22-modda. Okrug saylov komissiyasining vakolatlari
Saylov toʻgʻrisida (266/XXVII-son) · Sana: 04.09.2019 · Amalda
Okrug saylov komissiyasi:
tegishli hududda ushbu Qonunning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
saylov uchastkalarini tuzadi, okrug boʻyicha ularning tartib raqamini belgilaydi, manzilini koʻrsatgan holda ularning roʻyxatini eʼlon qiladi;
uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
saylov uchastkalarining joylashgan eri haqida saylovchilarni xabardor qiladi;
uchastka saylov komissiyalarini tuzadi va ularning tarkibi haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;
nomzodlarga saylov kampaniyasida ishtirok etish uchun teng sharoitlarni taʼminlaydi;
nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga koʻmaklashadi;
deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillarini roʻyxatga oladi va ularga tegishli guvohnomalar beradi;
siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi;
saylovchilar roʻyxatlarining tuzilishini va ularning hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini kuzatib boradi;
saylov okrugi boʻyicha saylov natijalarini aniqlaydi va ularni tegishincha Markaziy saylov komissiyasiga, tuman, shahar saylov komissiyasiga taqdim etadi;
takroriy ovoz berish va takroriy saylov, shuningdek boʻshab qolgan oʻrinlarga deputatlar saylovi oʻtkazilishini tashkil etadi;
saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
