29-modda. Fuqarolarni saylovchilarning roʻyxatlari bilan tanishtirish
Saylov toʻgʻrisida (266/XXVII-son) · Sana: 04.09.2019 · Amalda
Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar roʻyxati bilan tanishish, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar roʻyxatidan oʻzlariga tegishli maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyati taʼminlanadi.
Saylovchilarning roʻyxatlari saylovga oʻn besh kun qolganida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin boʻlgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalarda esa saylovga uch kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi.
Uchastka saylov komissiyasi roʻyxat bilan tanishish joyi va vaqti toʻgʻrisida xabardor etadi.
Saylov komissiyalari saylovchilarning roʻyxatlari hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilganidan keyin ham ularga oʻzgartishlar kiritishi mumkin.
Saylovchilarning roʻyxatlariga oʻzgartishlar kiritish saylovga uch kun qolganida toʻxtatiladi.
