Davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari tomonidan qonunlarni ijro etishning holati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri B. Mustafoyevning hisoboti haqida (275-I-son)
01.12.2006
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri B. Mustafoyevning hisobotini tinglab va muhokama qilib, shuni qayd etadiki, Adliya vazirligi tomonidan qonun ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash, normativ-huquqiy hujjatlar vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shu jumladan prokuratura va sudlovni amalga oshirish organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida qay darajada amalga oshirilayotganligi ustidan doimiy nazorat olib borish, davlat organlarining jamiyatda huquqiy ong, huquqiy madaniyatni oshirishga va qonuniylikni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan huquqiy targʻibot faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar asosida muayyan ishlar qilinayotir.
Umuman Adliya vazirligining ishlari davlatimiz rahbari I. Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2006-yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlab 2006-yil 10-fevralda boʻlib oʻtgan majlisidagi maʼruzasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2006-yil 24-fevralda oʻtkazilgan beshinchi yalpi majlisidagi “Mamlakatimiz taraqqiyotining qonuniy asoslarini mustahkamlash faoliyatimiz mezoni boʻlishi darkor” nutqida belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqadigan vazifalarni bajarishga qaratildi.
Yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida Hukumatning qonun loyihalarini tayyorlash sohasidagi ishi reja asosida amalga oshirilishini, kompleksliligini va muntazamligini taʼminlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Hukumatning qonun loyihalariga doir tasdiqlangan ish rejalari bajarilishi, shu jumladan qonun loyihalarini tayyorlash muddatlariga, belgilangan tartibiga rioya etilishi doimiy monitoring qilib borilmoqda, shuningdek bu qonun loyihalarining amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsadlari va vazifalariga, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish talablariga, xalqaro norma va standartlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi baholab borilmoqda.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shu jumladan prokuratura va sudlovni amalga oshirish organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatidagi huquqni qoʻllash amaliyoti monitoringini berilgan vakolatlar doirasida oʻtkazishga alohida eʼtibor qilindi.
Monitoring qonun hujjatlarini, jamoatchilik fikrini oʻrganish (soʻrov oʻtkazish), statistikaga oid va boshqa maʼlumotlarni tahlil qilish, davlat organlarining huquqni qoʻllash amaliyotini bevosita joylarga chiqqan holda oʻrganish yoʻli bilan amalga oshirildi. Jumladan, 275 ta qonun, shuningdek 4021 ta boshqa normativ-huquqiy hujjat, xususan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 453 ta farmoni va 110 ta qaroridan, Hukumatning 2429 ta qaroridan, 1029 ta idoraviy normativ hujjatdan iborat boʻlgan amaldagi normativ-huquqiy baza tahlil qilib chiqildi.
Monitoring natijalari boʻyicha hozirgi kunda mavjud boʻlgan bir qator qonunchilikka oid muammolar aniqlandi. Xususan:
qonunlarda havola etuvchi normalardan tez-tez foydalanilishi, qonun normalarini amalga oshirish mexanizmlari yoʻqligi, shu jumladan tegishli qonunosti hujjatlari oʻz vaqtida qabul qilinmaganligi sababli qonunlarning ayrim normalari ishlamayotir va bu hol mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga maʼlum darajada toʻgʻanoq boʻlmoqda. Bunday ahvol huquqni qoʻllovchi organlarga qonun normalarini jamiyat va davlat manfaatlariga zarar keltirgan holda oʻz xohishlaricha talqin qilish imkonini ham bermoqda;
ijtimoiy munosabatlarga doir ayrim masalalarni tartibga soladigan normativ-huquqiy hujjatlarning koʻpligi fuqarolar va huquqni qoʻllovchi organlar huquqiy normalarning mohiyatini tushunishida muammolar tugʻdirmoqda;
ayrim hollarda baʼzi vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar umum majburiy xususiyatdagi hujjatlarni qabul qilib, ularni majburiy huquqiy ekspertizadan hamda Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartib-taomilini bajarmagan holda ijro etish uchun yubormoqdalar.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining umumiy majburiy normativ-huquqiy hujjatlarini oʻrganish bu organlar koʻpincha qarorlar qabul qilish chogʻida oʻz vakolatlari doirasidan chetga chiqib ketayotganliklarini va qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlarining hamda Hukumat qarorlarining qoidalari notoʻgʻri talqin qilinayotganligini koʻrsatmoqda.
