“20-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar — Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida (O‘RQ-669-son)
“20-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida (O‘RQ-669-son) · Sana: 22.01.2021 · Amalda
Davlat-xususiy sheriklik loyihalari toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar davlat sherigining va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi, bundan davlat siri bilan bogʻliq boʻlgan hollar mustasno:
loyiha taraflarining nomi;
loyihaning faoliyat yoʻnalishi;
loyihaning joylashgan yeri;
loyihani amalga oshirish muddati;
isteʼmolchilarga realizatsiya qilinadigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) tariflari (mavjud boʻlgan taqdirda);
loyihaning umumiy qiymati;
davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hajmi va turlari (mavjud boʻlgan taqdirda)”;
11) 21-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat sherigi tender yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar natijalari boʻyicha aniqlanadigan xususiy sherik bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzadi.
Tendyerlar bir bosqichli yoki ikki bosqichli boʻlishi mumkin.
Umumiy qiymati bir million AQSh dollariga qadar boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻyicha bir bosqichli tender oʻtkaziladi.
Bir bosqichli tenderni oʻtkazish chogʻida tender ishtirokchilarining tender hujjatlarida koʻrsatilgan konseptual qaror va shartlar asosida ishlab chiqilgan batafsil texnikaviy hamda tijoratga oid (moliyaviy) takliflari koʻrib chiqiladi va baholanadi. Tenderni tashkil etish jarayonida talabgorlar bilan tender predmetining parametrlari boʻyicha muzokaralar oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi.
Bir bosqichli tenderni oʻtkazish tartib-taomili quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonni ommaviy axborot vositalarida hamda davlat sherigining va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilish;
tenderda ishtirok etish uchun talabgorlardan tender takliflarini olish;
tenderda ishtirok etish istagini bildirgan talabgorlarga dastlabki malaka hujjatlarini va tender hujjatlari toʻplamini berish uchun soʻrov taqdim etish;
talabgorlarning tender takliflari solingan konvertlarni ochish;
tender takliflarini baholash;
tenderning gʻolibini va zaxiradagi gʻolibini aniqlash;
tender gʻolibi yoki maxsus loyihalashtirish kompaniyasi bilan muzokaralar oʻtkazish;
tender gʻolibi bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzish.
Tenderda ishtirok etish uchun tender takliflarini berish muddati tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon berilgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kalendar kundan kam boʻlmasligi kerak.
Umumiy qiymati bir million AQSh dollaridan ortiq boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻyicha ikki bosqichli tender oʻtkaziladi, bundan ushbu Qonunning 17-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ikki bosqichli tender dastlabki malakalash va tender gʻolibini saralash bosqichlarini oʻz ichiga oladi.
Ikki bosqichli tender quyidagi tartibda oʻtkaziladi:
birinchi bosqichda talabgorlarning malaka hujjatlari koʻrib chiqiladi va ularning tender hujjatlarida koʻrsatilgan malaka mezonlariga mosligi baholanadi. Talabgorlar bilan tender predmetining parametrlari boʻyicha muzokaralar oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi;
ikkinchi bosqichda kiritilgan texnikaviy va tijoratga oid (moliyaviy) takliflar tender predmetining aniqlashtirilgan parametrlari hisobga olingan, baho (tarif) albatta koʻrsatilgan holda koʻrib chiqiladi hamda baholanadi.
Ikki bosqichli tenderni oʻtkazish tartib-taomili quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonni va dastlabki malaka hujjatlarini berishga doir soʻrovni ommaviy axborot vositalarida hamda davlat sherigining va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilish;
talabgorlarning malakasini tasdiqlovchi dastlabki malaka buyurtmalarini yigʻish va baholash;
dastlabki malakalashdan oʻtgan talabgorlarning roʻyxatini shakllantirish;
dastlabki malakalashdan oʻtgan talabgorlarga davlat sherigi tomonidan tender hujjatlari toʻplamini yuborish;
dastlabki malakalashdan oʻtgan talabgorlar tomonidan tender takliflarini taqdim etish;
dastlabki malakalashdan oʻtgan talabgorlarning tender takliflari solingan konvertlarni ochish;
tender takliflarini baholash;
tenderning gʻolibini va zaxiradagi gʻolibini aniqlash;
tender gʻolibi bilan muzokaralar oʻtkazish;
tender gʻolibi yoki maxsus loyihalashtirish kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzish.
Dastlabki malakalashda ishtirok etish uchun buyurtmalar yigʻish muddati tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon berilgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kalendar kundan kam boʻlmasligi kerak.
