Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2006-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida (330-I-son)
30.03.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori R.H. Qodirovning Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2006-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni taʼkidlaydiki, prokuratura organlari tomonidan hisobot davrida qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularning profilaktikasi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Prokuratura organlari tomonidan nazorat faoliyatini amalga oshirishda asosiy eʼtibor iqtisodiyotni erkinlashtirish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, toʻlov intizomini mustahkamlash, banklar tomonidan naqd pul mablagʻlari va kreditlar oʻz vaqtida berilishini taʼminlash, tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoyalashga, qishloq xoʻjaligida hamda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirishga yoʻnaltirilgan qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijro etilishini, shuningdek Oliy Majlis Senati Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2005-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti yuzasidan qabul qilgan Qaror ijrosini taʼminlashga qaratilgan.
Mazkur sohalarda aniqlangan qonunbuzarlik hollari prokuror nazorati hujjatlari vositasida bartaraf qilinib, qonuniylikni taʼminlash, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish choralari koʻrilgan.
Qonunlarning ijro etilishi ustidan prokuror nazoratini amalga oshirish jarayonida oʻtkazilgan 31742 ta tekshirish natijasida 21348 ta huquqiy hujjat prokurorlar protestlari asosida qonunga muvofiqlashtirilgan, qonunni buzish bilan bogʻliq holatlarni bartaraf etish yuzasidan 37972 ta taqdimnoma kiritilgan, 84127 nafar mansabdor shaxs qonunbuzishlarga yoʻl qoʻymaslik xususida ogohlantirilgan, 128077 nafar shaxs intizomiy, maʼmuriy va moddiy javobgarlikka tortilgan. Etkazilgan moddiy zararning 5,5 mlrd. soʻmi aybdor shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda qoplangan, 164,7 mlrd. soʻmlik moddiy zararni undirish boʻyicha sudlarga 60346 ta daʼvo arizasi berilgan, 6182 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Zararlarning oʻrnini qoplash yuzasidan ixtiyoriylik asosida hamda fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga va xoʻjalik sudlariga prokurorlar tomonidan berilgan arizalar boʻyicha undirilgan, shuningdek jinoyat ishlari boʻyicha undirilishi taʼmin etilgan jami summa miqdori 185,3 mlrd. soʻmni hamda 33,2 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.
2006-yil “Homiylar va shifokorlar yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan qabul qilingan Davlat dasturini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan qonunlar ijrosini nazorat qilishga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, xodimlar mehnatiga haq toʻlanishiga oid qonun hujjatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida ijro etilishi tekshirilganda mansabdor shaxslarning aybi bilan 949 mln. soʻmlik noqonuniy toʻlovlar toʻlanganligi, jami 340 mln. soʻmlik moddiy mablagʻlar talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Naqd pul mablagʻlarining bankdan tashqari aylanishini yanada qisqartirishga taalluqli qonun hujjatlari ijrosini taʼminlash borasida samarali ishlar qilingan. Xususan, depozit hisobvaraqlaridagi naqd pul mablagʻlarini mijozlarning birinchi talabi boʻyicha berishda ayrim tijorat banklarining mansabdor shaxslari va masʼul xodimlari tomonidan qonun hujjatlarini buzish hollariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlanib, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash choralari koʻrilgan.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini taʼminlashga qaratilgan qonunlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari ogʻishmay ijro etilishi ustidan nazoratni taʼminlashga alohida eʼtibor berilgan. Tadbirkorlar faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va ularning huquqlarini kamsitganlik uchun mansabdor shaxslarni qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortish yuzasidan izchillik bilan choralar koʻrilgan.
