Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida (2119-III-son)
17.11.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan 2019-yilgi Budjetnomani muhokama qilib, shuni taʼkidlaydiki, Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan hamda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 96-moddasi qoidalariga muvofiq ishlab chiqilgan va kiritilgan.
2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning sifat jihatidan yangi bosqichiga oʻtish uchun fundamental asoslarni rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Qabul qilinayotgan chora-tadbirlar iqtisodiyotni jadallashtirish va erkinlashtirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va intensiv rivojlantirish, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash uchun muhim boʻlgan yangi platformani vujudga keltirdi.
Taqdim etilgan 2019-yilgi Budjetnomada Oʻzbekiston Respublikasini 2017-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosiga baho berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan iqtisodiyot tarmoqlarini va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy yuksaltirishning sifat jihatidan yangi bosqichiga oʻtish uchun fundamental asoslarni shakllantirishga hamda rivojlantirishga qaratilgan sohalarni rivojlantirish boʻyicha muhim dasturlarni bajarish yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida 2018-yilda yalpi ichki mahsulotning oʻsishi baholash hisob-kitoblariga koʻra 5,2 foizni, xususan, sanoat mahsulotining oʻsishi 6,1 foizni, qurilish ishlari 8 foizni, chakana tovar aylanmasi 4,2 foizni va kapital qoʻyilmalar 7,9 foizni tashkil etadi.
Valyuta va narx siyosatini erkinlashtirish, qishloq xoʻjaligida oʻzaro hisob-kitoblarni tartibga solish va kapital qoʻyilmalarning oʻsishi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlarining koʻpayishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Yalpi ichki mahsulotning oʻsishini taʼminlashda va aholining bandligi muammolarini hal etishda, birinchi navbatda qishloq xoʻjaligida hal etishda xizmatlar sohasi (telekommunikatsiya xizmatlari, uyali telefon aloqasi xizmatlari, moliyaviy xizmatlar, koʻchmas mulk sohasidagi xizmatlar, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasidagi xizmatlar hamda boshqa xizmatlar) alohida oʻrin tutadi.
Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, aholi daromadlarini oshirish, shuningdek inflyatsiyani prognoz koʻrsatkichlari darajasida saqlab turish maqsadida 2018-yilda ikki marta (15-iyuldan va 1-noyabrdan eʼtiboran) ish haqi, stipendiyalar, nafaqalar va pensiyalar tegishincha 7,0 va 10 foizga oshirildi. Shu bilan birga tarbiyachilar, oʻqituvchilar, fan va madaniyat xodimlarining ish haqi 30 foizdan 100 foizgacha oshirildi.
Budjetnomani taqdim etish amaliyotida birinchi marta 2019 — 2021-yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari prognozi berildi. Unda fiskal koʻrsatkichlarga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy tashqi va ichki omillar, 2019 — 2021-yillarga oid soliq-budjet siyosatining strategiyasi, 2019-yilga moʻljallangan va 2020-2021-yillarga prognoz qilingan fiskal xavflar, 2019 — 2021-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari parametrlari kabi masalalar oʻz aksini topgan.
Taqdim etilgan 2019-yilgi Budjetnomada iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni taʼminlashga, iqtisodiyot sektorlarining makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning yuqori surʼatlarda oʻsishiga erishishga va aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan investitsiyaviy jozibadorligi va faolligini oshirishga doir chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish nazarda tutilgan.
2019-yilda yalpi ichki mahsulotning oʻsishi keyingi yillarda uning ijobiy dinamikasini saqlab qolgan holda 5,4 foiz miqdorda (2020-yilda 6,0 foiz, 2021-yilda 7,0 foiz) boʻlishi nazarda tutilmoqda, xususan, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 4,9 foiz, qurilishda 8,4 foiz, qishloq xoʻjaligida 3,3 foiz va xizmatlar sohasida 6,2 foiz koʻpayadi, uy xoʻjaliklarining pirovard isteʼmoli 5,0 foiz, asosiy kapitalga investitsiyalar 17,0 foiz, tovarlar va xizmatlar eksporti 15,5 foiz hamda import 6,3 foiz oʻsishi kutilmoqda.
2019-yilgi soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyunda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.
Barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining eng yuqori stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etish, shundan 0,1 foizini shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yoʻnaltirish; yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasini 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun 22 foizdan 20 foizgacha pasaytirish; fuqarolarning mehnat haqi tarzidagi daromadlaridan fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga ushlab qolinadigan sugʻurta badallarini bekor qilish nazarda tutilmoqda.
