Ilm-fan rivojini jadallashtirish, taʼlim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatish toʻgʻrisida (567-IV-son)
17.11.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ilm-fan sohasini rivojlantirish, taʼlimning uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash orqali zamonaviy bilimga ega malakali kadrlar tayyorlash borasida keng koʻlamdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Ilm-fan sohasi va taʼlim tizimida dolzarb boʻlib turgan, aholini oʻylantirib kelayotgan masalalarni samarali hal etish, shuningdek yoshlarga sifatli taʼlim-tarbiya berish borasidagi ilgʻor xalqaro tajribani milliy amaliyotga keng joriy etishga qaratilgan bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi.
Xususan, mamlakatimiz Prezidentining Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida bildirilgan taklif hamda tashabbuslar, shuningdek “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon yangi taraqqiyot davrida ilm-fan va taʼlim-tarbiya sohalarini yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Oʻz navbatida, taʼlim sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida oʻqituvchilar hamda ilm-fan sohalari vakillarining jamiyatdagi oʻrni va nufuzini yanada oshirish borasida mustahkam poydevor yaratildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda taʼlim-tarbiya tizimini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, jumladan pedagoglarning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, salohiyatli pedagog kadrlar yetishmovchiligi muammosini hal etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etilmoqda.
Ushbu jarayonda sohani tubdan isloh qilish boʻyicha rejalashtirilgan tizimli ishlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan taʼsirchan parlament hamda deputat nazoratini oʻrnatish, shuningdek amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Siyosiy partiyalar fraksiyalarining mamlakatimizda taʼlim tizimini isloh qilish borasida olib borilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatish, sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish boʻyicha oʻz maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, doimiy tashabbuslar bilan chiqayotganligi olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda qoʻmitalarning fikrlari va takliflarini inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. Inoyatovning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi, taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga qaratilgan farmon va qarorlari hamda videoselektor yigʻilishida ilgari surilgan tashabbus, gʻoya, taklif va vazifalarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish yuzasidan bergan axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Ilm-fan rivojini jadallashtirish, taʼlim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (bundan buyon matnda Chora-tadbirlar dasturi deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlagan nutqidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ishchi guruh (U. Inoyatov) zimmasiga:
Chora-tadbirlar dasturida belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va tegishli qoʻmitalarning Chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va samarali bajarishlari uchun mutasaddi vazirlik hamda idoralar bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyishda ular faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
Chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosining borishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatish maqsadida har oyda Ishchi guruh yigʻilishini oʻtkazish va unda muddati kechikayotgan bandlar yuzasidan zarur choralarni belgilash;
oʻqituvchilarning jamiyatdagi oʻrni va mavqeyini oshirishga qaratilgan “Pedagog xodimlarning maqomi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi yuzasidan takliflar tayyorlash vazifasi yuklatilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Kadirov va Devonining rahbari M. Miralimov ilm-fan rivojini jadallashtirish, taʼlim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mazmun-mohiyati haqida deputatlarning ommaviy axborot vositalaridagi muntazam chiqishlarini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari va qoʻmita raislari Chora-tadbirlar dasturida oʻzlari masʼul boʻlgan tadbirlarning ijrosini oʻz vaqtida hamda sifatli amalga oshirilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Ushbu Qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. Inoyatov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 17-noyabr,
567-IV-son
