Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan, sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini tahlil qilish, shuningdek istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilashga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishidan kelib chiqadigan vazifalar toʻgʻrisida (2112-III-son)
13.11.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish, tibbiy xizmatlar koʻrsatish darajasini oshirish, ona va bolaning sogʻligʻi muhofaza qilinishini taʼminlash, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini yanada takomillashtirish, qishloq vrachlik punktlari va boshqa sogʻliqni saqlash muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mustahkamlash, aholini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlashni yaxshilash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar sezilarli natijalarni bermayapti.
Aholiga sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatish va sogʻliqni saqlash muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularni zarur dori-darmonlar va tibbiy jihozlar bilan uzluksiz taʼminlash, ushbu muassasalar faoliyatini amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlardan foydalanish boʻyicha eng muhim vazifalarning hal etilishi, afsuski, hali deputatlar va deputatlar birlashmalari faoliyatining toʻliq diqqat markazida emas.
Siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan taʼkidlandiki, sogʻliqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish borasidagi islohotlarning amalga oshirilishi ustidan qattiq parlament nazoratini oʻrnatish boʻyicha davlatimiz rahbari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yuklatilgan vazifa hali kutilganidek yechimini topgani yoʻq. Olis tumanlarning aholisi sogʻliqni saqlashdagi tub oʻzgarishlarni, oʻtkazilayotgan islohotlarni amaliyotda hanuz sezmayapti. Sogʻliqni saqlash tizimidagi mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish, sohani rivojlantirishga xizmat qiladigan qonunchilik bazasini takomillashtirish borasida yetarlicha ishlar amalga oshirilmayapti, parlament nazorati imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmadi. Erishilgan yutuqlar bilan kifoyalanish odatga aylanib qoldi. Joylarda aholini, shuningdek soha mutaxassislarini tashvishga solayotgan bir qator jiddiy muammolar hal etilmay qolmoqda.
Sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini tahlil qilish, shuningdek istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilashga bagʻishlangan joriy yil 9-noyabrdagi videoselektor yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan qoʻyilgan vazifalarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi barcha deputatlar birlashmalari, qoʻmitalari va komissiyalarining saʼy-harakatlarini ushbu yoʻnalishda birlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi huzurida Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishni va dori vositalari taʼminotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq etishga koʻmaklashish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha komissiya 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishni va dori vositalari taʼminotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq etishga koʻmaklashish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha komissiya toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi deputatlar birlashmalari va qoʻmitalarining rahbarlariga:
sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarning roʻyobga chiqarilishi ustidan parlament va deputatlar nazoratini yoʻlga qoʻyish borasida belgilangan asosiy yoʻnalishlarning samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida yuqorida bayon etilgan masalalarga alohida eʼtibor qaratish, deputatlar birlashmalari va qoʻmitalarining 2019-yilga moʻljallangan ish rejalarida ushbu yoʻnalishda tashabbuskorlikni kuchaytirish yuzasidan chora-tadbirlarni nazarda tutish;
sogʻliqni saqlash sohasini rivojlantirishning eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan fraksiyalararo bahs-munozaralarni muntazam ravishda oʻtkazish amaliyotini joriy etish;
ushbu yoʻnalishda olib borayotgan ishlarning natijadorligini oshirish maqsadida nazorat funksiyalari imkoniyatlaridan samaraliroq foydalanish, shuningdek mazkur masalalarni qoʻmitalarning, Komissiyaning va Qonunchilik palatasining majlislari muhokamasiga kiritish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi faoliyatini kuchaytirish va faollashtirish maqsadida deputatlarning takliflari qabul qilinsin hamda qoʻmitaning tarkibiga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi joylarda oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida aniqlangan, aholiga tibbiy xizmatlar koʻrsatish va dori vositalari bilan taʼminlash sohasidagi muammolar hamda kamchiliklarni tahlil etishga alohida eʼtibor qaratsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2018-yil 13-noyabr,
