499-modda. Sudning hukmi, ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berishga (protest bildirishga) boʻlgan huquq
Jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-664-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Birinchi va apellatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berishga boʻlgan huquq mahkumga, uning himoyachisi va qonuniy vakiliga, jabrlanuvchi hamda uning vakiliga tegishlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, uning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlar birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi ustidan kassatsiya tartibida protest bildirishga haqli.
Fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari birinchi instansiya hamda apellatsiya instansiyasi sudi hukmining, ajrimining fuqaroviy daʼvoga daxldor qismi ustidan shikoyat berishga haqli.
Sudda oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudi hukmining, ajrimining oqlash sabablari hamda asoslariga doir qismi ustidan shikoyat berishga haqli.
Ishda taraf boʻlmagan shaxslar ham birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudi hukmining, ajrimining oʻz huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor qismi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berishga haqli.