Dastlabki malakalashni oʻtkazish natijasida kamida ikkita talabgor malaka talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Tender gʻolibini tanlab olish bosqichida davlat sherigi dastlabki malakalashdan oʻtgan talabgorlarga tender takliflarini taqdim etishga doir soʻrovni va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim loyihasini yuboradi.
Tender takliflarini berish uchun oxirgi muddat tender takliflarini taqdim etishga doir soʻrovda koʻrsatiladi va u dastlabki malakalashdan oʻtgan talabgorlarga ushbu soʻrov yuborilgan sanadan eʼtiboran qirq besh kalendar kundan kam boʻlmasligi kerak.
Talabgorlardan hech biri bittadan ortiq tender taklifini taqdim etishga haqli emas. Talabgor tender komissiyasiga tender takliflarini taqdim etish muddati tugaguniga qadar istalgan vaqtda tender taklifini oʻzgartirishi yoki qaytarib olishi mumkin.
Tender takliflarini baholash tender komissiyasi tomonidan belgilangan muddat ichida oʻtkaziladi. Tender takliflarini baholash tender komissiyasi tomonidan tender hujjatlarida belgilangan tender mezonlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Tender ishtirokchilari yoki ularning vakillari tender takliflarini baholashda hozir boʻlishga haqli emas. Baholash jarayonida tender komissiyasi tushuntirishlar berish, ulardan qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrab olish va taqdim etilgan hujjatlarning ishonchliligini tasdiqlash uchun talabgorlarni chaqirish huquqiga ega. Tender yakunlarini chiqarish chogʻida tender ishtirokchilari va (yoki) ularning ishonchli shaxslari hozir boʻlishi mumkin.
Tender komissiyasi barcha talabgorlarning tender takliflarini tender talablariga nomuvofiq deb topgan taqdirda, tenderni boʻlib oʻtmagan deb topadi va takroriy tender oʻtkazishga haqli. Takroriy tender uni oʻtkazish tartib-taomilida belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Tender komissiyasi barcha talabgorlarning tender takliflarini tender takliflarining soʻrovi talablariga muvofiq emas deb topgan taqdirda, shuningdek, agar dastlabki malakalashdan oʻtgan talabgorlarning soni ikki nafardan kam boʻlsa, tender boʻlib oʻtmagan deb topiladi va tender komissiyasi takroriy tenderni eʼlon qilishga haqli. Takroriy tender uni oʻtkazish tartib-taomilida belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Malaka buyurtmalarini va tender takliflarini qabul qilish tender hujjatlarida koʻrsatilgan tartibda hamda hollarda elektron tarzda amalga oshirilishi mumkin.
Talabgorlarning tenderda ishtirok etishi munosabati bilan qilgan xarajatlarining oʻrni qoplanmaydi, bundan ushbu Qonunning 17-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno”;
12) 22-modda:
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat sherigi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni tuzish huquqi uchun tender oʻtkazishni tartibga soluvchi tender hujjatlarini, shuningdek davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim loyihasini tayyorlaydi va tasdiqlaydi.
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Umumiy qiymati bir million AQSh dollaridan ortiq boʻlgan davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻyicha tender hujjatlari va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi vakolatli davlat organi bilan kelishib olinadi”;
ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlari tegishincha uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlar deb hisoblansin;
uchinchi qismining:
toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar samaradorligining umumiy parametrlari va talablari”;
oʻn birinchi — oʻn toʻrtinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tender taklifi beriladigan tilga doir talablar;
tender taklifining mazmuni, tender takliflarini berish va ularning amal qilish usuli, joyi, muddatlari;
tender taklifiga doir taʼminot kiritish shartlari;
tender takliflari solingan konvertlarni ochish tartib-taomillari, joyi, sanasi va vaqti”;
beshinchi qismining uchinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda tender takliflaridagi ushbu oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar talabgorlar tomonidan hisobga olinishi uchun davlat sherigi tender takliflarini taqdim etishning oxirgi muddatini oʻn besh kalendar kundan kam boʻlmagan muddatga uzaytiradi”;
13) 23-modda:
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tender mezonlari aniq boʻlishi va barcha talabgorlarga nisbatan kamsitishsiz qoʻllanilishi kerak”;
toʻrtinchi qismining yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish muddati”;
14) 25-moddaning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilangan hollarda”;
15) 26-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: “20-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida (O‘RQ-669-son). neolex.uz/uz/laws/law-5235537/20 (lex.uz/docs/-5235535)