvi hisoblanadi.
