4973-modda. Hukmlar ustidan apellatsiya tartibida shikoyat berish va protest bildirish tartibi
Jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-664-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Qonuniy kuchga kirmagan hukmlar ustidan apellatsiya tartibida quyidagicha shikoyat berilishi va protest bildirilishi mumkin:
1) jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarining hukmi ustidan — Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar, Toshkent shahar sudiga;
2) hududiy harbiy sudlarning hukmi ustidan — Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga;
3) Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyat, Toshkent shahar sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining hukmi ustidan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining hukmi ustidan — mazkur sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga.
Apellatsiya shikoyatlari va protestlari hukm chiqargan sud orqali beriladi. Shikoyat yoki protest bevosita apellatsiya instansiyasi sudiga berilgan taqdirda, sud ularni hukm chiqargan sudga ushbu Kodeksning 4976-moddasida bayon etilgan talablarni bajarish uchun yuboradi.
