6-modda. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga rahbarlik qilishning umumiy masalalari
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgarishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (524-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlari ishini muvofiqlashtirib hamda yoʻnaltirib boradi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat boshqaruvining boshqa organlari haqidagi nizomlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan taʼminlanadigan davlat boshqaruvi boshqa organlarining markaziy devoni xodimlari sonini va ular taʼminotiga ajratiladigan mablagʻlar miqdorini belgilaydi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritadi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisidagi taqdimnomalarni tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Vazirlarning va davlat qoʻmitalari raislarining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Davlat boshqaruvi boshqa organlarining rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tashkil etiladigan xoʻjalik boshqaruvi organlarining rahbarlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi.
Davlat boshqaruvi organlari hayʼatlarining aʼzolari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tashkil etiladigan xoʻjalik boshqaruvi organlari boshqaruvlarining aʼzolari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasi zarurat boʻlganda oʻz vakolatiga kiruvchi davlat boshqaruvining ayrim masalalarini hal etishni, agar bu masalalarning hal etilishi qonun hujjatlarida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining mutlaq vakolatlariga kiritilgan boʻlmasa, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va oʻz boʻysunuvidagi davlat boshqaruvi boshqa organlariga berishi mumkin.