Umuman olganda, taklif etilayotgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi hisobiga soliqlar va majburiy toʻlovlarning soni 19 ta turdan 15 ta turgacha qisqaradi.
2019-yilga moʻljallangan Budjet siyosati puxta oʻylangan fiskal siyosatni amalga oshirishga, iqtisodiy koʻrsatkichlarning mutanosib oʻsishiga va mamlakat moliyaviy tizimining barqarorligiga qaratilgandir.
Budjet mablagʻlarini rejalashtirish samaradorligini, ulardan foydalanish natijadorligini oshirishga va budjetlararo munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Xususan:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetini rejalashtirish va ijro etish jarayonini takomillashtirish;
budjetlararo munosabatlarni takomillashtirish, tegishli viloyatlar, tumanlar va shaharlarning soliqqa oid salohiyatini kengaytirishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining manfaatdorligini oshirish;
budjetning barqarorligini taʼminlash uchun budjet qoidalarini va fiskal cheklovlarni oʻrnatish;
budjet tizimida budjetlarning moliyaviy oqimlarini konsolidatsiyalash;
budjet sohasidagi xodimlar mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Budjetni rejalashtirishning barqarorligini oshirish maqsadida prognoz yili uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetini va keyingi ikki yil uchun budjet yoʻnalishlarini tasdiqlash yoʻli bilan oʻrtacha muddatli budjetni rejalashtirish mexanizmini joriy etish taklif qilinmoqda.
Oʻrta muddatli budjet doirasida asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozlarini va Oʻzbekiston Respublikasini oʻrta muddatli davrda rivojlantirish ssenariylarini zamonaviy makroiqtisodiy modellardan foydalangan holda ishlab chiqish taklif etilmoqda.
2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlarining tushumi 102,6 trln. soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,2 foiz darajasida boʻlishi prognoz qilinmoqda. Davlat budjetiga tushumlarning koʻpayishi joriy yil koʻrsatkichiga nisbatan 37,8 foizni tashkil etadi.
Davlat budjeti daromad qismining tushumi bevosita soliqlar boʻyicha daromadlar hisobiga 20,7 trln. soʻm, bilvosita soliqlar boʻyicha 55,5 trln. soʻm miqdorida, resurs soliqlar va mol-mulkka solinadigan soliqdan 14,6 trln. soʻm, yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliqdan 10,7 trln. soʻm, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan 0,3 trln. soʻm miqdorida boʻlishi kutilmoqda.
2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining xarajatlari 107,1 trln. soʻmni tashkil etadi, bu oʻtgan yildagiga nisbatan 1,4 baravar koʻp boʻlib, bunda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining xarajatlari asosan ijtimoiy va iqtisodiy sohalarga yoʻnaltirilgandir.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining ijtimoiy sohaga xarajatlari 57,8 trln. soʻmni yoki umumiy xarajatlarga nisbatan 54,0 foizni tashkil etadi, bunda ushbu xarajatlarning oʻsishi oʻtgan yilga nisbatan 34,4 foiz koʻpayadi.
Maktabgacha taʼlim muassasalarini moliyalashtirishga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan 4,0 trln. soʻm, umumiy taʼlimga 17,1 trln. soʻm, kadrlar tayyorlashga 3,8 trln. soʻm yoʻnaltiriladi.
Sogʻliqni saqlashni moliyalashtirishga Davlat budjetidan 12,1 trln. soʻm yoʻnaltiriladi yoki oʻtgan yilga nisbatan 30,5 foiz oʻsish bilan umumiy xarajatlarga nisbatan 11,3 foizni tashkil etadi.
Davlat budjetida:
2016 — 2020-yillarga moʻljallangan Oʻzbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish;
2018 — 2022-yillardagi davrga moʻljallangan bolalarda tugʻma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash (skrining);
odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasalliklari tarqalishiga qarshi kurashish, ichki kasalxona infeksiyalarining profilaktikasi;
ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni rivojlantirish;
2017 — 2021-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasida onkologik xizmatni yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish;
shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish boʻyicha davlat dasturlarini amalga oshirish uchun qoʻshimcha ravishda 606,5 mlrd. soʻm nazarda tutilgan.
Tez tibbiy yordam xizmatining sifatini, undan foydalanilishini va uning tezkorligini oshirish sogʻliqni saqlash sohasidagi ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlib, uni oʻz vaqtida moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetida 643,9 mlrd. soʻm nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, statsionar davolash-profilaktika muassasalarida davolanayotgan shaxslarning (bemorlarning) imtiyozli kontingenti uchun shifobaxsh oziq-ovqat tashkil etilishini yaxshilashga doir xarajatlarni oshirishga 438,5 mlrd. soʻm ajratish nazarda tutilmoqda.
