386-modda. Apellatsiya shikoyatining (protestining) mazmuni
Sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-661-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Apellatsiya shikoyatida (protestida) quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
1) shikoyat (protest) yoʻllanayotgan sudning nomi;
2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), uning yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili);
3) shikoyat qilinayotgan yoki protest keltirilayotgan hal qiluv qarori, ajrim, qaror va ushbu sud hujjatlarini chiqargan sud;
4) hal qiluv qarorining, ajrimning, qarorning notoʻgʻriligi nimadan iborat ekanligi;
5) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosi;
6) shikoyatga (protestga) ilova qilingan yozma materiallarning roʻyxati.
Apellatsiya shikoyatini shikoyat berayotgan shaxs yoki uning vakili imzolaydi. Apellatsiya protestini prokuror yoki uning oʻrinbosari keltiradi va imzolaydi.
Apellatsiya shikoyatida (protestida) shikoyatni (protestni) bergan shaxsning yoxud uning vakilining telefonlari va fakslari raqamlari, elektron pochta manzili koʻrsatilishi mumkin.
