389-modda. Birinchi instansiya sudining apellatsiya shikoyatini (protestini) olganidan keyingi harakatlari
Sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-661-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Sudya yoki sud raisi apellatsiya shikoyatini (protestini) olgandan keyin:
1) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga shikoyatning (protestning) koʻchirma nusxasini yuborishi;
2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarni apellatsiya instansiyasi sudida ishni koʻrish vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilishi;
3) hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) uchun belgilangan muddat oʻtgan vaqtdan eʼtiboran oʻn kun ichida ishni kelib tushgan shikoyat (protest) bilan birga apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart.
Hal qiluv qarori, ajrim, qaror ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) uchun belgilangan muddat ichida hech kim ishni suddan talab qilib olishi mumkin emas. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudda ish materiallari va kelib tushgan shikoyat (protest) bilan tanishishga haqli.
Shikoyat qilish (protest keltirish) uchun oʻtkazib yuborilgan muddat tiklangan taqdirda birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorining ijrosini toʻxtatishga haqli boʻlib, bu haqda ajrim chiqariladi.
Hal qiluv qarorining ijrosi apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan shikoyatni (protestni) koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim qabul qilinguniga qadar boʻlgan muddatga toʻxtatiladi.
