Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R. Davletovning “Huquqiy targʻibotni amalga oshirish, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, shuningdek, aholining huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida (503-IV-son)
14.10.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining “Huquqiy targʻibotni amalga oshirish, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, shuningdek, aholining huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, soʻnggi yillarda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, adliya organlari tomonidan qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmuni va ahamiyatini aholi, tadbirkorlik subyektlariga yetkazish boʻyicha 520 mingga yaqin huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazildi, 685 ming nusxadagi tarqatma materiallar aholiga tarqatildi.
Keng jamoatchilikni bepul huquqiy maslahat bilan taʼminlashni nazarda tutuvchi 5 ta huquqiy portal (advice.uz — e-maslahat.uz, Milliy huquqiy internet portali, bolahuquqlari.uz, test.adliya.uz, hudud24.uz) yaratildi. Tadbirkorlar uchun bepul huquqiy maʼlumot va maslahat beradigan “Advice for business” yuridik portal ishga tushirildi.
Norma ijodkorligi faoliyatini sifatli tashkil etish, izchil va bir xil huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirish, normativ-huquqiy bazaning tizimliligini va kompleksliligini taʼminlash, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratildi.
Jumladan, vazirlik tomonidan manfaatdor idoralar bilan birgalikda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar xatlovdan oʻtkazilib, 500 ga yaqin eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan, byurokratik toʻsiq va gʻovlar hamda huquqni qoʻllash amaliyotida kolliziyalarni keltirib chiqaruvchi hujjatlar bekor qilindi.
Shuningdek 2019-yil va 2020-yilning birinchi yarim yilligida 3 419 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan oʻtkazilib, shundan 241 tasi belgilangan talablarga muvofiq taqdim etilmaganligi sababli huquqiy ekspertizadan oʻtkazilmagan. Ushbu davrda vazirlik tomonidan 300 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat loyihasi qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmaganligi tufayli ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etilgan.
Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasining ijrosini taʼminlash, umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qoʻllash amaliyotiga taʼsir etmaydigan qonun hujjatlarini qisqartirish maqsadida vazirlik tomonidan 2019-yil 1-yanvardan bugungi kunga qadar jami 760 ta idoraviy hujjat oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi.
Fuqarolarning huquqiy maʼlumot bilan tanishish imkoniyatini kengaytirish maqsadida Internet tarmogʻida Oʻzbekiston qonun hujjatlari milliy bazasi — “LexUZ” faoliyati yanada takomillashtirildi.
Davlat organlari va tashkilotlariga qonun hujjatlarini oʻz vaqtida yetkazish maqsadida “Normativ-huquqiy hujjatlarning davlat hisobi va tarqatilishi” axborot tizimi yaratildi. Mazkur tizim orqali qonun hujjati qabul qilingandan u vazirlik tomonidan tegishli tashkilotning eng quyi boʻgʻiniga qadar elektron shaklda tezkorlik bilan yetkazilmoqda.
Fuqarolarga sayyor huquqiy maslahat berish tizimi yoʻlga qoʻyilib, bevosita hududlarga chiqqan holda 40 dan ortiq qabullar oʻtkazildi. Aholi uchun dolzarb va kundalik hayotda koʻp duch kelinadigan holatlar boʻyicha vazirlik veb-saytida 21 ta yoʻnalishni qamrab oluvchi alohida “Soʻragan edingiz” boʻlimi ochilib, u muntazam faoliyat koʻrsatishi yoʻlga qoʻyildi.
Aholiga bepul yuridik yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish maqsadida “Madad” nodavlat tashkiloti va uning hududiy byurolari tashkil qilindi.
Tadbirkorlarga tezkor ravishda bepul huquqiy maslahat va maʼlumotlar olish imkoniyatini yaratish maqsadida biznes vakillari uchun maslahat oladigan “Advice for business” yuridik portali ishga tushirildi.
Imkoniyati cheklangan, koʻzi ojiz fuqarolar uchun Brayl alifbosida “Koʻzi ojiz shaxslarning huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar toʻplami” tayyorlandi.
Shu bilan birga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarning huquqiy savodxonlik darajasini oshirish borasida oʻz yechimini kutayotgan qator muammolar, hal qilinishi lozim boʻlgan masalalar ham mavjud.
Xususan, bugungi kunda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda innovatsion usullarini yanada keng joriy qilish, huquqiy axborotni tarqatish, huquqiy targʻibotni amalga oshirishda vazirlik va idoralar bilan hamkorlik yetarli darajada emas.
