Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar toʻgʻrisida (SQ-212-IV-son)
06.01.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yoʻnalishlarni bayon etuvchi, shuningdek parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq takliflarni oʻzida aks ettiruvchi muhim dasturiy siyosiy-huquqiy hujjat hisoblanadi.
Parlament xalqning dardi va muammolarini hal etadigan, fuqarolar huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashadigan “tafakkur markazi” sifatida respublikamizda olib borilayotgan islohotlar natijalari aholining hayoti va kundalik turmushida oʻzining yaqqol ifodasini topishida, odamlarning ijtimoiy faolligini oshirishda, ularda ertangi kunga ishonchni mustahkamlashda tashabbuskor boʻlishi zarur.
Bu borada parlament aʼzolari oʻzlari saylangan hudud (okrug)lardagi muammolar, tegishli vazirlik va mahalliy hokimliklar tomonidan qay darajada hal etilayotganligini doimiy oʻrganib, nazorat qilib borishlari lozim.
Shuni inobatga olib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni muhokama qilib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 9-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Harakatlar dasturini (bundan buyon matnda Harakatlar dasturi deb yuritiladi) ishlab chiqish boʻyicha Ishchi guruh tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ishchi guruh bir oy muddatda Murojaatnomada belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha aniq choralar hamda ijro mexanizmlarini koʻrsatgan holda Harakatlar dasturi loyihasini tayyorlasin va Senat Kengashiga kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalari:
Murojaatnomada belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda Qoʻmitaning amaldagi faoliyatini tanqidiy tahlil qilsin va muayyan yoʻnalishlar boʻyicha uning faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqsin;
oʻz faoliyatini rejalashtirishda Murojaatnomada nazarda tutilgan yoʻnalishlarni inobatga olsin;
barcha qoʻmita aʼzolarining Harakatlar dasturi ishlab chiqish jarayoniga faol jalb etilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi:
bir hafta muddatda Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashining tarkibini shakllantirish, uning nizomi hamda 2021-yilga moʻljallangan ish rejasini ishlab chiqish yuzasidan takliflarni tayyorlash boʻyicha Ishchi guruhni shakllantirsin;
ikki hafta muddatda Ishchi guruh tomonidan tayyorlangan takliflarni Senat Kengashiga taqdim etsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini targʻib etish hamda belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda hududiy dasturlarni tayyorlash masalalari yuzasidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining sessiyalarini oʻtkazish;
qonun va qonunosti hujjatlarida belgilab berilgan mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitish hamda muhokama qilib borish masalalari 2021-yilgi ish rejalarida aks ettirilishini hamda bajarilishini taʼminlash;
har chorak yakuni boʻyicha hududlarda kambagʻallikni qisqartirishga oid manzilli dasturlarning ijrosi yuzasidan hokimlar va sektor rahbarlarining hisobotlarini eshitish hamda muhokama qilib borish;
“temir daftar”, “ayollar daftari” hamda “yoshlar daftari” boʻyicha chora-tadbirlar dasturlarining mahalliy ijro organlari rahbarlari tomonidan oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishi ustidan taʼsirchan nazoratni taʼminlash tavsiya etilsin.
6. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari Z. Nizamxodjayev zimmasiga yuklansin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 6-yanvar,
SQ-212-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 6-yanvardagi SQ-212-IV-sonli Qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Harakatlar dasturini ishlab chiqish boʻyicha Ishchi guruh
TARKIBI
T/r F.I.O. Ish joyi va lavozimi 1. Nizamxodjayev Zayniddin Maxamatovich Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi oʻrinbosari, Ishchi guruh rahbari 2. Alimov Ravshanbek Azadbekovich Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi 3. Gadoyev Erkin Fayziyevich Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi 4. Umarov Nariman Madjitovich Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi 5. Burxanov Kutbidin Nukritdinovich Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi 6. Iminov Odiljon Karimovich Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi 7. Eshmatova Feruza Farxodovna Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi 8. Sayfullayev Baxtiyor Sayfullayevich Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi 9. Tajiyev Baxadir Sadullayevich Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi 10. Alixanov Boriy Batirovich Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisi 11. Nurullayev Qudrat Baxodirovich Senat devoni rahbarining oʻrinbosari 12. Abduraupov Rustam Ramzovich Senat devonining Nazorat-tahlil boshqarmasi boshligʻi
