Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2010-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida (179-II-son)
26.03.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori R.H. Qodirovning Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2010-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni qayd etadiki, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda profilaktikasi yuzasidan hisobot davrida prokuratura organlari tomonidan muayyan ishlar qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini nazorat qilishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini himoya qilishga, huquqbuzarliklarning oldini olishga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2009-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqidagi Qarorini roʻyobga chiqarishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Prokuratura organlari oldiga qoʻyilgan vazifalarni ijro etish yuzasidan qonunlarning ijrosi boʻyicha 28363 ta tekshiruv oʻtkazilib, ularning natijalari boʻyicha 350 mingdan ortiq prokuror nazorati hujjati qabul qilingan, 43247 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.
Protestlar kiritish natijasida 27866 ta noqonuniy huquqiy hujjat qonunga muvofiq holga keltirilgan, huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan 38789 ta taqdimnoma kiritish yoʻli bilan chora-tadbirlar koʻrilgan, 112396 nafar mansabdor shaxs qonun buzilishiga yoʻl qoʻymaslik haqida ogohlantirilgan, 142630 nafar shaxs intizomiy, maʼmuriy va moddiy javobgarlikka tortilgan. Sudlarga 233 mlrd. soʻmdan ortiq miqdorda keltirilgan moddiy zararni undirish haqida 89032 ta ariza yuborilgan. Qonunlarni qoʻpol ravishda buzish holatlari boʻyicha 6523 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga moʻljallangan dasturini, unda nazarda tutilgan ijtimoiy-iqtisodiy sohaning izchil rivojlanishini va mamlakatda barqarorlikni taʼminlashga doir barcha tadbirlar majmuini roʻyobga chiqarish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan tasdiqlangan 2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi tarmoqlar va mamlakat hududlari boʻyicha ijro etilishi, shuningdek mahalliy ijroiya hokimiyati organlari hamda vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralarning hududiy organlari tomonidan tegishli sohalardagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va boshqa vakolatli idoralarning birgalikdagi ishi yakunlari boʻyicha 658 ming nafardan ortiq ishlamaydigan, ishga joylashtirish masalalari boʻyicha mehnat organlariga murojaat qilmagan fuqaro aniqlangan va hisobga olingan.
Ish oʻrinlari yaratish va ishsizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash vazifalari zimmalariga yuklatilgan vakolatli organlar faoliyatini tekshirish hamda prokuror nazorati hujjatlarini kiritish natijasida tegishli mansabdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortilgan, shuningdek qonunlar qoʻpol ravishda buzilganligi aniqlangan hollarda jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.
Vazirliklar, idoralar va korxonalar tomonidan ish haqi, pensiyalar va nafaqalar oʻz vaqtida toʻlanishini nazorat qilishga alohida eʼtibor berilgan. Prokuratura organlarining aralashuvi natijasida 21 mlrd. soʻm miqdoridagi ish haqining toʻlanishi taʼminlangan, 10,6 mlrd. soʻm miqdoridagi moddiy zarar ixtiyoriy ravishda qoplangan. Qonunlarni qoʻpol ravishda buzish holatlari yuzasidan 268 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Bundan tashqari, ish haqi va birinchi navbatdagi boshqa toʻlovlar hisobiga naqd pul mablagʻlari toʻlanishini taʼminlamagan tijorat banklarining 231 nafar mansabdor shaxsi intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka, 27 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Mamlakatda jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida prokuror nazorati birinchi navbatda banklar faoliyatini nazorat qilishga, shartnoma intizomiga rioya etilishiga, naqd pul mablagʻlarining bankdan tashqarida aylanishini kamaytirishga qaratilgan. Ushbu sohadagi ish jarayonida 13006 ta prokuror nazorati hujjati qabul qilingan, qonunlarni qoʻpol ravishda buzish holatlari boʻyicha 238 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilishga va ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish faktlariga barham berishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni taʼminlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilgan. Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tadbirkorlar huquqlarini kamsituvchi 32 ta noqonuniy qarori va nazorat organlarining 41 ta qarori bekor qilingan.
Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nazorat qiluvchi va litsenziya beruvchi organlar, tijorat banklari xodimlari tomonidan sodir etilgan tamagirlik va suiisteʼmol qilish holatlari boʻyicha 69 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Prokuratura organlarining aralashuvi bilan 879 nafar tadbirkorda tugʻilgan muammoli masalalar qonun doirasida hal qilingan.
Prokuror nazoratini amalga oshirish jarayonida “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni normalariga rioya etilishiga ham alohida eʼtibor berilgan. Xususan, tegishli vazirliklar va idoralarga huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish uchun 1407 ta taqdimnoma yuborilgan, noqonuniy huquqiy hujjatlarga nisbatan 173 ta protest keltirilgan, 764 nafar mansabdor shaxs qonunlar buzilishiga yoʻl qoʻymaslik haqida ogohlantirilgan, 2559 nafar shaxs intizomiy, maʼmuriy va moddiy javobgarlikka tortilgan. Fuqarolarning murojaatlari haqidagi qonun hujjatlari qoʻpol ravishda buzilganligi aniqlangan holatlar boʻyicha 28 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari qonunga muvofiqligi nuqtai nazaridan muntazam oʻrganib borilmoqda. 2010-yilda hammasi boʻlib viloyat hokimlarining 87 ta qarori, tumanlar va shaharlar hokimlarining 3146 ta qarori noqonuniy huquqiy hujjatlar sifatida bekor qilish va qonunga muvofiqlashtirish boʻyicha protestlar keltirilgan.
