20-modda. Vazirlar Mahkamasining qarorlari
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgarishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (524-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy normalar doirasida va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy tusdagi yoki oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlgan hujjatlari Vazirlar Mahkamasining qarorlari shaklida qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining tezkor va boshqa joriy masalalar boʻyicha qarorlari Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari shaklida qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari Bosh vazir tomonidan imzolanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga asoslangan holda Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlarini hamda Bosh vazir farmoyishlarini bekor qilishga haqli.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, agar ularda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi. Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy tusdagi qarorlari, agar hujjatlarning oʻzida kechroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasi oʻzi qabul qilgan qarorlarning bajarilishi ustidan bevosita yoki vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlari orqali nazoratni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy tusdagi qarorlari “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami”, “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinadi, zarur boʻlgan taqdirda esa boshqa ommaviy axborot vositalari orqali ham keng omma eʼtiboriga yetkaziladi.
