527-modda. Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash toʻgʻrisidagi masala boʻyicha sud ajrimi
Jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-664-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqib, sud quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:
1) sud hukmini, ajrimini bekor qilish, yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash va ishni yangitdan koʻrib chiqish uchun birinchi instansiya yoki apellatsiya instansiyasi sudiga yuborish toʻgʻrisida;
2) ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish, yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash va ishni ushbu Kodeksning 416, 417-moddalarida nazarda tutilgan hollar aniqlanganda prokurorga yuborish toʻgʻrisida;
3) agar yangi tergov ishini yuritishga yoki jinoyat ishini sudda koʻrishga zarurat boʻlmasa, sud hukmini, ajrimini bekor qilish va jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida;
4) yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlashni rad etish toʻgʻrisida.
Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash toʻgʻrisidagi masala boʻyicha chiqarilgan sud ajrimining koʻchirma nusxasi prokurorga va arizachiga yuboriladi. Qarorning koʻchirma nusxasi boshqa manfaatdor shaxslarga ularning iltimosiga koʻra yuboriladi.
