“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining oʻn toʻqqiz yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarorini qoʻllanish tartibi haqida (254-II-son)
05.12.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining oʻn toʻqqiz yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qarorining amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining oʻn toʻqqiz yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarorini qoʻllanish tartibi haqidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Amnistiya akti qoʻllanilishi tartib-taomillarida jamoatchilik nazoratini va ochiq-oshkoralikni taʼminlash uchun senatorlar hamda Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) mintaqaviy vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuzilsin. Ishchi guruhlar tarkibiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlarining deputatlari (kelishuvga muvofiq) kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2011-yil 5-dekabr,
254-II-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2011-yil 5-dekabrdagi 254–II-sonli Qarori bilan TASDIQLANGAN
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining oʻn toʻqqiz yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarorini qoʻllanish tartibi haqida
NIZOM
1. “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining oʻn toʻqqiz yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarori (bundan buyon matnda Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror deb yuritiladi) u kuchga kirgunga qadar jinoyat sodir etgan va Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarga, ular jazoni qayerda oʻtayotganligidan qatʼi nazar, qoʻllaniladi.
2. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorga koʻra asosiy jazodan ozod etilgan mahkumlar qoʻshimcha jazolardan ozod qilinmaydi.
3. Amnistiyani qoʻllanish toʻgʻrisidagi qaror har bir shaxsga nisbatan yakka tartibda qabul qilinadi. Zarur maʼlumotlar boʻlmagan taqdirda, amnistiyani qoʻllanish masalasini koʻrib chiqish qoʻshimcha materiallar olingunga qadar, lekin ikki oydan koʻp boʻlmagan muddatga kechiktirib turiladi. Shundan keyin qaror mavjud hujjatlar asosida qabul qilinadi. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni ijro etuvchi organlarning soʻrovlari darhol bajariladi.
4. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanishda qonunda belgilangan tartibda sudlanganlik tugallangan yoki olib tashlanganligi hisobga olinmaydi. Jinoyat toʻgʻrisidagi amaldagi qonun hujjatlariga binoan jinoyat hisoblanmaydigan qilmishlar uchun hukm etilgan shaxslar ham sudlanmagan deb hisoblanadi.
Muqaddam afv etish yoki amnistiya tartibida jazodan ozod qilingan shaxslar deganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarorlari asosida:
sudlanganlik tugallanganligi yoki olib tashlanganligidan qatʼi nazar, sud tomonidan tayinlangan jazodan ozod qilinganlarni;
sud hukmi chiqarilmagan holda jinoiy javobgarlikdan ozod qilinganlarni tushunish kerak.
5. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanish sudlar tomonidan:
oʻz ish yurituvida (barcha instansiyalarda) qaysi shaxslarning jinoyatlari haqidagi ishlar va materiallar boʻlsa, shu shaxslarga nisbatan;
hukmi qonuniy kuchga kirgan, biroq ijro etilmagan, qamoqda saqlanmayotgan shaxslarga nisbatan;
jinoyatlari haqidagi ishlar va materiallar tergov va surishtiruv organlari ish yurituvida boʻlgan shaxslarga nisbatan — prokurorning iltimosnomasiga koʻra;
jazoni oʻtayotgan mahkumlarga nisbatan — jazoni ijro etish muassasasi yoki organining boshligʻi (harbiy xizmatchilarga nisbatan harbiy qism yoki intizomiy qism komandiri) tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida prokurorning iltimosnomasiga koʻra amalga oshiriladi.
Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanish masalasi sudlar tomonidan koʻrib chiqilayotganda prokurorning ishtirok etishi shart.
6. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni uch oylik muddat oʻtganidan keyin qoʻllanish masalasi sudlar tomonidan hal etiladi.
7. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 1-bandini qoʻllanishda oʻta ogʻir boʻlmagan jinoyatlar sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazodan, shuningdek ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolardan ozod etiladi.
Mazkur bandni qoʻllanish vaqtida:
a) “a” va “b” kichik bandlari taʼsir doirasiga, yoshidan qatʼi nazar, ayollar va jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga toʻlmagan shaxslar tushadi;
b) “v” kichik bandi taʼsir doirasiga 1951-yil 6-dekabrga qadar tugʻilgan erkaklar tushadi;
v) “g” kichik bandi taʼsir doirasiga jinoyat sodir qilgunga qadar doimiy yashash joyi Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida boʻlgan va ozod etilganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi uchun qonuniy asoslar boʻlmagan chet davlat fuqarosi boʻlgan shaxslar tushadi.
