4-modda. Vazirlar Mahkamasining tarkibi va uni shakllantirish tartibi
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgarishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (524-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Vazirlar Mahkamasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri (bundan buyon matnda Bosh vazir deb yuritiladi), uning oʻrinbosarlari, vazirlar, davlat qoʻmitalarining raislari kiradi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi hukumatining boshligʻi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga oʻz lavozimi boʻyicha kiradi.
Bosh vazir nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng koʻp deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni koʻrib chiqqanidan keyin oʻn kun muddat ichida uni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining koʻrib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.
Bosh vazir lavozimiga nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi koʻrib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakat dasturini taqdim etadi.
Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari umumiy sonining yarmidan koʻpi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.
Agar ovoz berish vaqtida Bosh vazir nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi yoki Senatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari yoki Senati aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozini ololmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan qoʻshimcha maslahatlashuvlar oʻtkazganidan soʻng Bosh vazir lavozimiga nomzodni yana bir marta taqdim etish huquqiga ega.
Vazirlar Mahkamasining aʼzolari Bosh vazirning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzod u Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining masʼul qoʻmitasi, siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlar guruhlari tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqilganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqiladi va maʼqullanadi.