Vazirlik tomonidan davlat organlari va tashkilotlarning ayni yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar natijadorligini oshirish maqsadga muvofiq.
Joylarda noqonuniy qarorlar qabul qilish amaliyoti hanuzgacha uchrayotganligi, bu ayniqsa mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida koʻp kuzatilayotganini inobatga olgan holda, vazirlikning huquqiy targʻibot ishlari samaradorligini oshirish taqozo etilmoqda.
Shu bilan birga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy saytlarida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar oʻz vaqtida, toʻliq eʼlon qilinishini, aksariyat vazirlik va idoralarning oʻzlariga tegishli qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini aholiga keng tushuntirish ishlarini olib borishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish lozim.
Davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan amaliy tadbirlarni tizimli ravishda tashkil qilish orqali ayrim davlat organlari tomonidan qonun talablarini mensimaslik, ularni qoʻpol ravishda buzish holatlariga barham berishga erishish talab qilinadi.
Huquqiy mavzudagi maqolalarni yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yaratish, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi va qoʻshimcha huquqiy axborotga kirish tizimini oʻz ichiga olgan Milliy huquqiy internet portalini takomillashtirish, “LexUZ” tizimidan foydalanuvchilar auditoriyasini kengaytirish va aholiga huquqiy axborotni taqdim etish samaradorligini oshirish borasida boshlangan ishlarni tezroq yakuniga yetkazish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R. Davletovning “Huquqiy targʻibotni amalga oshirish, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, shuningdek, aholining huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (R. Davletov):
aholini qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida xabardor qilish sifatini tubdan oshirish, ushbu faoliyatni tashkil qilishda prinsipial yangi yondashuvlarni ishlab chiqish hamda takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrish;
aholining turli qatlamlari kundalik hayotida keng tarqalgan muammolar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar, jumladan ishsiz ayollar va yoshlarga huquqiy maslahatlar berish koʻlamini yanada kengaytirish;
qonun hujjatlarini tarqatish borasidagi amaliy harakatlar yuzasidan doimiy, har tomonlama monitoring va tahlil oʻtkazilishini, ularning mohiyati va ahamiyati aholiga tushuntirilishini taʼminlash hamda zarur boʻlgan taqdirda, ularni yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash;
davlat organlari va tashkilotlarning yuridik xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va uslubiy taʼminlash, xususan yuridik xizmat xodimlari malakasini oshirib borish, ular tomonidan tayyorlanadigan qonun hujjatlari loyihalarining sifatini oshirish hamda loyihalarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazishdagi masʼuliyatini yanada kuchaytirish boʻyicha choralar koʻrish;
davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonlik darajasiga oid alohida minimal talablarni ishlab chiqish hamda ularning huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil qilishni tezlashtirish;
joylarda “Qonunchilikdagi yangiliklar” mashgʻulotlarini tizimli tashkil qilish, unda adliya organlari tomonidan qabul qilingan qonun hujjatlarining mohiyatini hokimlik va mutasaddi tashkilot rahbarlariga koʻrgazmali tarzda tushuntirish, yangi qabul qilingan qonun hujjatlarida belgilangan vazifalarning ijrosini tashkil qilish holati boʻyicha tushuntirishga alohida eʼtibor qaratish;
davlat organlari va tashkilotlar tomonidan huquqiy targʻibot hamda maʼrifat boʻyicha olib borilgan ishlarni oʻrganish, shuningdek, ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlash;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning normativ-huquqiy hujjatlarni elektron tizim orqali oʻz vaqtida olishi hamda ularni oʻz tarkibiy va hududiy boʻlinmalariga yetkazishi yuzasidan doimiy monitoring oʻtkazish;
ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻida multimedia materiallari hamda dasturlarini tayyorlash ishlarini yanada kuchaytirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrish;
norma ijodkorligi faoliyatida foydalanish maqsadida milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi zarur boʻlgan xalqaro shartnomalar talablari hamda xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalari boʻyicha ochiq maʼlumotlar bazasining shakllantirilishini taʼminlash vazifalari yuklatilsin.
3. Vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari oʻz xodimlarining huquqiy savodxonligini va qabul qilinayotgan yangi normativ-huquqiy hujjatlardan xabardorlik masʼuliyatini oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy tusdagi qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi — “LexUZ” saytiga joylashtirish maqsadida hududiy adliya organlariga taqdim etib borsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi huquqiy targʻibotni amalga oshirish, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, shuningdek, aholining huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar ustidan muntazam ravishda parlament nazoratini oʻrnatsin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Kadirov zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 14-oktabr,
503-IV-son
