394-modda. Daʼvogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi, javobgarning daʼvogar talablarini tan olishi va taraflarning kelishuv bitimi
Sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-661-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Apellatsiya shikoyati (protesti) berilgandan keyin daʼvogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi, javobgarning daʼvogar talablarini tan olishi va taraflarning kelishuv bitimi yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida apellatsiya instansiyasi sudiga taqdim etilishi kerak.
Agar ish muhokamasi davomida daʼvogar arz qilingan talablaridan voz kechsa, javobgar bildirilgan talablarni tan olsa yoki taraflar kelishuv bitimi tuzsa, bu haqda sud majlisining bayonnomasiga yozib qoʻyiladi.
Sud daʼvodan voz kechishni qabul qilishdan yoki kelishuv bitimini tasdiqlashdan oldin daʼvogarga yoki taraflarga bunday protsessual harakatlarning oqibatlarini tushuntiradi.
Apellatsiya instansiyasi sudi daʼvogarning arz qilingan talablaridan voz kechishini qabul qilganida yoki taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlaganida chiqarilgan hal qiluv qarorini bekor qiladi va ish yuritishni tugatadi.
Agar daʼvogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi yoki taraflarning kelishuv bitimi qonunga zid boʻlsa yoxud boshqa birovning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga xilof boʻlsa, sud voz kechishni qabul qilmaydi yoxud tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etadi va ishni apellatsiya tartibida koʻrib chiqadi.