Fuqarolikka mansublik milliy pasportlar boʻyicha ham, boshqa hujjatlar boʻyicha ham, shu jumladan tegishli davlatlar elchixonalarining yoxud konsullik muassasalarining rasmiy tasdiqlovchi hujjatlari boʻyicha aniqlanadi. Amnistiya qilinadigan shaxslarning fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmagan taqdirda, ularning fuqaroligi doimiy yashab kelgan mamlakatlarining amaldagi qonun hujjatlari boʻyicha aniqlanadi.
Amnistiya qilinadigan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga muvofiq aniqlanadi.
Chet davlat fuqarolaridan faqat jinoyat sodir qilingunga qadar Oʻzbekiston Respublikasida doimiy roʻyxatdan oʻtganlar va ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan tartibda shu mamlakatda yashash guvohnomasi berilganlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet davlat fuqarolari hisoblanadi.
Chet davlatlarning tegishli organlaridan bunday shaxslarning fuqaroligi yoki ularning muqaddam sudlanganligi masalalariga doir zarur maʼlumotlar olish xalqaro shartnomalarga asosan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish uchun qonuniy asoslari boʻlmagan chet el fuqarolari Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror asosida jazodan ozod etilgach, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 21-noyabrdagi 408-sonli Qarorida belgilangan tartibda mamlakatdan deportatsiya qilinadi.
Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni ijro etuvchi organlar oʻz ish yurituvlarida chet davlat fuqarolariga nisbatan ishlar boʻlgan taqdirda, bu shaxslarni mamlakatdan deportatsiya qilish zarurligi haqida tegishli idoralarga darhol xabar qilishlari shart.
8. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 2-bandi taʼsir doirasiga ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslar, shuningdek ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaxslar, tayinlangan jazo turi va miqdoridan qatʼi nazar, tushadi.
9. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 3-bandi taʼsir doirasiga:
Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirgunga qadar qonunda belgilangan tartibda birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi deb topilgan shaxslar;
Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirgunga qadar bir yildan oshmagan muddat ichida jazoni ijro etish yoki yashash joyidagi davolash muassasalarining tibbiy komissiyalari qaroriga asosan aktiv shakldagi sil kasalligiga (1 va 2-guruh dispanser hisobidagilar) chalingan deb topilgan mahkumlar tushadi.
Ushbu band javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirganligi uchun hukm qilingan shaxslarga (Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 97-moddasining ikkinchi qismi) qoʻllanilmaydi.
Bu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari tugatilmaydi. Ularni tergov qilish va sudda koʻrib chiqish umumiy tartibda amalga oshiriladi va asoslar boʻlsa, sud Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 463-moddasi ikkinchi qismining 1-bandi talablariga asosan ayblov hukmi chiqarib, aybdorni mazkur hukm bilan tayinlangan asosiy jazodan ozod qiladi.
10. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 4-bandi taʼsir doirasiga sodir etgan jinoyatining ogʻirlik darajasi, tayinlangan jazo miqdoridan qatʼi nazar, ozodlikdan mahrum qilinib, Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror eʼlon qilingan kunga qadar ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtash uchun amalda ikki yildan koʻp boʻlmagan muddat qolgan mahkumlar tushadi.
Ushbu band javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirganligi uchun hukm qilingan shaxslarga (Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 97-moddasining ikkinchi qismi) qoʻllanilmaydi.
11. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 5-bandi taʼsir doirasiga taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslar tushadi.
12. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 6-bandi taʼsir doirasiga sodir etgan jinoyatining ogʻirlik darajasi va tayinlangan jazo miqdoridan qatʼi nazar, ozodlikdan mahrum qilinib, Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror eʼlon qilingan kunga qadar ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtash uchun amalda uch yildan koʻp boʻlmagan muddat qolgan mahkumlar tushadi.
13. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 7-bandi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 68-moddasidagi asoslar boʻyicha qoʻllanilganida, yaʼni shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilganida, tergovga qadar tekshiruv materiallari hamda Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 1 va 2-bandlarida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga oid jinoyat ishlari Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 8-bandi bilan belgilangan cheklashlarni hisobga olgan holda tugatilishi kerak.
Surishtiruvchi, tergovchi amnistiya aktiga koʻra jinoyat ishini qoʻzgʻatish rad etilishi kerak boʻlgan tergovga qadar tekshiruv materiallari, shuningdek tugatilishi lozim boʻlgan jinoyat ishlari boʻyicha prokurorga amnistiya aktini qoʻllanish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritadi va unga tergovga qadar tekshiruv materialini yoki jinoyat ishini topshiradi.
Prokuror taqdimnomani tergovga qadar tekshiruv materiali yoki jinoyat ishi bilan birgalikda oʻrganib, rozi boʻlgan taqdirda, amnistiya aktini qoʻllanish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritadi.
