1-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgarishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (524-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Vazirlar Mahkamasi — Oʻzbekiston Respublikasining Hukumati — Oʻzbekiston Respublikasining ijro etuvchi hokimiyat organidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (bundan buyon matnda Vazirlar Mahkamasi deb yuritiladi):
1) samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosati yuritilishi, fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun javobgar boʻladi;
2) fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
3) davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi va yoʻnaltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni taʼminlaydi;
4) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini taʼminlaydi;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan maʼruzalar taqdim etadi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida va qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi davlat boshqaruvi organlari tizimiga va oʻzi tashkil etadigan xoʻjalik boshqaruvi organlari tizimiga boshchilik qiladi, ularning hamjihatlik bilan faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydi.
Vazirlar Mahkamasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oldida javobgardir.
Vazirlar Mahkamasi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.