Davlat organlarining va xoʻjalik boshqaruvi organlarining yangi qabul qilinayotgan qonunlarni quyi tuzilmalar eʼtiboriga yetkazish sohasidagi ishi lozim tarzda yoʻlga qoʻyilmagan. Bu organlarda qonunlar va qonunosti hujjatlarini tartibga solish hamda ularning nazorat nusxalarini yuritish ishlari qoniqarsiz olib borilmoqda.
Masalan, faoliyati oʻrganib chiqilgan ellikta davlat organi va xoʻjalik boshqaruvi organidan 34 tasida shu yil 10-noyabr holatiga koʻra “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 2006-yil 10-oktabrda qabul qilingan OʻRQ-59-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritilgan qonunlarning nazorat nusxalari yuritilmagan. Tekshirilgan organlarning 23 tasida (Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, Davlat test markazi, “Sanoatkontexnazorat” va “Oʻzdoninspeksiya” davlat inspeksiyalari, “Oʻzfarmsanoat” konserni va boshqalarda) qonun hujjatlarini tartibga solish va ularning nazorat nusxalarini yuritish ishlari aniq bir tarkibiy tuzilma yoki xodimga yuklatilmagan. Tekshirilgan davlat organlarining va xoʻjalik boshqaruvi organlarining 12 foizida ularning hududiy boʻlinmalariga yangi qabul qilinayotgan va yangilanayotgan normativ-huquqiy hujjatlar yetkazilmayotir. Ishlarning bunday ahvolda boʻlishi qonunlar oʻz vaqtida amalga oshirilishiga yordam bermaydi, koʻpincha ularning buzilishiga ham olib kelmoqda.
Bundan tashqari, tadbirkorlar va davlat xizmatchilari oʻrtasida oʻtkazilgan sotsiologik soʻrov natijalari respondentlarning tadbirkorlik faoliyatini yuritish sharoitlari, qonuniylikning ahvoli va qonunlarni qoʻllash amaliyotining boshqa jihatlari xususidagi fikrlarini aniqlab berdi.
Chunonchi, davlat xizmatchilari boʻlgan respondentlar oʻz idoralarining vakillari tomonidan qonunlarni buzish hollari mavjudligini eʼtirof etmoqdalar. Bunda respondentlarning 26 foizi qonun hujjatlari normalarini amalga oshirish mexanizmi yoʻqligini, 15 foizi ularni bajarish qiyinligini, 13 foizdan ortigʻi esa qonun hujjatlari talablarini bilmaslikni ushbu qonunbuzarliklarning sababi deb koʻrsatishgan.
Tadbirkorlarning fikricha, ularning faoliyatiga davlat organlari, koʻpchilik hollarda soliq organlari qonunsiz aralashmoqdalar. Tadbirkorlarning 25 foizi shunday fikrda. Tadbirkorlarning 13 foizi oʻz faoliyatlariga Bosh prokuratura huzuridagi Departament, 11 foizi sanitariya-epidemiologiya nazorati organlari, 10 foizi prokuratura organlari, 9 foizi ichki ishlar organlari, 5 foizi yongʻindan saqlash organlari va 1,4 foizi davlat bojxona xizmati organlari aralashayotganligini aytmoqda. Pul mablagʻlarini turli tadbirlar oʻtkazishga, qurilishga, hududlarni obodonlashtirishga majburiy jalb etish hollarini respondentlarning 38 foizdan ortiqrogʻi koʻrsatib oʻtdi.
Shu bilan birga 2005-yilda respublika Prezidentining huquqiy taʼsir choralarining sud tartibida qoʻllanilishini, xoʻjalik sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning erkinlashtirilishini nazarda tutadigan, tekshirishlar oʻtkazish va hisobotlar taqdim etish tizimini tartibga soladigan bir qator qarorlari qabul qilinganligi tadbirkorlikni huquqiy himoya qilish tizimini shakllantirishda muhim bosqich boʻlib xizmat qildi. Chunonchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat organlari faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tahlil qilish reja asosidagi tekshirishlar soni asta-sekin kamayib borayotganligini koʻrsatmoqda. Biroq, reja asosidagi tekshirishlar soni qisqarishi bilan bir vaqtda rejadan tashqari tekshirishlar koʻpayib borayotganligi tamoyili kuzatilmoqda: agar 2005-yilning 9 oyi mobaynida faoliyati oʻrganib chiqilgan organlar tomonidan oʻtkazilgan rejadan tashqari tekshirishlar jami tekshiruvlar sonining 19,3 foizini tashkil etgan boʻlsa, 2006-yilning shu davrida bu koʻrsatkich 21,9 foizni tashkil qildi.
