Fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, huquq ijodkorligi, huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosati olib borilishini taʼminlash borasida adliya organlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri N.T. Yoʻldoshevning axboroti haqida (274-II-son)
06.12.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (78, 80, 93, 96 va 98-moddalariga)”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunidan kelib chiqadigan talablarni amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining chora-tadbirlar dasturini ijro etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan 2011-yil 25-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri N.T. Yoʻldoshevga “Fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, huquq ijodkorligi, huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosati olib borilishini taʼminlash borasida adliya organlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” parlament soʻrovi yuborilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri N.T. Yoʻldoshevning parlament soʻrovi yuzasidan axborotini tinglab, shuni qayd etadiki, fuqarolar huquqiy ongini oshirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalari boʻyicha davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida adliya organlari tomonidan muayyan ishlar qilingan. Chunonchi, huquqiy targʻibot boʻyicha 2011-yilning 9 oyi davomida davlat organlari tomonidan 166 691 ta tadbir, bevosita adliya organlari tomonidan esa 39 286 ta tadbir oʻtkazilgan.
Huquqiy targʻibot sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda ishlashi yoʻlga qoʻyilgan. Xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida adliya organlari va muassasalari tomonidan Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi bilan birgalikda 4 954 ta tadbir oʻtkazilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining tashabbusi bilan oʻrta maxsus oʻquv yurtlari oʻquvchilari oʻrtasida tanlovlar oʻtkazilmoqda, shuningdek ijtimoiy audioroliklar, tarqatma materiallar tayyorlanmoqda. Adliya organlari va muassasalarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborot ularning rasmiy veb-saytlarida joylashtirilmoqda. Huquqiy targʻibot sohasida jumladan “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo”, “Jamiyat”, “Adolat” gazetalarining tahririyatlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda “Axborot”, “Davr”, “Poytaxt” va “Hudud” axborot dasturlarining namoyishi doirasida dolzarb huquqiy mavzular boʻyicha chiqishlar tashkil etilgan. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining aholi oʻrtasidagi targʻibotiga alohida eʼtibor berilgan. Turli huquqiy mavzularda oylik tadbirlar oʻtkazishni tashkil etish kabi huquqiy targʻibot shakli takomillashtirilmoqda.
Norma ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosatini izchil amalga oshirish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 14 ta davlat organining faoliyati oʻrganilgan, natijada uch mingdan ortiq qonun buzilishi holatlari aniqlangan. Jumladan, davlat organlari faoliyatida ichki nazoratni amalga oshirishda kamchiliklar, qonun hujjatlarida huquqiy boʻshliq, havolaki norma va ziddiyatlar mavjud, davlat organlari tomonidan fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish va ular yuzasidan qonuniy qarorlar qabul qilish masalalariga yetarli darajada eʼtibor qaratilmayotir.
Parlament soʻrovi yuzasidan axborotda qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamenti talablariga muvofiq huquqiy ekspertizadan oʻtkazilmasdan qaytarilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining soni 256 tani yoki jami taqdim etilgan loyihalarning 30,6 foizini tashkil etgan.
2011-yilning 9 oyi davomida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni qonun hujjatlariga muvofiq qayta koʻrib chiqish haqida 37 ta taqdimnoma, shuningdek belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtmagan hujjatlarni bekor qilish va ijrodan chaqirib olish haqida 7 ta taqdimnoma kiritilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-1602-sonli Qarorida Davlat organlarining huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasidagi ishini muvofiqlashtiruvchi idoralararo kengashni tuzish nazarda tutilgan. Ushbu topshiriqni qisqa muddat ichida roʻyobga chiqarish davlat organlarining huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasidagi ishini muvofiqlashtirish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatining samaradorligini oshirishga imkon beradi.
Shu bilan birga fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, huquq ijodkorligi, huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosati olib borilishini taʼminlash borasida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatida ayrim kamchiliklar mavjudligini qayd etish lozim.
Chunonchi, huquqiy targʻibot va huquqiy taʼlimning holatini, adliya organlari va muassasalari uchun huquqiy axborotni toʻplash, qayta ishlashning dasturiy-texnik vositalari hamda texnologiyalarini joriy etish, davlatlararo huquqiy axborot almashinuvini amalga oshirish yakunlarini tahlil qilish boʻyicha ishlarni faollashtirish maqsadga muvofiqdir.
Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatini yaxshilash maqsadida vazirlik va idoralarning loyihalarni ishlab chiqish uchun masʼul boʻlgan xodimlari malakasini oshirish boʻyicha qilinayotgan ishning samaradorligi yanada yuqori boʻlishi talab qilinadi, bu esa tegishincha huquq ijodkorligi, huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosati yuritilishini taʼminlashga imkon beradi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining norma ijodkorligi sohasidagi ish amaliyotining tahlili shuni koʻrsatadiki, mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, eʼlon qilish va manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkazishning belgilab qoʻyilgan tartibiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish borasida adliya organlari faoliyatini kuchaytirish zarur.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri N.T. Yoʻldoshevning fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, huquq ijodkorligi, huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosati olib borilishini taʼminlash borasida adliya organlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi axborotini tinglab va muhokama etib, adliya organlarining ushbu yoʻnalishdagi faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida quyidagilar belgilansin:
davlat organlari, jamoat birlashmalarining huquqiy targʻibot boʻyicha ishlarini samarali muvofiqlashtirish doirasida olib borilayotgan tadbirlarning taʼsirchanligi va natijalari monitoring qilinishini taʼminlash;
adliya organlariga huquqiy ekspertizaga taqdim etilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatini oshirish boʻyicha kompleks tadbirlarni roʻyobga chiqarish;
mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, eʼlon qilish hamda manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkazishning belgilab qoʻyilgan tartibiga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrish;
norma ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosatini izchil roʻyobga chiqarish borasidagi faoliyat samaradorligini oshirish, davlat organlarining mazkur sohada yoʻl qoʻyilayotgan qonun buzilishi holatlarini tizimli asosda tahlil etib borish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri (N.T. Yoʻldoshev) muhokama qilingan masala yuzasidan qayd etib oʻtilgan kamchiliklarning kelib chiqishiga imkoniyat yaratgan sabablarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar koʻrsin va shu toʻgʻrisidagi axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga 2012-yil 10-yanvarga qadar taqdim etsin.
3. Ushbu Qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi (S.B. Artikova) zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2011-yil 6-dekabr,
274-II-son
