29-modda. Madaniyat markazlari
Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida (O‘RQ-668-son) · Sana: 20.01.2021 · Amalda
Davlat muassasasi shaklida tashkil etilgan, aholining madaniy ehtiyojlarini oʻrganish, shuningdek madaniy-maʼrifiy va koʻngilochar xizmatlar koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi, badiiy ijod, amaliy sanʼat va havaskorlik bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxs madaniyat markazidir.
Madaniyat markazlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
aholiga koʻrsatiladigan madaniy xizmatlar sifatini yaxshilash, aholining boʻsh vaqti mazmunli oʻtishini taʼminlash va madaniy ehtiyojlarini qanoatlantirish, ijodiy jamoalarning milliy qadriyatlarni, urf-odatlar va anʼanalarni oʻzida mujassam etgan namunaviy dasturlarni shakllantirish;
xalq ijodiyotini va badiiy havaskorlikni saqlash hamda rivojlantirish, badiiy va amaliy ijodiy jamoalarni, havaskorlik guruhlarini tashkil etish, ularning faoliyat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek ijodiy jarayonlarni tizimli asosda boyitib borish;
bolalarni toʻgaraklarga jalb etish, ularni chet tillarga oʻqitish, “Nutq madaniyati” kurslarini tashkil etish, xalq ijodiyotining barcha janrlari va yoʻnalishlarini, havaskorlik sanʼatini va nomoddiy madaniy merosni keng targʻib qilish, shuningdek ularni asl holida kelajak avlodga yetkazish;
adabiyot va sanʼat arboblari, professional ijodiy guruhlar bilan birga maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy-ommaviy tadbirlarni tashkil etish hamda ular ishtirokida aholi, shu jumladan yoshlar bilan ijodiy uchrashuvlar va suhbatlar oʻtkazish;
xalq ijodiyoti va tomosha sanʼati tanlovlarini, tuman (shahar) festivallarini oʻtkazish, isteʼdodli yoshlarni aniqlash hamda ijodkor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash;
ommaviy bayramlar, tomoshalar hamda xalq sayillarini tashkil etish, yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuzilgan shartnomalarga koʻra ijtimoiy-madaniy boʻsh vaqtni tashkil etish sohasida pulli xizmatlar koʻrsatish.