Monitoring shuni koʻrsatdiki, agar huquqni qoʻllovchi ayrim organlar qonun hujjatlarining tadbirkorga nisbatan huquqiy taʼsir choralarini faqat sud tartibida qoʻllash haqidagi talabini buzayotgan boʻlsalar, boshqa organlarda qonun hujjatlarining ayrim hollarda huquqni qoʻllovchi organga moliyaviy sanksiyani mustaqil qoʻllashga ruxsat beradigan normalarini oʻz bilgicha talqin etish oqibatida notoʻgʻri amaliyot shakllangan.
Qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish zarurligi bilan bir qatorda yuqorida qayd etilgan muammolarning paydo boʻlishiga olib kelgan sabablar orasida davlat organlari xodimlarining huquqiy madaniyati yuqori emasligini, yangi qabul qilinayotgan va yangilanayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni xodimlarning eʼtiboriga yetkazish va ularni bu hujjatlar bilan tanishtirib borishning samarali tizimi yoʻqligini koʻrsatish mumkin.
Qonunni buzish holatlarini aniqlash, fuqarolarning, shu jumladan tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish, shuningdek aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan adliya organlari taʼsirchan choralar koʻrmoqda. Xususan, 2006-yilning 9 oyi davomida adliya organlariga fuqarolar va tadbirkorlardan 9511 ta shikoyat va ariza tushdi, 7164 ta murojaat boʻyicha fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi. Ishonch telefonlari orqali adliya organlariga murojaat etgan 573 nafar tadbirkorning huquqlariga rioya etilishi taʼminlandi. Davlat boshqaruvi organlari va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan 3404 ta taqdimnoma, 2130 ta ogohlantirish va 176 ta koʻrsatma kiritildi, 1846 ta gʻayriqonuniy qaror bekor qilindi. Mazkur huquqiy taʼsir choralari asosida 3233 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, 246 nafar shaxs egallab turgan lavozimidan ozod qilindi, 310 nafar shaxs maʼmuriy hamda 76 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Etkazilgan moddiy zarar va maʼnaviy ziyonni undirish maqsadida sudlarga 41,4 milliard soʻm va 215 ming AQSh dollari miqdorida 15446 ta daʼvo arizasi kiritildi. Shulardan 13334 ta daʼvo arizasi sudlar tomonidan toʻliq qanoatlantirildi, ular boʻyicha undirilgan summa 27,7 milliard soʻmni va 149,6 ming AQSh dollarini tashkil etdi.
Shu bilan birga, Adliya vazirligining huquqiy madaniyatni oshirish sohasidagi faoliyatida bir qator masalalar borki, ularni yanada chuqurroq ishlab chiqish va amalga oshirish talab qilinadi. Xususan, 1997-yilda parlament tomonidan tasdiqlangan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturiga muvofiq Vazirlik zimmasiga davlat tuzilmalari va jamoat birlashmalarining aholi huquqiy madaniyatini oshirish sohasida keng hamkorlik qilishini taʼminlash bilan bogʻliq ishlarni muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan edi. Biroq amaliyot shuni koʻrsatmoqdaki, bu yoʻnalishdagi ish kutilgan natijalarni bermadi. Buning sabablaridan biri ilmiy-ommabop huquqiy adabiyotlarni va koʻrgazmali qurollarni nashr etish faoliyati yetarli darajada moliyalanmaganligidir. Holbuki, buning uchun zarur sharoitlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini oʻrganish ishini yaxshilash haqida”gi 1997-yil 25-iyunda qabul qilingan Farmonida nazarda tutilgan edi.
Bundan tashqari, Vazirlikning jamiyatni huquqiy axborotlashtirish tizimini takomillashtirish, shuningdek davlat boshqaruvi organlarida va mahalliy davlat hokimiyati organlarida qonun hujjatlarining tizimlashgan hisobini yuritish boʻyicha takliflar ishlab chiqish sohasidagi faoliyatini kuchaytirish zarur.