2112-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018-yil 13-noyabrda qabul qilingan 2112-III-sonli qaroriga 1-ILOVA
Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishni va dori vositalari taʼminotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq etishga koʻmaklashish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha
KOMISSIYA TARKIBI
1. ISMOILOV Nurdinjon Moʻydinxanovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, komissiya raisi 2. ALIXANOV Boriy Botirovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, komissiya raisining oʻrinbosari Komissiya aʼzolari 3. KETMONOV Xatamjon Abduraxmonovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari 4. OTAMURATOV Sarvar Sadullayevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari 5. UMAROV Nariman Madjitovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari 6. ShADMANOV Adxam Xursanbayevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi 7. XAJIYEV Inoyat Sadullayevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi raisi 8. XODJAYEVA Mavludaxon Islamovna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi raisi 9. KIRGIZBAYEV Abdugappor Karimjonovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi 10. AYTJANOVA Nuriya Jalgasbayevna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari 11. PARDAYEV Azamat Kenjaboyevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari 12. ShIRINOV Djaxongir Djabborovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzin� oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari 13. MUXTOROV Nodirjon Ilxomjonovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi 14. ATODJONOV Djumonozor Azodovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi aʼzosi 15. DADAXODJAYEVA Muxarram Esanullayevna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi 16. XAKIMOV Raxim Rasuljonovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi 17. KADIROV Alisher Keldiyevich — Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi 18. BURXANOV Akmal Eshondedayevich — “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi 19. AZIMOV Rustam Rashidovich — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi departamentining shuʼba mudiri (kelishuvga binoan) 20. YuSUPALIYEV Baxodir Qaxramo?ovich — Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari 21. SULTONOV Dilshod Shuxratovich — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining oʻrinbosari 22. NIYOZMATOV Baxrom Baxtiyorovich — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot vazirining oʻrinbosari 23. YULDASHEV Qaxramon Anvardjanovich — Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining oʻrinbosari 24. XUDANOV Baxtinur Oybutayevich — Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining Tadqiqotlar va taʼlim hamda sogʻliqni saqlashga innovatsiyalarni joriy etish boshqarmasi boshligʻi 25. GAFFAROV Ulugʻbek Yuldashaliyevich — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Sogʻliqni saqlash, taʼlim va boshqa ijtimoiy sohalarda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi katta prokurori 26. JAVLONOV Shavkat Sardorovich — “Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi (kelishuvga binoan) 27. AKRAMOV Anvar Akmalevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devoni tahlil sektorining mudiri, komissiya kotibi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018-yil 13-noyabrda qabul qilingan 2112-III-sonli qaroriga 2-ILOVA
Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishni va dori vositalari taʼminotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq etishga koʻmaklashish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha komissiya toʻgʻrisidagi
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishni va dori vositalari taʼminotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq etishga koʻmaklashish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha komissiya (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini va tibbiy madaniyatni yanada oshirishga, ushbu sohada qonuniylikni taʼminlashga, aniqlangan muammolarni bartaraf etishga koʻmaklashish, shuningdek fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi hamda ularga soʻzsiz rioya qilinishi ustidan parlament va deputatlar nazoratining taʼsirchan mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida tuziladi.
2. Komissiya oʻz faoliyatini amaldagi qonun hujjatlariga va ushbu Nizomga muvofiq doimiy asosda amalga oshiradi.
3. Komissiya oʻz vakolatiga kiradigan vazifalarning bajarilishiga doir holatni oʻz majlislarida muhokama qiladi.
4. Komissiya majlislariga, zarur hollarda, tegishli davlat boshqaruvi organlarining, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining, hokimliklarning, sogʻliqni saqlash boshqarmalarining, sogʻliqni saqlash muassasalarining vakillari chaqirilishi va ularning sogʻliqni saqlash tizimidagi ishlarning haqiqiy holati toʻgʻrisidagi axboroti eshitilishi mumkin.
