Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida (647/1-IV-son)
15.12.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi shuni taʼkidlaydiki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda tashqi iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
2020-yil 11-dekabr kuni YEOII aʼzo davlatlari rahbarlarining boʻlib oʻtgan navbatdagi Oliy kengashida Oʻzbekiston Respublikasiga YEOII huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish masalasi koʻrib chiqildi, shuningdek, birlashma doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning YEOII sammitda soʻzlagan nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bugungi muhim bosqichida Oʻzbekiston barcha xalqaro sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni izchil kengaytirib borish, shu jumladan, YEOII bilan muloqotni rivojlantirish tarafdori ekanligi qayd etildi.
Mazkur masalani har tomonlama oʻrganishni tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining qarori bilan ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruh tomonidan YEOII bilan integratsiyalashuvining mamlakatimiz iqtisodiyotiga taʼsirini tahlil qilish, qisqa, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojining ustuvor yoʻnalishlariga ushbu Tashkilot bilan hamkorlikning mosligini oʻrganish, iqtisodiyot tarmoqlariga ijobiy va salbiy jihatdan taʼsirini koʻrib chiqish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirildi.
Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarida va qoʻmitalarda mazkur masala Hukumat aʼzolari, tegishli vazirliklar va idoralarning vakillari ishtirokida bir necha marotaba atroflicha muhokama qilindi. Muhokamalar davomida Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi masalasi yuzasidan fuqarolar va biznes vakillari oʻrtasida oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrov natijalari, olimlar, ekspertlar, mutaxassislarning ushbu masala yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalari tahlil qilindi.
Joriy yilning 10-aprel kuni Hukumat vakillari ishtirokida “Hukumat soati”, 16-aprel kuni esa “Parlament eshituvi” oʻtkazildi.
2020-yil 28-aprel kuni Qonunchilik palatasining “Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi toʻgʻrisi”da qarori qabul qilindi. Ushbu Qarorda Oʻzbekiston Respublikasining YEOIIda “kuzatuvchi davlat” maqomida ishtirok etishi maqsadga muvofiq deb topilgan.
Mazkur masala yuzasidan boʻlib oʻtgan keng muhokamalar, olib borilgan oʻrganishlar va tahlillar asosida Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari oʻz pozitsiyalarini bayon etdilar.
Qonunchilik palata bir necha oy davomida olib borgan oʻrganishlari, masalaga har tomonlama chuqur yondashuvlari natijasida mamlakatimizning YEOII bilan kuzatuvchi davlat maqomida hamkorlik qilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan. Oʻzbekiston sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, transport va tranzit sohasida oʻzaro muvofiqlashgan yondashuvlarni ishlab chiqish, mehnat migratsiyasi tizimida yaqindan hamkorlik qilish kabi muhim omillar ham oʻzaro hamkorlik qilish uchun asos boʻldi.
Oʻzbekistonning kuzatuvchi davlat maqomida boʻlishi integratsiyalashuv jarayonining dastlabki bosqichi boʻlib, YEOIIga aʼzolikning ijobiy va salbiy jihatlarini chuqur tahlil qilish, milliy iqtisodiyotga taʼsirini oʻrganish, milliy qonunchilikni Ittifoq qonunchiligi bilan uygʻunlashtirishda qanday oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlarni oʻrganish va tayyorgarlik koʻrish uchun zarur imkoniyat hisoblanadi.
Deputatlarning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonning ushbu tashkilot bilan hamkorligi mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasining oshishiga, iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligining ortishiga va xorijiy davlatlarda mehnat qilayotgan fuqarolarimiz huquqlarining himoyasi kuchaytirilishiga xizmat qiladi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish hisobidan YEOII davlatlariga Oʻzbekistondan koʻplab tovar va mahsulotlarni, shu jumladan minglab tonna meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Xalqaro tashishlar sohasida ruxsat berish tartibi soddalashtiriladi, yoʻlovchilar, yuklar va transport vositalarining erkin harakatlanishi taʼminlanadi.
Oʻzbekistonning kuzatuvchi davlat maqomida boʻlishi integratsiyalashuv jarayonining dastlabki bosqichi boʻlib, YEOIIga aʼzolikning ijobiy va salbiy jihatlarini chuqur tahlil qilish, milliy iqtisodiyotga taʼsirini oʻrganish uchun zarur imkoniyat hisoblanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yigʻilishidagi maʼruzasini va unda belgilab oʻtilgan vazifalarni toʻliq qoʻllab quvvatlaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashiga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik masalasi boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish uchun ishchi guruhi tuzish topshirilsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 15-dekabr,
647/1-IV-son