Qonunlarga rioya etilishi yuzasidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan nazorat qiluvchi idoralar mansabdor shaxslarining masʼuliyatini oshirish maqsadida hisobot davrida prokurorlar tomonidan tegishli taʼsir choralari qoʻllanilgan.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar hamda fuqarolarning gaz yoki elektr tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanishining oldini olishga, shuningdek ularning gazdan va elektr energiyasidan foydalanganlik uchun toʻlovlar toʻlashning belgilangan tartibiga rioya etishini taʼminlashga qaratilgan tekshirishlar yakunlariga binoan, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish maqsadida 18 mingdan ortiq prokuror nazorati hujjatlari chiqarilgan, 12075 nafar mansabdor shaxs intizomiy, maʼmuriy va moddiy javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari yetkazilgan zararning 574,5 mln. soʻmi aybdor shaxslardan ixtiyoriylik asosida undirilgan, sudlarga jami 5,2 mlrd. soʻm undirish yuzasidan 5484 ta daʼvo arizasi berilgan. Qonunni qoʻpol ravishda buzganlik bilan bogʻliq hollar boʻyicha 186 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Gaz va elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish hollarining oldini olish dasturi ijrosi natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida idoralararo yigʻilishda, manfaatdor vazirliklar, idoralar va davlat nazorat inspeksiyalari rahbarlari ishtirokida muhokama qilinib, mazkur masala yuzasidan tegishli tavsiyalar berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligida islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan qonunlar ijrosini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2004-yil 11-martda chiqarilgan PF-3406-sonli Farmoni ijrosiga doir tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilgan. Bunda asosiy eʼtibor fermyerlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, yer uchastkalari ajratish va ulardan foydalanishda qonunlarning buzilishi hollariga barham berishga, shartnoma intizomini qatʼiy taʼminlashga qaratilgan.
Qishloq xoʻjaligi yerlaridan qarindosh-urugʻchilik va oshna-ogʻaynigarchilik negizida qonunga xilof tarzda foydalanish hollarini aniqlash hamda ularni barham toptirish tadbirlari mobaynida 18 ming gektardan ortiq ekin maydonlaridan noqonuniy va belgilanmagan maqsadda foydalanilganligi hollari aniqlangan, koʻrilgan choralar natijasida ana shu ekin maydonlari qonuniy egalariga qaytarilgan. Bu taxlit suiisteʼmolliklarga yoʻl qoʻygan 129 nafar mansabdor shaxsga nisbatan choralar koʻrilgan. Ammo fermer xoʻjaliklariga yer uchastkalari, kreditlar, texnika va mineral oʻgʻitlar ajratishda tamagirlik hollari uchrab qolayotganligi bu sohada amalga oshirilayotgan prokuror nazoratidagi kamchiliklardan dalolat beradi.
Voyaga yetmaganlarning ijtimoiy himoyasi va taʼlim-tarbiyasiga oid, shuningdek mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga hamda ajratilayotgan budjet mablagʻlarining belgilangan maqsadda ishlatilishiga taalluqli qonunlar va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarining ijrosi ahvoli prokuratura organlari tomonidan voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar bilan hamkorlikda oʻrganilgan. Tekshiruv natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining idoralararo yigʻilishida muhokama qilingan. Bu borada yoʻl qoʻyilgan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish hamda mavjud imkoniyatlardan yanada toʻlaroq foydalanish uchun tegishli tadbirlar belgilab olingan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan bu yoʻnalishda hamkorlikni kuchaytirish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Jumladan, muvofiqlashtiruvchi kengashning Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan 2006-yilda oʻtkazilgan yigʻilishlarida jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish bilan bogʻliq oʻnga yaqin masala muhokama qilingan.
2006-yilda ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarning, jumladan qasddan odam oʻldirish, bosqinchilik, oʻgʻrilik, avtotransport vositalarini olib qochish jinoyatlarining, shuningdek doimiy ish va oʻqish joyi boʻlmagan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning soni 2005-yilga nisbatan kamayganligi qayd etildi.
Prokuror nazoratini amalga oshirishda davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari mansabdor shaxslarining jinoiy qilmishlarini barham toptirishga alohida eʼtibor berildi. 2006-yilda 5161 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi va ularga nisbatan jazoning muqarrarligi taʼminlandi. Shu bilan birga 58,2 mlrd. soʻm va 33,2 mln. AQSh dollari miqdoridagi moddiy zarar dastlabki tergov mobaynida qoplangan.
Dastlabki tergovni oʻtkazishda “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 2001-yil 29-avgustda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga ogʻishmay rioya etilishiga alohida eʼtibor qilindi. Chunonchi, aksariyat jinoyat ishlari boʻyicha dastlabki tergov qonunda belgilangan uch oylik muddatda tugallandi. Bunda faqat 50 ta jinoyat ishi boʻyicha tergov muddatlari uzaytirilgan, xolos.
Aholi oʻrtasida huquqiy targʻibot ishlarini olib borish, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining mazmun va mohiyatini tushuntirish maqsadida, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularning profilaktikasini koʻzlab prokuratura organlari tomonidan 105 mingdan ortiq tadbir oʻtkazilgan. Masalan, ommaviy axborot vositalarida 19 mingga yaqin maqola chop etilgan, huquqiy mavzularda davra suhbatlari va uchrashuvlar oʻtkazilgan.
