Qozogʻiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasining elchixonasini ochish toʻgʻrisida (210-son)
08.05.1993
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Markaziy Osiyo davlatlari boshliqlarining 1993-yil 4-yanvarda boʻlib oʻtgan Toshkent uchrashuvi qoʻshma Bayonotiga, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisida 1992-yil 23-noyabrda notalar ayirboshlanganligiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qozogʻiston Respublikasining Olmaota shahrida Oʻzbekiston Respublikasining Elchixonasini ochish zarur deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Elchixonasining 1993-yil uchun shtatlar jadvali va xarajatlar smetasi 1—2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Elchixona xodimlari sonini 1993-yil uchun 5 kishidan, shulardan diplomatik tarkibdagi xodimlar soni — 3 kishi, texnik tarkibdagi xodimlar soni — 2 kishidan iborat qilib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻiston Respublikasidagi Elchixonasining faoliyat koʻrsatishi uchun xarajatlar smetasiga muvofiq 1993-yil uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni ajratsin, shuningdek, Elchixona tomonidan asbob-uskuna va jihozlar sotib olinishi uchun qoʻshimcha mablagʻ ajratishni nazarda tutsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻiston Respublikasidagi Elchixonasi toʻgʻrisidagi Nizom loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
shtatlar jadvaliga muvofiq Elchixonani xodimlar bilan butlash uchun nomzodlar boʻyicha taklif kiritsin.
4. “Oʻzshartnomasavdo” davlat uyushmasi va “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi Qozogʻiston Respublikasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Elchixonasi uchun Tashqi ishlar vazirligining talabnomalariga binoan belgilangan tartibda moddiy-texnika resurslari, jihozlar, asbob-uskunalar hamda transport vositalari ajratsinlar.
5. Aloqa vazirligi Olmaota shahridagi Oʻzbekiston Respublikasi Elchixonasini zarur aloqa vositalari bilan taʼminlashda yordam koʻrsatsin.
6. “Oʻzavtotrans” davlat korporatsiyasi, Oʻrta Osiyo temir yoʻl boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasining Olmaota shahridagi Elchixonasi yuklarini va xodimlarini manzilga yetkazib berilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻiston Respublikasidagi Elchisi maishiy, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi vazirining oʻrinbosariga tenglashtirilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 8-may,
210-son
Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 8-maydagi 210-son qaroriga 1-ILOVA
Qozogʻiston Respublikasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Elchixonasining
ShTAT JADVALI
Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 8-maydagi 210-son qaroriga 2-ILOVA
Qozogʻiston Respublikasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Elchixonasining xarajatlari
SMETASI
