302-modda. Raqobatga oid ishlar
Sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-663-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Yuridik shaxslar, shu jumladan chet el yuridik shaxslari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda monopoliyaga qarshi organ oʻrtasida tovar va moliya bozorlarida raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar raqobatga oid ishlar jumlasiga kiradi”;
7) 32-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sudga taalluqli ishlar tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tomonidan koʻriladi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudloviga tegishli ishlar mustasno.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari:
taraflardan biri Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti — chet el shaxsi boʻlgan ishlarni;
chet davlat sudlari va arbitrajlarining qarorlarini tan olish hamda ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻradi.
Davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻrtasidagi iqtisodiy bitimlardan kelib chiqadigan nizolar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan koʻriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi alohida holatlarni eʼtiborga olgan holda har qanday ishni istalgan suddan olib qoʻyish va uni birinchi instansiya boʻyicha oʻz ish yurituviga qabul qilishga, ishni bir suddan boshqasiga oʻtkazishga haqli.
Investitsiyaviy nizolar boʻyicha yirik investorning, raqobatga oid ishlar boʻyicha taraflarning xohishiga koʻra, ushbu toifadagi ishlar bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, qolgan investitsiyaviy nizolar investorning xohishiga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida koʻriladi”;
8) 34-modda quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Yirik investor boʻlmagan investorning investitsiya faoliyati bilan bogʻliq daʼvolar javobgar joylashgan yerdagi tuman (shahar), tumanlararo iqtisodiy sudga yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga taqdim etilishi mumkin.
Yirik investorning investitsiya faoliyati bilan bogʻliq daʼvolar, shuningdek tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan daʼvolar javobgar joylashgan yerdagi tuman (shahar), tumanlararo iqtisodiy sudga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga taqdim etilishi mumkin”;