Shunday qilib, ijtimoiy-siyosiy hayotni, davlat tuzilishini, shu jumladan sud-huquq sohasini erkinlashtirishga, inson huquq va erkinliklari himoya qilinishini taʼminlashga qaratilgan qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari hamda Hukumat qarorlari bajarilishini taʼminlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan sobitqadam ish olib borilmoqda. Tadbirkorlar va xususiy mulk egalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlari yaratildi, huquqni qoʻllash amaliyotini doimiy tahlil etish va uning monitoringini olib borish hamda amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan asosli takliflar tayyorlash tizimi ishlab chiqildi va joriy etildi. Shu bilan birga mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va sud-huquq sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar adliya organlarining faoliyatini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri B. Mustafoyevning davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari tomonidan qonunlarni ijro etishning holati toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonun ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosati yuritilishini taʼminlash, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shu jumladan prokuratura va sudlov ishlarini amalga oshirish organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida normativ-huquqiy hujjatlar amalga oshirilishini doimiy nazorat qilib borish, davlat organlarining jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni oshirishga hamda qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targʻibot ishlarini muvofiqlashtirib borish sohasida muayyan ishlarni amalga oshirganligi eʼtirof etilsin.
3. Adliya vazirligining huquqiy madaniyatni oshirish, jamiyatni huquqiy axborotlashtirish tizimini yoʻlga qoʻyish, shuningdek davlat boshqaruvi organlarida va mahalliy davlat hokimiyati organlarida qonun hujjatlarining tizimlashgan hisobini yuritish sohasida takliflar ishlab chiqish borasidagi faoliyatini takomillashtirish zarurligiga eʼtibor qaratilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagilar topshirilsin:
davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat organlarining qonun ijodkorligi va huquqni qoʻllash faoliyati ustidan monitoringni kuchaytirish;
normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish, eʼlon qilish va manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkazish, shuningdek ularni qoʻllanish boʻyicha belgilangan tartib vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar tomonidan bajarilishiga oid ishini nazorat qilishni kuchaytirish;
davlat boshqaruvi organlarida va mahalliy davlat hokimiyati organlarida qonun hujjatlarining tizimlashgan hisobini yuritish qoidalarini, shuningdek ularning ijrosini nazorat qilish mexanizmini ishlab chiqish;
davlat xizmatchilarining ham, aholining ham huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan taʼsirchan choralarni koʻrish. Huquqiy targʻibotni tashkil etishda quyidagi yoʻnalishlarga alohida eʼtibor berish:
davlat va jamiyat hayotining hamma sohalarini oʻzgartirish jarayonida davlat oldida turgan vazifalar muvaffaqiyatli hal etilishiga yordamlashish;
fuqarolar, tadbirkorlar va fermyerlarning huquq hamda qonuniy manfaatlari barcha choralar bilan himoya qilinishini taʼminlash;
oʻsib kelayotgan avlodni va yoshlarni qonun talablarini ogʻishmay bajarish ruhida tarbiyalash, ularda faol hayotiy pozitsiyani, qonunlarning buzilishiga va qonunbuzarlarga murosasizlikni shakllantirish;
fuqarolik, uy-joy, oila, yer haqidagi, tabiatni muhofaza qilish va sogʻliqni saqlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari muammolarini yoritish;
zimmaga yuklatilgan vakolatlarni amalga oshirish maqsadida oliy, oʻrta maxsus va kasb-hunar oʻquv yurtlari talabalari hamda oʻquvchilari uchun yuridik darsliklar, oʻquv qoʻllanmalarini, normativ-huquqiy hujjatlar toʻplamlarini, shuningdek ilmiy-ommabop va boshqa yuridik adabiyotlar nashr etish rejalarini ishlab chiqish va ularning nashr qilinishini tashkil etish ishlarini kuchaytirish;
jamiyatni huquqiy axborotlashtirish tizimini takomillashtirish dasturlari va tadbirlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ushbu Qarorni ijro etishning borishi haqida 2007-yil 1-iyulgacha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot bersin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2006-yil 1-dekabr,
275-I-son