Hisobot yilida kadrlarni oqilona tarzda tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularni tarbiyalash hamda malakasini oshirish maqsadida prokuror-tergov xodimlarining ish joylari vaqti-vaqti bilan oʻzgartirib va almashtirib turilgan. Xususan, shunday jarayon asnosida 272 xodim (149 nafari Departament xodimi) boshqa ish joyiga oʻtkazilgan, shulardan 77 nafari pastroq lavozimlarga oʻtkazilgan.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining hisoboti tahlili prokuratura organlari faoliyatida ayrim kamchilik va nuqsonlar mavjudligidan ham dalolat beradi. Jinoyatchilikka, tadbirkorlik subyektlari huquq va erkinliklari buzilishiga qarshi kurashuvchi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari oldini olish, shuningdek fuqarolarning ariza va shikoyatlari vaqtida hal etilishini taʼminlash borasidagi faoliyat hamon yetarlicha samarador emas. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti tizimida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, xodimlarni professional jihatdan qayta tayyorlash, malakasini oshirish hamda masʼuliyatini kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilgan tadbirlar oʻrtaga qoʻyilgan talablarga muvofiq emas. Departament tizimida jinoyatlar haqidagi ariza va xabarlarni roʻyxatga olish, koʻrib chiqish va hal etishda jinoyat-protsessual qonun hujjatlari normalariga rioya etilishi masalalarini chuqur tahlil etish talab qilinadi.
Ayrim oʻta ogʻir jinoyatlarning fosh etilmasdan qolayotganligi jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan bogʻliq profilaktika tadbirlarini amaliyotda qoʻllanish samaradorligini oʻrganish yuzasidan prokuror nazorati kuchaytirilishini taqozo etmoqda. Bu gap ayniqsa jinoyatlarga barham berish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan choralarga taalluqli. Xususan, hisobot davri yakunlariga koʻra qasddan odam oʻldirish yoki qasddan odam oʻldirishga suiqasd qilish jinoyatlariga oid 79 ta ish, yaʼni mazkur turdagi jinoyatlarning 11,8 foizi ochilmagan. 2006-yili roʻyxatga olingan jinoyatlarning umumiy soni 3,1 foizga koʻpaygan. Ayrim jinoyat turlari, jumladan qasddan badanga ogʻir tan jarohati yetkazish, nomusga tegish, tovlamachilik va talonchilik jinoyatlari soni ancha ortgan.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga doir qonunlarning qatʼiy ijro etilishini taʼminlashga oid chora-tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va quyi turuvchi prokuratura organlari tomonidan talab darajasida ishlab chiqilgan deb boʻlmaydi. Prokuratura organlarining jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarida ham samaradorlik yetarli emas.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori R.H. Qodirovning Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2006-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlansin.
2. Iqtisodiyotni erkinlashtirish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoyalashga, shuningdek qishloq xoʻjaligidagi hamda sud-huquq sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijrosi ustidan taʼsirchan prokuror nazoratini taʼminlash prokuratura organlari faoliyatida ustuvor vazifa deb belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori:
mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlashga doir hamda qonunlarga aniq va ogʻishmay rioya qilinishi ustidan olib borilayotgan prokuror nazoratining samaradorligini yanada oshirish yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrsin;
aholini ijtimoiy muhofaza qilish hamda ish bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash haqidagi, yirik korxonalarning kasanachilik bilan kooperatsiyalashuviga oid qonunlar ijrosi ustidan tizimli nazorat amalga oshirilishini tashkil etsin;
“Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan qonunlar ijrosi ustidan nazoratga alohida eʼtibor bersin;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiya bilan hamkorlikda voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunlar ijrosi ustidan nazoratni taʼminlash ishlarini kuchaytirsin;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatchilikka qarshi kurashish va jinoyatlarning oldini olish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishga, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat idoralari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari bilan bogʻliq shikoyatlarni hal etishning qonuniyligiga alohida eʼtibor bersin;
aholi oʻrtasida huquqiy targʻibot ishlarini kuchaytirsin;
kadrlarni tanlash, tarbiyalash va joy-joyiga qoʻyish mexanizmini yanada takomillashtirish choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti tizimida xodimlarning professional tayyorgarlik darajasini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori ushbu Qarorning ijro etilishi qanday borayotganligi haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga 2007-yilning 1-dekabriga qadar axborot bersin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2007-yil 30-mart,
330-I-son
