Navoiy viloyati Nurota tumani Gʻozgʻon shaharchasini Gʻozgʻon shahri etib oʻzgartirish, Gʻozgʻon shahrini viloyat buysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish hamda Navoiy viloyati Nurota tumani chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida (2491-III-son)
02.05.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga hamda “Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5, 10 va 11-moddalariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifi qabul qilinib:
Navoiy viloyati Nurota tumani Gʻozgʻon shaharchasi Gʻozgʻon shahri etib oʻzgartirilsin;
Navoiy viloyati Nurota tumani Gʻozgʻon shahri viloyat buysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritilsin;
Navoiy viloyati Nurota tumani hududining 59 413 gektar yer maydoni (“Shayxon” mahalla fuqarolar yigʻini hududi — 37 161 gektar, “Tumar” mahalla fuqarolar yigʻini hududi — 3 829 gektar, “Guliston” mahalla fuqarolar yigʻini hududi — 3 083 gektar va “Marmarobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududi — 15 340 gektar) Navoiy viloyatining Gʻozgʻon shahri tarkibiga oʻtkazilsin;
Gʻozgʻon shahri chegarasining tavsifi va grafik chizmasi hamda Navoiy viloyati Nurota tumani chegarasining grafik chizmasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan 1 — 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Navoiy viloyatining Gʻozgʻon shahri tarkibiga oʻtkazilayotgan Nurota tumani saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari Nurota tuman Kengashining deputatlari xalq deputatlari Gʻozgʻon shahar Kengashining deputatlari hisoblanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning bajarilishiga doir kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
4. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-may,
2491-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019-yil 2-maydagi 2491-III-son qaroriga 1-ILOVA
Navoiy viloyatining Nurota tumanidan Gʻozgʻon shahriga oʻtkazilayotgan yerlar chegarasining
TAVSIFI
Navoiy viloyat Nurota tumani “Guliston” mahalla fuqarolar yigʻinining jami — 3 083 gektar hududi, “Marmarobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududining jami — 15 340 gektar hududi, “Tumar” mahalla fuqarolar yigʻini hududining jami — 3 829 gektar hududi “Shayxon” mahalla fuqarolar yigʻini hududining jami — 37 161 gektar yer maydonlari Gʻozgʻon shahri tarkibiga oʻtkaziladi.
Boshlangʻich nuqta sifatida, Buxoro viloyati va Navoiy viloyatining Nurota tumani “Gʻozgʻon” massivi hamda Konimex tumani “Saribel” massivi chegara chiziqlari tutashgan joydagi nuqta qabul qilingan.
Chegara 1-nuqtadan, shimoliy-sharqiy yoʻnalishda Konimex va Nurota tumanlari chegarasi (Suxodol) boʻylab, 22 060 metr, soʻngra janubiy-sharqiy yoʻnalishda 10 472 metr uzoqlikda Konimex tumani bilan Nurota tumanining “Shayxon” MFY va “A. Temur” MFY chegaralari kesishgan joydagi 2-nuqtagacha davom etadi.
Chegara 2-nuqtadan, janubiy yoʻnalishda Nurota tumanining “Shayxon” MFY va “A. Temur” MFY chegarasi (Suxodol) boʻylab 33 835 metr masofada, tumanning “Tumar” MFY, “A. Temur” MFY va “Dexibaland” MFY chegaralari tutashgan joydagi 3-nuqtagacha davom etadi.
Chegara 3-nuqtadan, janubiy-gʻarbiy yoʻnalishda 5 375 metr masofada “Tumar” MFY va “Dexibaland” MFY chegarasi boʻylab, Gʻozgʻon shaharchasi va “Dexibaland” MFYlarni oʻzaro bogʻlovchi avtomobil yoʻlini kesib oʻtib, yana janubiy-gʻarbiy yoʻnalishda 7 759 metr masofada viloyatning Navbahor, Konimex va Nurota tumanlari chegara chiziqlari kesishgan joydagi 4-nuqtagacha davom etadi.
Chegara 4-nuqtadan, shimoliy-gʻarbiy yoʻnalishda Navoiy viloyati Konimex tumani va Nurota tumanining “Marmarobod” MFY chegarasi (Suxodol) boʻylab 8 805 metr masofada Buxoro viloyati va Navoiy viloyatining Konimex va Nurota tumanlari chegara chiziqlari kesishgan joydagi 5-nuqtagacha davom etadi.
Chegara 5-nuqtadan, shimoliy yoʻnalishda Buxoro viloyati va Navoiy viloyatining Nurota tumani chegara chizigʻi boʻylab 20 274 metr masofada, Buxoro viloyati va Navoiy viloyatining Nurota tumani “Gʻozgʻon” massivi hamda Konimex tumani “Saribel” massivi chegara chiziqlari tutashgan joydagi boshlangʻich nuqtagacha davom etadi.
Chegaraning umumiy perimetri 108 580 metrni tashkil etib, hududning umumiy yer maydoni 59 413 gektardan iborat.
