50912-modda. Ishni kassatsiya instansiyasi sudida takroran koʻrish
Jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-664-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Kassatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlarining ushbu Kodeksning 49719-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra kiritgan kassatsiya protesti boʻyicha kassatsiya tartibida takroran koʻradi.
Jinoyat ishini kassatsiya instansiyasi sudida takroran koʻrish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining ilgari mazkur ishni koʻrishda ishtirok etmagan besh nafar sudyasidan iborat tarkibda, ushbu bobda nazarda tutilgan qoidalarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Kassatsiya instansiyasi sudi ishni takroran koʻrib chiqishda:
1) kassatsiya instansiyasi sudining ajrimini bekor qilishga yoki oʻzgartirishga;
2) birinchi, apellatsiya instansiyalari sudining hukmini, ajrimini oʻz kuchida qoldirishga yoki oʻzgartirishga;
3) apellatsiya instansiyasi sudining hukmini, ajrimini bekor qilishga va ishni apellatsiya tartibida yangidan koʻrish uchun yuborishga;
4) ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilishga va ishni tugatishga haqlidir.
