Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) inson huquqlari taʼminlanishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish borasidagi rolini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (2933-III-son)
30.11.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qoʻshma qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini samarali amalga oshirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) inson huquqlari taʼminlanishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish borasidagi rolini kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyati toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Kadirov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklatilsin.
3. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-noyabr,
2933-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2019-yil 30-noyabr,
KQ-640-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019-yil 30-noyabrdagi 2933-III/KQ-640-III-sonli Qoʻshma qarorigaILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyati toʻgʻrisidagi
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) (bundan buyon matnda Vakil deb yuritiladi) qamoqda saqlash joylarida, shuningdek oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan boshqa joylarda (bundan buyon matnda qamoqda saqlash joylari deb yuritiladi) qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Vakil qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, boshqa qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga, shuningdek xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari hamda normalariga amal qiladi.
3. Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, adolat, demokratiklik, insonparvarlik, oshkoralik, har bir kishi uchun ochiqlikdir.
4. Vakil qamoqda saqlash joylarini muntazam borib koʻrish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha choralar koʻradi.
II. Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyati
5. Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish;
qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish sohasida qonunlar ishlab chiqish va qabul qilish, qonunlarga oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritishga doir takliflarni qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari koʻrib chiqishi uchun kiritish;
qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlari va xalqaro shartnomalari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari hamda normalari haqida qamoqda saqlash joylarida saqlanayotgan shaxslarning va qamoqda saqlash joylari maʼmuriyati xodimlarining bilimi hamda xabardorligini oshirish chora-tadbirlarini koʻrish;
qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish sohasidagi inson huquqlari, erkinliklariva qonuniy manfaatlarini himoya qilish vositalari, usullari hamda mexanizmlarini oʻrgatishga qaratilgan maʼrifiy va taʼlim dasturlarni ishlab chiqishda, ilmiy-amaliy tadbirlar hamda seminarlarni amalga oshirish chora-tadbirlarini koʻrish;
Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyatiga koʻmaklashuvchi ekspert guruhi faoliyatida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtiroki uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bajarilishi toʻgʻrisida inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar va xorijiy institutlarning xabardorligini oshirish;
qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish sohasidagi xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganishga doir tadbirlar tashkil etish, uni Oʻzbekiston Respublikasi sharoitida joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha faoliyati masalalari yuzasidan maʼruzalar tayyorlash hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga kiritish;
Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyati toʻgʻrisidagi axborotdan manfaatdor shaxslar, shuningdek ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanishi uchun imkoniyat yaratish.
6. Vakil qamoqda saqlash joylariga borganida:
qamoqda saqlanayotgan shaxslar soni haqida axborot oladi;
qamoqda saqlanayotgan shaxslarning saqlanish sharoitlarini va ularga qilinayotgan muomalani oʻrganadi;
qamoqda saqlanayotgan shaxslar bilan, shuningdek qamoqda saqlash joylarining maʼmuriyati xodimlari bilan uchrashuvlar hamda suhbatlar, shu jumladan xoli uchrashuvlar va suhbatlar oʻtkazadi. Bunda mazkur uchrashuvlar hamda suhbatlar jarayonining bayonnomasini tuziladi, zarur boʻlganda, texnika vositalaridan foydalaniladi;
shaxsning qamoqda saqlanishi qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishadi va ularning koʻchirma nusxalarini oladi;
qamoqda saqlanayotgan shaxs tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilishini, unga tibbiy, psixologik va boshqa yordam koʻrsatilishini qamoqda saqlash joylarining maʼmuriyatidan talab qiladi, mazkur tadbirlar oʻtkazilayotganda uning roziligi bilan hozir boʻladi;
qamoqda saqlash joylari maʼmuriyati rahbariyatidan qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalalari yuzasidan izohlar oladi;
qamoqda saqlash joylari maʼmuriyatining noqonuniy harakatlariga (harakatsizligiga) chek qoʻyish boʻyicha zudlik bilan choralar koʻradi;
qamoqda saqlanayotgan shaxslarning saqlanish sharoitlari toʻgʻrisida xulosa tuzadi va uni tegishli tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarga yuboradi;
tegishli davlat organlarining qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish sohasidagi faoliyatini takomillashtirish yuzasidan ularga tavsiyalar va takliflar kiritadi.
III. Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyatiga koʻmaklashuvchi ekspert guruhi
7. Vakil oʻz faoliyatiga koʻmaklashishi uchun jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatadigan oʻn besh aʼzodan iborat Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyatiga koʻmaklashuvchi ekspert guruhini (bundan buyon matnda Ekspert guruhi deb yuritiladi) tashkil etadi.
8. Ekspert guruhining tarkibi, qoida tariqasida, huquqshunoslik, tibbiyot, psixologiya, pedagogika sohalarida, shuningdek boshqa sohalarda kasbiy va amaliy bilimlarga ega boʻlgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari orasidan shakllantiriladi.
9. Ekspert guruhi aʼzoligiga nomzodlar Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya majlisida muhokama etiladi. Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya fikrlarini inobatga olgan holda Vakil Ekspert guruhining tarkibini tasdiqlaydi.
10. Yigirma besh yoshga toʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashaydigan, zarur professional va amaliy bilimlarga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Ekspert guruhining aʼzosi boʻlishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining:
sudlanganlik holati tugallanmagan yoki qonunda belgilangan tartibda olib tashlanmagan;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan;
narkologiya yoki psixonevrologiya dispanserida hisobda turgan fuqarosi Ekspert guruhining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
11. Ekspert guruhining aʼzosi quyidagi hollarda vazifasidan muddatidan ilgari ozod etiladi:
oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilish toʻgʻrisida ariza berganda;
Ekspert guruhi majlislariga uzrli sababsiz ketma-ket uch marta kelmaganda;
vafot etganda, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganda yoki doimiy yashash uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketganda;
zimmasiga yuklangan vazifalarni muntazam bajarmaganda.
Ekspert guruhining aʼzosini muddatidan ilgari vazifasidan ozod qilish toʻgʻrisidagi qaror Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya bilan kelishilgan holda Vakil tomonidan qabul qilinadi.
12. Ekspert guruhining vakolatlari muddati uch yil. Vakolatlari muddati tugagach, Ekspert guruhining yangi tarkibi shakllantiriladi. Ekspert guruhining aʼzosi koʻpi bilan ketma-ket bir marta keyingi muddatga tavsiya etilishi mumkin.
Ekspert guruhi ishining tashkiliy shakli uning yil choragida kamida bir marta oʻtkaziladigan majlislaridir.
13. Ekspert guruhi:
kalendar yil davomida borib koʻrilishi lozim boʻlgan qamoqda saqlash joylarini Vakilning faoliyati rejasiga kiritish boʻyicha takliflar kiritadi;
Vakil, Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyatiga koʻmaklashuvchi ekspert guruhi aʼzolari va sektor xodimlari qamoqda saqlash joylarini borganda axborot toʻplash va uni tahlil qilish hamda ekspert baholash masalalari boʻyicha metodologik bazani shakllantirishga va takomillashtirishga koʻmaklashadi;
qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlari va xalqaro shartnomalari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari hamda normalari toʻgʻrisida qamoqda saqlash joylarida saqlanayotgan shaxslarning va qamoqda saqlash joylari maʼmuriyati xodimlarining bilimi hamda xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish hamda oʻtkazishda ishtirok etadi;
tegishli davlat organlariga kiritish uchun ularning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish sohasidagi faoliyatini takomillashtirish masalalari boʻyicha tavsiyalar va takliflar tayyorlashda koʻmaklashadi;
qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish sohasida qonunlar ishlab chiqish va qabul qilish, qonunlarga oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
xorijiy mamlakatlarning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish sohasidagi tajribasini oʻrganishda, shuningdek uni Oʻzbekiston Respublikasi sharoitida joriy etishda ishtirok etadi;
Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyatiga koʻmaklashuvchi sektorida tegishli lavozimlarga tayinlanadigan nomzodlar boʻyicha takliflar tayyorlaydi.
Vakil tomonidan belgilanadigan boshqa vazifalarni bajaradi.
