Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish va aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan parlament nazoratini yanada kuchaytirish toʻgʻrisida (568-IV-son)
17.11.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligini oshirish, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Prezidentimizning tibbiyot sohasining birlamchi tizimini isloh qilish, tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirish, farmatsevtika tarmogʻini yanada rivojlantirish, “elektron sogʻliqni saqlash” tizimini tatbiq etishga qaratilgan qator farmon va qarorlari qabul qilindi.
Bunda sogʻliqni saqlash tizimini bugungi bosqichda isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlari etib birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini har tomonlama mustahkamlash, tibbiy profilaktika tizimining mutlaqo yangi mexanizmlarini tatbiq etish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi oʻrnini kuchaytirish, sohaga zamonaviy menejmentni joriy etish belgilandi.
Ayni paytda butun dunyoda epidemiologik xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgani kasalliklarga qarshi kurashish faoliyatidagi yondashuvlarni hozirgi murakkab sharoit va orttirilgan tajribalar asosida oʻzgartirishni taqozo etmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini taʼminlash va tizimni tubdan rivojlantirish uchun sohaga oid Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida belgilangan vazifalarning oʻz muddatida va sifatli bajarilishi holatini joylarga chiqqan holda oʻrganish hamda taʼsirchan choralarni koʻrish, shuningdek bu borada hududlarda qatʼiy parlament nazoratini amalga oshirish talab etilmoqda.
Sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qabul qilingan qonun hujjatlari, amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini va aholiga yaratilayotgan qulayliklarni keng jamoatchilikka yetkazish, shuningdek bu borada olib borilayotgan ishlarning holatini mahalliy Kengashlarda doimiy ravishda muhokama qilib borish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish sifati va samaradorligini oshirish hamda sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar natijadorligini yanada oshirish ustidan taʼsirchan parlament nazoratini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Mamlakatimizda aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish sifati va samaradorligini oshirish hamda sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar natijadorligini yanada oshirish ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi (E. Borisova) zimmasiga:
“Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar amalga oshirilishining borishini tizimli monitoring qilish, uni sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrish;
sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish, aholi salomatligi, hududlarda kasalliklarning koʻpayishi yoki kamayishi, ularning profilaktikasini joylarga chiqqan holda oʻrganish hamda bu borada olib borilayotgan ishlarni mahalliy Kengashlarda muhokama qilinishini tashkil etish choralarini koʻrish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashiga bu borada olib borilayotgan ishlar yuzasidan muntazam ravishda axborot kiritib borish vazifalari yuklatilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Kadirov va Devoni rahbari M. Miralimov zimmasiga aholiga tibbiy yordam koʻrsatishning sifati, samaradorligi hamda ommabopligini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻlamini kengaytirishga qaratilgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini, sogʻliqni saqlash sohasida fuqarolarga yaratilayotgan qulayliklarni ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borish choralarini koʻrish vazifasi yuklatilsin.
4. Ushbu Qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. Inoyatov zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 17-noyabr,
568-IV-son
