3248-modda. Apellatsiya instansiyasi sudining vakolatlari
Sud qarorlarini qayta koʻrish institutining takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-665-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalariga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
1) birinchi instansiya sudi qarorini oʻzgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmay qoldirish toʻgʻrisida;
2) birinchi instansiya sudi qarorini, shuningdek organning (mansabdor shaxsning) qarorini bekor qilish va ishni maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organga (mansabdor shaxsga) qaytarish haqida;
3) birinchi instansiya sudi qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish va yangi qaror chiqarish toʻgʻrisida;
4) birinchi instansiya sudi qarorini bekor qilish va ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida;
5) jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatida nazarda tutilgan doirada oʻzgartirish haqida;
6) apellatsiya shikoyati (protesti) qaytarib olinishi munosabati bilan apellatsiya ish yuritishini tugatish toʻgʻrisida.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilganidan keyin darhol oʻqib eshittiriladi.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori u oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan kassatsiya tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin.