2019-yilda dori-darmonlar va tibbiy buyumlar olish uchun ajratiladigan mablagʻlarni koʻpaytirishga oid siyosat davom ettiriladi. Chunonchi, dori-darmonlar uchun moʻljallangan xarajatlar 1,0 trln. soʻmni tashkil etib, bu oʻtgan yildagiga nisbatan 16 foiz koʻpdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan madaniyatni moliyalashtirish uchun 1,0 trln. soʻm, ilm-fanni rivojlantirish uchun — 0,8 trln. soʻm yoʻnaltiriladi.
Ijtimoiy nafaqalar, kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam toʻlash va kompensatsiya toʻlovlari uchun xarajatlar oʻtgan yildagiga nisbatan 61,8 foiz oshgan holda 5 267,2 mlrd. soʻmni tashkil etadi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlarini amalga oshirish uchun barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 6,3 trln. soʻm yoʻnaltiriladi, bu esa 478 ta aholi punktida turmush sharoitlari yaxshilanishini taʼminlaydi.
Davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida 2019-yilda 372 ta obyektda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish hamda modernizatsiyalash, 1 916,1 km uzunlikdagi suv oʻtkazish tarmogʻini qurish va rekonstruksiya qilish nazarda tutilmoqda.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida markazlashgan suv taʼminotiga qamrab olish 2019-yilda 77,0 foizga yetadi.
Umuman olganda, 2019-yilda va keyingi 2020-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining davlat tashqi qarzi 11, 2 mlrd. AQSH dollari yoki yalpi ichki mahsulotning 2017-yildagi 17 foiziga nisbatan 22 foiz miqdorida prognoz qilinmoqda.
2019-yilgi Budjetnomada nazarda tutilgan daromadlarning izchil oʻsishi, soliq siyosatida joriy etilayotgan tub oʻzgarishlar aholining turmush sharoitlarini va biznesning faoliyat koʻrsatishini yaxshilashga qaratilgan.
Taqdim etilgan Budjetnomani — Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat budjetini, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarini hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 97-moddasiga muvofiq har tomonlama koʻrib chiqib, siyosiy partiyalar fraksiyalarining, Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining taklif va fikr-mulohazalarini, shuningdek aholining Qonunchilik palatasi deputatlari bilan joylarda oʻtkazilgan uchrashuvlar chogʻida bildirilgan fikrlari hamda takliflarini inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti taqchilligi 2021-yilda 0,1 foizgacha izchil pasaytirilgan holda yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,06 foiz miqdorida boʻlgan holda qabul qilinsin.
Quyidagilar taqchillikni qoplash manbalari etib belgilansin:
respublika budjetining yil boshidagi boʻsh qoldiqlari;
xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki va Osiyo taraqqiyot bankining) tashqi qarzlari;
ichki gʻaznachilik obligatsiyalarini va suveren yevroobligatsiyalarni chiqarish;
boshqa manbalar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning tasdiqlangan prognozlari, soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari bajarilishini hamda 2019-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining parametrlari ijro etilishini taʼminlasin. Bunda qabul qilingan eng muhim davlat iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirishga, buning uchun chetdan keltirilgan mablagʻlarni imtiyozli shartlar asosida jalb etishga, obyektlarining, shu jumladan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida taʼmirlanishi lozim boʻlgan obyektlarning aniq roʻyxatini shakllantirish hamda 2019-yilgi Investitsiya dasturiga kiritishga alohida eʼtibor qaratilsin. Budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish talab etiladi.
3. Siyosiy partiyalar fraksiyalariga, Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi masalalarini koʻrib chiqish chogʻida tegishli tarmoqlarda budjet mablagʻlaridan foydalanilishini chuqurroq tahlil qilish hamda ularning ijro etilishi ustidan parlament nazoratini takomillashtirish yuzasidan aniq takliflar kiritish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning tasdiqlangan prognozlari va Oʻzbekiston Respublikasi 2019-yilgi Davlat budjetining, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining parametrlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari bajarilishiga, turli tarmoqlar va hududlarda budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishiga parlament nazoratini amalga oshirish chogʻida alohida eʼtibor qaratsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi boshqa qoʻmitalar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari hamda soliq va budjet siyosati asosiy yoʻnalishlarining ijrosi yuzasidan muntazam ravishda nazorat-tahlil ishlarini amalga oshirsin.
6. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2018-yil 17-noyabr,
2119-III-son
