41-modda. Nomzodlar faoliyatining kafolatlari
Saylov toʻgʻrisida (266/XXVII-son) · Sana: 04.09.2019 · Amalda
Roʻyxatga olingan barcha nomzodlar teng huquqlarga ega boʻladi.
Nomzodlar saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish, saylovoldi yigʻilishlarida, televideniye va radio orqali soʻzga chiqish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan saylovni oʻtkazish uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod boʻlish huquqiga ega.
Nomzodlar roʻyxatga olinganidan keyin saylov okrugi doirasida davlat yoʻlovchilar transportining barcha turlarida (bundan shahar yoʻlovchi transporti, taksi va boshqa transport turlarining buyurtma yoʻnalishlari mustasno) tekinga yurish huquqiga ega. Saylov okrugidan tashqarida yashovchi deputatlikka nomzod saylov okrugiga borish va yashash joyiga qaytish uchun ularda tekinga yurish huquqidan foydalanadi.
Nomzodlarning xizmat safari va boshqa xarajatlari saylovni oʻtkazish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan toʻlanadi.
