“4191-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi
Sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-661-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Kassatsiya instansiyasi sudining ajrimida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
1) ajrim chiqarilgan sana va joy;
2) ajrim chiqargan sudning nomi va tarkibi;
3) taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning ishtiroki toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
4) ish kimning shikoyati (protesti) boʻyicha koʻrib chiqilganligi;
5) shikoyat qilingan yoki protest keltirilgan sud hujjatining nomi va uning qisqacha mazmuni;
6) shikoyatda (protestda) bayon etilgan vajlar, taqdim etilgan materiallarning qisqacha mazmuni, ishni koʻrishda ishtirok etgan shaxslarning tushuntirishlari, prokurorning fikri;
7) kassatsiya instansiyasi sudining xulosaga kelishiga asos boʻlgan sabablar hamda sud amal qilgan moddiy va protsessual huquq normalari;
8) qarorning xulosa qismi.
Sud hujjatlari bekor qilingan va ish yangidan koʻrib chiqish uchun yuborilgan taqdirda, kassatsiya instansiyasi sudi ishni yangidan koʻrganda qaysi holatlar aniqlanishi zarurligini, qaysi dalillar talab qilib olinishi kerakligini, shuningdek ish topshirilayotgan sud boshqa qanday harakatlarni bajarishi kerakligini koʻrsatishi shart.
Kassatsiya instansiyasi sudi shikoyatni (protestni) rad qilgan taqdirda, shikoyat (protest) vajlari notoʻgʻri deb topilishi yoki hal qiluv qarorini bekor qilish, oʻzgartirish yoxud yangi hal qiluv qarori chiqarish uchun asos boʻlmasligi sabablarini oʻz ajrimida koʻrsatishi shart.
Kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi ishni koʻrgan sudyalar tomonidan imzolanadi.
Kassatsiya instansiyasi sudi ajrimining nusxalari ishda ishtirok etgan shaxslarga ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay pochta orqali yoki elektron hujjat tarzida yuboriladi.
Kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi chiqarilgan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