Fermerlikni jadal rivojlantirish yoʻlidagi maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etishga, dehqon va fermer xoʻjaliklarining huquqiy himoyasini taʼminlashga, yerdan foydalanishni buzishga barham berishga, shuningdek sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan qonun hujjatlarining talablarini bajarish boʻyicha nazorat tadbirlari izchillik bilan amalga oshirilgan. Qonunlarni qoʻpol ravishda buzish holatlari boʻyicha oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan, tegishli mansabdor shaxslar belgilangan javobgarlikka tortilgan, sudlarga 94,8 mlrd. soʻmni undirish haqida 18921 ta ariza yuborilgan.
Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar bilan hamkorlikda voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi hamda bu sohada qonuniylikni mustahkamlash, “Barkamol avlod yili” Davlat dasturini ijro etish ustidan nazorat amalga oshirilgan. Huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida nazoratni amalga oshirish natijalari boʻyicha 2361 ta taqdimnoma qabul qilingan, 1270 ta noqonuniy huquqiy hujjat bekor qilingan, vakolatli shaxslar belgilangan javobgarlikka tortilgan yoki qonunlarni buzilishiga yoʻl qoʻymaslik haqida ogohlantirilgan, 252 mln. soʻm ixtiyoriy ravishda qoplangan, 289 ta holatda jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.
Bu sohada oʻtkazilgan tadbirlar voyaga yetmaganlar oʻrtasidagi jinoyatchilik darajasi oldingi yildagiga nisbatan 3,9 foizga pasayishiga imkon berdi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurash boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek ularning mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari bilan hamkorligini kuchaytirish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrilgan. Natijada sodir etilgan jinoyatlarning, xususan qasddan odam oʻldirish, badanga ogʻir shikast yetkazish, nomusga tegish, bosqinchilik va oʻgʻirlik, bezorilik hamda oʻqotar quroldan foydalanib, jinoyatlar sodir etish kabi ogʻir turdagi jinoyatlar umumiy sonining pasayishi tamoyili qayd etilgan.
Sud qarorlarini ijro etish borasidagi nazorat faoliyati kuchaygan. Chunonchi, ushbu sohadagi prokuror nazorati natijalari boʻyicha 5751 ta prokuror nazorati hujjati keltirilgan, 1777 nafar shaxs intizomiy, maʼmuriy va moddiy javobgarlikka tortilgan, qonunlarni qoʻpol tarzda buzish holatlari boʻyicha 950 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Fuqarolarning murojaatlarini prokuratura organlarida koʻrib chiqish va hal qilishda qonuniylikni taʼminlash boʻyicha choralar koʻrilgan. Hisobot davrida prokuratura organlarining xodimlari tomonidan fuqarolarning 49 mingdan ortiq arizasi bevosita hal qilingan, 93974 nafar fuqaro qabuli amalga oshirilgan hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash choralari koʻrilgan.
Prokuratura organlarining jamiyatda huquqiy madaniyatni yanada oshirish borasidagi faoliyati takomillashib bormoqda. Qonun hujjatlarini targʻib qilish va huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, shuningdek prokuratura organlarining faoliyati haqida aholiga axborot berish maqsadida 119 mingdan ortiq tushuntirish tadbirlari, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida 22 mingdan ortiq tadbir oʻtkazilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga toʻqqizta qonun loyihasi kiritilgan boʻlib, shularning ikkitasi yangi qonun loyihasi, yettitasi amaldagi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihalaridir.
Prokuratura organlarining kadrlarini tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularni tarbiyalash va malakasini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Xizmat vazifalarini halol va namunali bajarganliklari uchun xodimlarni ragʻbatlantirish boʻyicha choralar koʻrilgan. Ayni vaqtda vazifalarini lozim darajada bajarmaslikka yoʻl qoʻygan yoki prokuratura xodimi degan nomga dogʻ tushiradigan qilmishlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan prokuratura organlaridan boʻshatib yuborishgacha intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan va tegishli hollarda jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining hisobotini tahlil qilish prokuratura organlari faoliyatida ayrim kamchilik va nuqsonlar mavjudligidan dalolat beradi.
Huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish yanada chuqurroq oʻrganishni va mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek jinoyatchilikka qarshi kurashishni amalga oshiruvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha ishni takomillashtirish va bu yoʻnalishda jamoatchilik imkoniyatlaridan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrishni talab qiladi.
Fuqarolarning, ayniqsa aholining ijtimoiy nochor qatlamlari huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish borasidagi ish kuchaytirilishi kerak.
