70-modda. Saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar
Saylov toʻgʻrisida (266/XXVII-son) · Sana: 04.09.2019 · Amalda
Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida tegishli tuman, shahar saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
saylovda ishtirok etish toʻgʻrisida siyosiy partiyaning tegishli tuman, shahar organi rahbari tomonidan imzolangan ariza;
siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingan kundan kamida toʻrt oy oldin roʻyxatga olinganligi haqidagi maʼlumotnoma.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilgach, tegishli tuman, shahar saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt qayd etilgan maʼlumotnoma beradi. Saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddatda partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish toʻgʻrisida uzil-kesil qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalar roʻyxati arizalarning kelib tushish navbati tartibiga qarab matbuotda eʼlon qilinadi.