5. Komissiya majlislari zaruratga qarab, lekin yilning har choragida kamida bir marta oʻtkaziladi.
II. Komissiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari va uning huquqlari
6. Komissiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
aholining tibbiy xizmat koʻrsatish masalalariga doir fikrlari va ehtiyojlarini oʻrganish maqsadida xalq bilan bevosita muloqotni taʼminlash, bu sohada jamoatchilik bilan doimiy aloqani yoʻlga qoʻyish;
sogʻliqni saqlash muassasalarining holatini va ular tomonidan fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam ravishda oʻrganish;
sogʻliqni saqlash muassasalarida koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy yordam sifatini yaxshilash, aholini ijtimoiy ahamiyatga molik dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash, sogʻliqni saqlash muassasalarining xarajatlarini moliyalashtirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash boʻyicha ishlarning, profilaktika, sanitariya-gigiyenaga doir va epidemiyaga qarshi tadbirlarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
aholi, birinchi navbatda, fertil yoshdagi ayollar, homilador ayollar, bolalar, yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan va surunkali kasalliklarga chalingan shaxslar, shuningdek oʻzgalar parvarishiga hamda tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan boshqa shaxslar oʻrtasida doimiy ravishda patronaj oʻtkazilishini oʻrganish va tahlil qilish;
oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish, yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda davolash, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi va sogʻlom ovqatlanish madaniyatini targʻib qilish orqali yuqumli boʻlmagan kasalliklarning profilaktikasi hamda ularni erta aniqlash chora-tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni oʻrganish va tahlil qilish;
birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatishning holati va sifatini doimiy ravishda tahlil qilish;
sogʻliqni saqlash muassasalari, shu jumladan tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarining moddiy-texnika taʼminotiga doir holatni tahlil qilish;
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining, tuman markaziy kasalxonalarining malakali kadrlar bilan taʼminlanganlik darajasini oʻrganish, bu borada tibbiy xizmat koʻrsatishning respublika, viloyat, tuman va qishloq boʻgʻinlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish;
tibbiyot sohasiga davlat-xususiy sherikligi joriy etilishini oʻrganish, yuqori texnologiyalarga asoslangan operatsiyalarni oʻtkazish uchun respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishini, ularning oʻz ixtisosligi boʻyicha yagona metodik, texnologik, davolash va profilaktika siyosatini amalga oshirish borasidagi faoliyatini oʻrganish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlarining aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishni va dori vositalari taʼminotini yanada yaxshilash borasidagi faoliyati ustidan deputatlar nazoratini kuchaytirishga doir faoliyatiga koʻmaklashish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining sogʻliqni saqlash sohasidagi qonunlar ijrosini tekshirish natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlarini, shuningdek ularning ushbu sohadagi qarorlari bajarilishini tahlil qilish;
sogʻliqni saqlash sohasidagi boshqaruv xodimlarini (menejerlarni) tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir holatni oʻrganish hamda ushbu masalalar boʻyicha takliflar tayyorlash;
respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining faoliyatini muntazam ravishda oʻrganish;
mamlakatimizda majburiy tibbiy sugʻurta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini oʻrganish;
majburiy tibbiy sugʻurtani yoʻlga qoʻyish uchun Janubiy Koreya, Singapur, Germaniya kabi mamlakatlardan xalqaro konsultantlarni jalb etgan holda, tegishli qonunlar va qonun osti hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha takliflar tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida sogʻliqni saqlash sohasida tashkil etilgan eshituvlar yakunlari boʻyicha toʻplangan axborot va materiallarni umumlashtirish, xulosalar hamda takliflar tayyorlash;
sogʻliqni saqlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish va ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
7. Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligidan uning vazifalari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va statistika hisobotlarini talab qilish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari huzurida tuzilgan aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishni va dori vositalari taʼminotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq etishga koʻmaklashish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha komissiyalarning faoliyatini oʻrganish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari sessiyalarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmalari rahbarlarining axborotini har chorakda eshitish va muhokama qilishni tashkil etish;
xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari sessiyalarida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlarining axborotini har oyda eshitish va muhokama qilishni tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va uning qoʻmitalari majlislarida Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari faoliyatiga doir eshituvlarni doimiy ravishda tashkil etish;
zarur boʻlgan hollarda, oʻz ishiga tegishli muassasalar va tashkilotlar vakillari, mutaxassislari va ekspertlarini jalb etish.
III. Komissiyaning faoliyatini tashkil etish
8. Komissiyaning majlislari Komissiya raisi yoki uning oʻrinbosari tomonidan chaqiriladi, ular bu haqda Komissiya aʼzolarini, qoida tariqasida, kamida ikki kun avval xabardor qiladilar.
9. Komissiyaning majlisini Komissiya raisi yoki uning oʻrinbosari olib boradi.
10. Komissiyaning majlisi ochiq oʻtkaziladi. Zarurat boʻlganda, Komissiya yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
11. Komissiya majlislariga davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining, ommaviy axborot vositalarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar taklif etilishi mumkin.
12. Ayrim masalalarni tayyorlash uchun Komissiya davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar orasidan ishchi guruhlar tuzishga haqlidir.
13. Komissiya koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan Komissiya jami aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi.
Komissiya qarorini uning majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
14. Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar, qoida tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