Tadbirkorlarning faoliyatiga mavjud noqonuniy aralashish faktlari, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yoʻlida sunʼiy maʼmuriy toʻsiqlarni vujudga keltirish ularni aniqlash va bartaraf etishni taʼminlash sohasida nuqsonlar borligidan dalolat beradi.
Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga moʻljallangan dasturini roʻyobga chiqarish yuzasidan prokuror nazoratini yanada kuchaytirish talab etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan tasdiqlangan 2011-yilda ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining ijro etilishi ustidan nazoratning samaradorligini oshirish zarur.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning fuqarolar sogʻligʻini saqlashga qaratilgan qonunlarni ijro etish borasidagi faoliyati, iqtisodiyot tarmoqlarini har tomonlama rivojlantirish, toʻlov va shartnoma intizomini mustahkamlash, investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir qonunlarga rioya etilishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrish kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining faoliyatini yanada kuchaytirish “yashirin” iqtisodiy faoliyatga qarshi kurashishga yordam beradi, bu esa iqtisodiyotni barqarorlashtirishda ijobiy natijalarni taʼminlashi kerak.
“Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” prinsipini amalda hayotga tatbiq etish maqsadida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida kam taʼminlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilishni va bolali oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni tashkil etish sohasida nazoratni kuchaytirish kerak.
Voyaga yetmaganlar oʻrtasidagi huquqbuzarliklarni profilaktika qilishga qaratilgan qonun hujjatlarini voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar tomonidan, ichki ishlar va taʼlim organlari tizimida ijro etish amaliyotini, shuningdek xoʻjalik sudlari tomonidan ishlarni koʻrib chiqishda prokurorlarning ishtirok etishi va ular tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari himoya qilinishi amaliyotini oʻrganish maqsadga muvofiq.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori R.H. Qodirovning Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2010-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori (R.H. Qodirov):
qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010-yil 12-noyabrdagi qoʻshma majlisidagi “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” mavzuidagi maʼruzasida nazarda tutilgan qonun loyihalari oʻz vaqtida va sifatli tayyorlanishini taʼminlasin;
prokuratura organlarining 2010-yilda mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoya qilinishini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda profilaktika qilish borasidagi faoliyatini tanqidiy oʻrganib chiqsin, ishdagi aniqlangan xatolarni bartaraf etish boʻyicha vazifalarni belgilasin;
fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tadbirlarni roʻyobga chiqarish boʻyicha ishining samaradorligini oshirsin, bunda aholining ijtimoiy nochor qatlamlariga ustuvor ahamiyat bersin;
2010-yilda ayrim jinoyat turlarining oʻsishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni chuqur tahlil qilsin, jinoyatchilikka qarshi kurashni amalga oshiruvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ular oʻrtasida hamkorlikni taʼminlash borasidagi ishni takomillashtirishga, bu yoʻnalishda jamoatchilikning imkoniyatlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha choralarni koʻrsin;
tadbirkorlarning faoliyatiga har qanday noqonuniy aralashishni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi maʼmuriy toʻsiqlar va byurokratiya holatlari aniqlanishi va bartaraf etilishini taʼminlasin, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga har qanday noqonuniy aralashishni iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish borasidagi davlat siyosatiga qarshi harakat deb qarasin, qoidabuzarlarga nisbatan amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralarini qoʻllasin;
Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga moʻljallangan dasturini, unda nazarda tutilgan ijtimoiy-iqtisodiy sohaning izchil rivojlanishini va mamlakatda barqarorlikni taʼminlashga doir barcha tadbirlar majmuini roʻyobga chiqarish ustidan nazoratni kuchaytirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan tasdiqlangan 2011-yilda ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi tarmoqlar va mamlakat hududlari boʻyicha ijro etilishi ustidan tizimli nazorat samarali amalga oshirilishini tashkil etsin;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishni, ularning sogʻligʻini saqlashni kafolatlashga qaratilgan qonunlarni ijro etish borasidagi faoliyati ustidan nazoratni yanada kuchaytirish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin;
iqtisodiyot tarmoqlariga, toʻlov va shartnoma intizomini mustahkamlashga, investitsiyalarni keng jalb etishga hamda investorlar uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratishga doir qonunlarga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin;
umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida taʼlim olishga toʻla jalb etish, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining bandligini taʼminlash ustidan nazoratni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor bersin;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining “yashirin” iqtisodiy faoliyatga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini kuchaytirsin;
mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligini taʼminlasin;
kam taʼminlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilishni tashkil etish hamda bolali oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish masalalari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan oʻz vaqtida va adolatli hal qilinishi ustidan nazoratni kuchaytirsin;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilishga qaratilgan qonun hujjatlari voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar tomonidan, ichki ishlar va taʼlim organlari tizimida ijro etilishi amaliyotini oʻrganish boʻyicha ishni faollashtirsin;
xoʻjalik sudlarida tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud-prokurorlik amaliyotini oʻrgansin va natijalari yuzasidan tegishli choralar koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori (R.H. Qodirov) ushbu Qarorni ijro etishning borishi toʻgʻrisida 2012-yilning 10-yanvariga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga axborot taqdim etsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi (S.B. Artikova) zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2011-yil 26-mart,
179-II-son
