81-modda. Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish
Saylov toʻgʻrisida (266/XXVII-son) · Sana: 04.09.2019 · Amalda
Siyosiy partiyalarning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga saylovda, mahalliy Kengashlarga saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining ana shu maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlarining bir nomzod hisobiga toʻgʻri keladigan miqdori Markaziy saylov komissiyasi va boshqa tegishli saylov komissiyalari tomonidan belgilanadi. Bu haqdagi axborot Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek zarur hollarda, boshqa manbalarda eʼlon qilinadi.
Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablagʻlari:
tashviqot olib borishga;
nomzodlarning ishonchli vakillari va tashviqot oʻtkazish uchun jalb qilinadigan boshqa faollar ishini tashkil etishga;
saylov kampaniyasini oʻtkazishga doir umumpartiyaviy tadbirlarga sarflanadi.
Siyosiy partiyalar oʻzining saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish toʻgʻrisidagi axborotni saylov yakunlari eʼlon qilinganidan keyin bir oy ichida oʻz rasmiy veb-saytlarida va bosma nashrlarida eʼlon qiladi.
