“Elektron hukumat” tizimini joriy etishga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri X. Mirzaxidovga parlament soʻrovi yuborish haqida (SQ-133-III-son)
13.12.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri X. Mirzaxidovga “Elektron hukumat” tizimini joriy etishga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi toʻgʻrisida parlament soʻrovi yuborish haqidagi taklifini koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri X. Mirzaxidovga “Elektron hukumat” tizimini joriy etishga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi toʻgʻrisida parlament soʻrovi (ilova qilinadi) yuborish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri X. Mirzaxidovga yuborilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri X. Mirzaxidov parlament soʻrovini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha 2017-yil 1-fevralgacha Senatga yozma javob taqdim etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi (B. Matmuratov) parlament soʻroviga javob Senatga kelib tushgach, uning nusxalari Senat aʼzolariga yuborilishi, zarur deb topilgan taqdirda javob Senat majlisida muhokama qilinishi uchun tegishli tayyorgarlik ishlarini amalga oshirsin.
5. Ushbu Qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari S. Artikova zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOSHEV
Toshkent sh.,
2016-yil 13-dekabr,
SQ-133-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016-yil 13-dekabrdagi SQ-133-III-sonli qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri X. Mirzaxidovga
PARLAMENT SOʻROVI
(“Elektron hukumat” tizimini joriy etishga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi toʻgʻrisida)
Davlat boshqaruviga, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalariga zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini, “elektron hukumat” tizimini jadal tatbiq etish, telekommunikatsiya infratuzilmasini va maʼlumotlarni uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatimizda milliy axborot tizimini shakllantirish, iqtisodiyot va jamiyat faoliyatining barcha sohalarida zamonaviy axborot texnologiyalari hamda telekommunikatsiya vositalaridan foydalanish koʻlamini kengaytirish, elektron hukumatni shakllantirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida qator qonunlar qabul qilindi. “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi, “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi, “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”gi, “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi, “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Qayd etish joizki, 2015-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi. Qonunga asosan Vazirlik zimmasiga elektron hukumatni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va elektron hukumat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, davlat organlarining elektron hukumat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib borish, elektron hukumat sohasidagi monitoringni amalga oshirish, elektron davlat xizmatlari koʻrsatilishi sifatini, shuningdek elektron hukumat loyihalarini amalga oshirish samaradorligining maqsadli koʻrsatkichlariga erishilishi darajasini baholash vazifalari yuklatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 4-fevraldagi PF-4702-sonli Farmoniga asosan Vazirlik “elektron hukumat”ni joriy etishda yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.
Shuningdek, Vazirlik davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborotlashtirish va interaktiv davlat xizmatlarini takomillashtirish borasidagi faoliyatini idoralararo muvofiqlashtirish, monitoring qilish, baholash va nazorat qilish kabi vazifalarni ham bajaradi.
“Elektron hukumat” tizimini joriy etishni jadallashtirish davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligining, jumladan boshqaruv va maʼmuriy ish unumdorligining oshishiga, ularning jamiyat oldidagi hisobdorligini, ochiqligini taʼminlashga xizmat qiladi. Aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun davlat xizmatlari koʻrsatishning sifati va ulardan foydalanish qulayliklari oshadi.
Biroq, “elektron hukumat” tizimini joriy etish yuzasidan amalga oshirilgan dastlabki tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, sohada oʻz yechimini kutayotgan masalalar va toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud.
Xususan, Vazirlik zimmasiga yuklatilgan “elektron hukumat”ni joriy etishga doir vazifalar talab darajasida amalga oshirilmayotganligi sababli ayrim davlat organlari oʻz ishida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yetarli darajada joriy qilmagan.
“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etishda ham qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmoqda. “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida elektron hukumatning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda elektron hujjat aylanishi, davlat organlarining oʻzaro hamkorligi va ularning maʼlumotlar bazalari oʻrtasida axborot almashinuvi mexanizmlarini shakllantirish hisobiga davlat boshqaruvi tizimida “bir darcha” prinsipini joriy etish vazifasi hanuzgacha toʻliq bajarilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi PQ-1989-sonli, 2014-yil 3-apreldagi PQ-2158-sonli qarorlari hamda 2015-yil 4-fevraldagi PF-4702-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar dasturlarida belgilangan tadbirlar oʻz vaqtida amalga oshirilmay qolmoqda. Foydalanuvchilarni qoʻllab-quvvatlash markazlari faoliyat yuritmayotganligi, “2013 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida telekommunikatsion texnologiyalar, tarmoqlar va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish dasturi”da belgilangan ayrim tadbirlarning bajarilmayotganligi shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, hududlarda, xususan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya tizimini joriy etish sustligicha qolmoqda, ularning veb-saytlari yangilab borilmayapti. Joylarda interaktiv davlat xizmatlari, shu jumladan “bir darcha” tamoyili boʻyicha xizmatlar koʻrsatish samarali yoʻlga qoʻyilmagan.
Bu borada, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi kompyuterlashtirish markazlarining ishi samarali tashkil etilmagan.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati:
1. “Elektron hukumat” tizimini joriy etish yuzasidan Vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalar amalga oshirilishining holati;
2. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari faoliyatiga “Elektron hukumat”ni joriy etish yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar;
3. Aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda elektron hujjat aylanishi, davlat organlarining oʻzaro hamkorligi va ularning maʼlumotlar bazalari oʻrtasida axborot almashinuvi mexanizmlarini shakllantirish hisobiga davlat boshqaruvi tizimida “bir darcha” prinsipini joriy etish yuzasidan bajarilgan ishlar;
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi PQ-1989-sonli, 2014-yil 3-apreldagi PQ-2158-sonli qarorlarida va 2015-yil 4-fevraldagi PF-4702-sonli Farmonida hamda boshqa chora-tadbirlar dasturlarida belgilangan vazifalarning ijro etilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda ularning oʻz muddatlarida bajarilmayotganligi sabablari;
5. Mahalliy davlat hokimiyati organlari, xususan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya tizimini joriy etish hamda ularning veb-saytlarini yangilash holati;
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi kompyuterlashtirish markazlari faoliyati samaradorligining ahvoli toʻgʻrisida yozma shaklda asoslantirilgan tushuntirish berish yoki oʻz nuqtai nazaringizni bayon qilish talabi qoʻyilgan parlament soʻrovi bilan Sizga murojaat etadi hamda javobingiz Senatning navbatdagi majlisida muhokama qilinishi va uning yakunlari boʻyicha qaror qabul qilinishini maʼlum qiladi.
