49734-modda. Sud ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyatni, protestni koʻrib chiqish
Jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-664-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Ushbu Kodeksning 4972-moddasida koʻrsatilgan shaxslar birinchi instansiya sudi ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda apellatsiya tartibida xususiy shikoyat, protest berishga haqli.
Agar ish boʻyicha hukm chiqarilgan boʻlib, biroq xususiy shikoyat yoki protest faqat birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan boʻlsa, sud hukm ustidan apellatsiya shikoyati, protesti berish uchun belgilangan muddat oʻtganidan soʻng ishni yuqori sudga yuboradi.
Sudning ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat, protest apellatsiya instansiyasi sudida ish yuritishning umumiy qoidalari boʻyicha koʻrib chiqiladi.
Apellatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat, protest boʻyicha koʻrish natijalari yuzasidan quyidagilarga haqli:
1) birinchi instansiya sudi ajrimini oʻzgarishsiz, xususiy shikoyatni, protestni esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
2) birinchi instansiya sudi ajrimini bekor qilishga va ishni yangidan sudda koʻrib chiqish uchun yuborishga;
3) birinchi instansiya sudi ajrimini bekor qilishga va ushbu Kodeksda belgilangan asoslarga muvofiq ishni prokurorga yuborishga;
4) birinchi instansiya sudi ajrimini bekor qilishga va amnistiya aktini qoʻllashga;
5) birinchi instansiya sudi ajrimini bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga;
6) birinchi instansiya sudining xususiy ajrimini bekor qilishga;
7) birinchi instansiya sudi ajrimini oʻzgartirishga.
Apellatsiya instansiyasi sudining birinchi instansiya sudi ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (protest) boʻyicha chiqargan ajrimi uzil-kesildir.