Sud iltimosnomani prokuror va manfaatdor shaxslar ishtirokida koʻrib chiqib, amnistiya aktini qoʻllanish toʻgʻrisida yoki prokurorning iltimosnomasini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Ayni bir vaqtda sud manfaatdor shaxslarga qabul qilingan qaror ustidan shikoyat berish tartibini tushuntiradi.
Jinoyat ishining amnistiya akti asosida tugatilishiga, agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, u vafot etgan taqdirda esa, uning yaqin qarindoshlaridan biri bunga eʼtiroz bildirsa, yoʻl qoʻyilmaydi. Bunday holda jinoyat ishi boʻyicha ishni yuritish umumiy tartibda davom ettiriladi va asoslar boʻlsa, sud Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 463-moddasi uchinchi qismining 1-bandi talablariga muvofiq jazo tayinlamasdan ayblov hukmi chiqaradi.
Har ikkala holatda ham bunday shaxslarning harakatlari oqibatida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash masalasi fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida hal qilinadi.
14. Jazoni ijro etish muassasasi yoki organining boshligʻi (harbiy xizmatchilarga nisbatan harbiy qism yoki intizomiy qism komandiri) prokurorga mahkumga nisbatan amnistiya aktini qoʻllanish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritadi va unga mahkumning shaxsiy yigʻmajildini topshiradi.
Prokuror taqdimnomani mahkumning shaxsiy yigʻmajildi bilan birgalikda oʻrganib, rozi boʻlgan taqdirda, amnistiya aktini qoʻllanish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritadi.
Sud iltimosnomani prokuror va manfaatdor shaxslar ishtirokida koʻrib chiqib, amnistiya aktini qoʻllanish toʻgʻrisida yoki prokurorning iltimosnomasini rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Ayni bir vaqtda sud manfaatdor shaxslarga qabul qilingan qaror ustidan shikoyat berish tartibini tushuntiradi.
15. Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror 8-bandining “a” kichik bandiga muvofiq, uning amal qilishi uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga; oʻta xavfli retsidivistlarga; jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etganlarga; jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzayotgan shaxslarga; shuningdek oʻlim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
15.1. Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror 8-bandining “b” kichik bandiga muvofiq ushbu Qaror 1-bandining amal qilishi oʻta ogʻir jinoyat sodir etgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
15.2. Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror 8-bandining “v” kichik bandiga muvofiq ushbu Qaror 1 — 4, 6 va 7-bandlarining amal qilishi taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir qilganligi uchun sudlangan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
Taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir qilganligi uchun hukm qilingan shaxslar deganda mansabga sovuqqonlik bilan qarash, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va hokimiyat harakatsizligi kabi qilmishlari bilan mazkur jinoyatlar sodir etilishiga imkon yaratib bergan mansabdor shaxslar, hokimiyat vakillari va zimmasida shunday vakolatlari boʻlgan shaxslar ham tushunilishi kerak.
Shu bilan birga yuqorida bayon etilganlar qaysi shaxslarga nisbatan jinoyat ishi dastlabki tergov bosqichida turgan va hali sudda koʻrilmagan boʻlsa, shu shaxslarga ham tatbiq etiladi.
15.3. Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror 8-bandining “g” kichik bandiga muvofiq 4 — 6-bandlarning amal qilishi muqaddam amnistiya tartibida jazodan ozod boʻlgan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
15.4. Jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzayotgan shaxslar deganda:
a) jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati tomonidan qoʻllanilib, Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror eʼlon qilingan kunga qadar tugallanmagan va olib tashlanmagan ikkita va undan ortiq intizomiy jazosi boʻlgan mahkumlarni;
b) axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazo ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan shaxslarni;
v) shartli hukm qilinib, hukmda tayinlangan jazoni oʻtash uchun yuborilgan mahkumlarni;
g) manzil-koloniyalardan tegishli tartibli koloniyalarga oʻtkazilgan yoki qaytarilgan mahkumlarni;
d) jazoni oʻtash vaqtida, hukm ijrosi kechiktirilgan davrda yoki sinov muddatida qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarni hisoblash lozim.
Bunda:
ushbu bandning “b”, “v”, “g” kichik bandlarida qayd etilgan shaxslar, agar ular hibsga olingan kundan eʼtiboran bir yildan kam muddat oʻtgan boʻlsagina, jazo oʻtash tartibini muntazam buzuvchilar deb hisoblanadi;
ushbu bandning “d” kichik bandida qayd etilgan shaxslarga (ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtash davrida qasddan jinoyat sodir etgan shaxslar bundan mustasno) nisbatan Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror, agar hukm qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran bir yildan ortiq muddat oʻtgan boʻlsa, qoʻllanilishi mumkin.
16. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 5-bandi taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslarga qoʻllanilishi mumkin.
Tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bu toifadagi shaxslarga, ularning yoshi, jinsi va fuqaroligidan qatʼi nazar, Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 5-bandi:
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligining tegishli xulosasi;
mahkumning sodir etgan jinoyatdan chin koʻngildan pushaymonligi toʻgʻrisidagi yozma arizasi;
jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatining mahkumning amalda pushaymonligi toʻgʻrisidagi xulosasi;
mahkumning yaqin qarindoshlari hamda uning yashash joyidagi fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining kafillik xati boʻlgan taqdirda qoʻllanilishi mumkin.
17. Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror asosida jazodan ozod etilgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi va himoyasiga oid choralarni amalda roʻyobga chiqarish bilan bogʻliq masalalarni oʻz vaqtida va samarali tarzda hal etish maqsadida prokuratura organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi adliya idoralari va sudlar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlari orasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy komissiyalar tuziladi.
18. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
jazodan ozod qilingan shaxslar toʻliq hisobga olinishini taʼminlash va ularni ishga joylashtirish;
yolgʻiz, yordamga muhtoj shaxslarni nogironlar va qariyalar uylariga joylashtirish;
voyaga yetmaganlarni ota-onalarining, vasiylik va homiylik organlarining nazoratiga topshirish, zarur hollarda ularni tegishli taʼlim muassasalariga yuborish.
19. Tuman va shahar hokimlariga hududiy komissiyalar va jamoat birlashmalari bilan birgalikda Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror asosida jazodan ozod etilgan shaxslarga, ayniqsa voyaga yetmaganlarga va taqiqlangan tashkilotlarning sobiq aʼzolariga nisbatan koʻrilayotgan tarbiyaviy taʼsir choralarining uzluksizligini taʼminlash yuklatiladi.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlaridan tezkor guruhlar tashkil etilishini taʼminlaydi. Tezkor guruhlarga rahbarlik qilish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining muassasalari joylashgan hududlardagi tegishli prokurorlar tomonidan amalga oshiriladi. Tezkor guruhlarning asosiy vazifalari Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning har bir mahkumga nisbatan alohida, ogʻishmay va xolisona qoʻllanilishi hamda qonuniylik buzilishlarining oldini olish ustidan nazoratni amalga oshirishdan iborat.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror asosida jazodan ozod etilgan 1 va 2-guruh dispanser roʻyxatidagi sil kasalligiga chalingan shaxslarning hisobga olinishini tashkil etishni va maxsus davolash muassasalariga yuborilishini (Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda);
Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror asosida jazodan ozod qilinayotgan chet davlat fuqarolarining hisobga olinishini tashkil etishni hamda Oʻzbekiston Respublikasidan deportatsiya qilinishini (Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda) taʼminlaydi.
22. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning qoʻllanilishi tartib-taomillarida jamoatchilik nazorati va ochiq-oshkoralikni taʼminlash maqsadida senatorlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlarining deputatlari, Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) mintaqaviy vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuziladi. Ishchi guruhlarning amnistiya aktini qoʻllanish tartib-taomillarida jamoatchilik nazorati va ochiq-oshkoralikni taʼminlashdagi asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
jinoiy jazoni ijro etish muassasalari va organlarini borib koʻrish, mahkumlar bilan suhbatlar oʻtkazish hamda ularning shaxsiy yigʻmajildlari bilan tanishish;
surishtiruv va dastlabki tergov organlari ish yurituvidagi tergovga qadar tekshiruv materiallari va jinoyat ishlari bilan tanishish;
amnistiya aktini qoʻllanish boʻyicha tergovga qadar tekshiruv materiallarini oʻrganishda va koʻrib chiqishda bevosita ishtirok etish;
amnistiya akti boʻyicha ozod qilingan shaxslar bilan olib borilayotgan ishlar holatini monitoring qilish;
amnistiya aktining ijro etilishi jarayoni ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etish.
Zimmaga yuklatilgan vazifalarni bajarish jarayonida hamda fuqarolarning huquq va erkinliklariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash maqsadida amnistiya akti qoʻllanilishi tartib-taomillarida jamoatchilik nazorati va ochiq-oshkoralikni taʼminlovchi ishchi guruhlarning asosiy eʼtibori amnistiya aktini qoʻllanishdagi suiisteʼmolliklar va uni noqonuniy qoʻllanish yoki qoʻllanishni noqonuniy ravishda rad qilish hollarini aniqlashga qaratilishi kerak. Aniqlangan qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi materiallar koʻrib chiqish va choralar koʻrish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga hamda Bosh prokuraturasiga yuboriladi.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Nizomning 18, 19 va 21-bandlarida qayd etilgan vazirliklarning va mahalliy davlat hokimiyati organlarining (hokimlarning) faoliyati ustidan umumiy rahbarlikni amalga oshiradi.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni taʼminlaydi.