14. Vakil:
Ekspert guruhi aʼzolarining vazifalarini belgilaydi;
qamoqda saqlash joylarini borib koʻrish boʻyicha har bir tadbir yakunlari toʻgʻrisida Ekspert guruhini xabardor qiladi;
Ekspert guruhining tavsiyalari va takliflari bajarilishi jarayoni haqida uni xabardor qiladi;
qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish sohasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Ekspert guruhi muhokamasiga kiritadi;
Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyati masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga kiritish uchun tayyorlangan maʼruzasini Ekspert guruhi muhokamasiga kiritadi;
Ekspert guruhi aʼzolarini qamoqda saqlash joylariga borish bilan bogʻliq faoliyatga jalb etadi.
15. Ekspert guruhining faoliyatini tashkiliy va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash Vakilning Kotibiyati tomonidan amalga oshiriladi.
IV. Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyatiga koʻmaklashuvchi sektor
16. Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyatiga amaliy jihatdan koʻmaklashish uchun uning Kotibiyati tuzilmasida Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha faoliyatiga koʻmaklashuvchi sektor (bundan buyon matnda Sektor deb yuritiladi) tashkil etiladi.
17. Sektor xodimlarining funksional vazifalari Vakil tomonidan tasdiqlanadi. Sektor xodimlarini lavozimga tayinlash va ularni lavozimidan ozod etish Vakil tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
18. Sektorda boʻsh turgan lavozimlar mavjud boʻlgan taqdirda, ular paydo boʻlgan kundan eʼtiboran uch kunlik muddatda tegishli axborot Vakilning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
V. Ekspert guruhi aʼzolari va Sektor xodimlarining qamoqda saqlash joylariga borishi
19. Ekspert guruhi aʼzolari va Sektor xodimlarining qamoqda saqlash joylariga borishi Vakil tomonidan berilgan, qamoqda saqlash joylariga moneliksiz kirish huquqini beruvchi maxsus yoʻllanma asosida amalga oshiriladi.
20. Qamoqda saqlash joylarining maʼmuriyati Ekspert guruhi aʼzolariga va Sektor xodimlariga Vakil tomonidan ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda zarur shart-sharoitlarni yaratadi.
21. Qamoqda saqlash joylariga borish yakunlari boʻyicha Ekspert guruhi aʼzolari va Sektor xodimlari tomonidan imzolanadigan hisobot tayyorlanadi. Hisobotda qamoqda saqlash joylarida saqlanayotgan shaxslarning saqlanishi sharoitlariga doir ekspert bahosi koʻrsatilishi kerak. Hisobot mazmuni yuzasidan fikr-mulohazalar yoki qoʻshimchalar mavjud boʻlgan taqdirda, Ekspert guruhi aʼzolari yoki Sektor xodimlari ularni hisobotga ilova qilishi mumkin.
22. Ekspert guruhi aʼzolari va Sektor xodimlari davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni, shuningdek zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishi tufayli oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan maxfiy axborotni oshkor etmasligi shart.
23. Vakil tomonidan qamoqda saqlash joylarida axborot toʻplash va tahlil qilish yoki ekspert baholash topshirilgan Ekspert guruhi aʼzolari va Sektor xodimlari ushbu harakatlari uchun taʼqib qilinishi yoki ularning huquqlari boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.
24. Ekspert guruhi aʼzosida yoki Sektor xodimida manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq holatlar, yaʼni shaxsiy manfaatdorlik (bevosita yoki bilvosita) u oʻz vazifalarini tegishli darajada bajarishiga taʼsir koʻrsatadigan yoki taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan vaziyatlar yuzaga kelsa hamda bunda shaxsiy manfaatdorlik va qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlari (qonuniy manfaatlari) oʻrtasida ziddiyat yuzaga kelsa yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlsa, u bu haqda Vakilni darhol xabardor etishi shart. Bunday holda Vakil Ekspert guruhi aʼzosini yoki Sektor xodimini qamoqda saqlash joylariga borish bilan bogʻliq tadbirda ishtirok etishdan chetlashtirishi mumkin.
VI. Yakunlovchi qoidalar
25. Vakil qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir oʻz faoliyatining tashkiliy-huquqiy va amaliy jihatlarini yanada rivojlantirish yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
26. Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyatini moddiy va boshqacha tarzda taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi hamda bu Vakil Kotibiyatining xarajatlarida alohida satrda nazarda tutiladi.
27. Ushbu Nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Senati Kengashining Qoʻshma qarori bilan kiritiladi.
