49728-modda. Ayblov hukmini bekor qilish va ishni birinchi instansiya sudiga yuborish
Jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-664-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Agar jinoyat ishini apellatsiya tartibida koʻrish chogʻida ushbu Kodeksning 416, 417-moddalarida nazarda tutilgan holatlar aniqlansa, sud prokurorning yoki jabrlanuvchining, uning vakilining yoki mahkumning, uning himoyachisining, qonuniy vakilining iltimosnomasiga koʻra, sudlanuvchini yangi ayblov boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortish yoki boshqa shaxsni ish boʻyicha ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqida ajrim chiqaradi.
Ajrimni ijro etish ayblov dalolatnomasini yoki ayblov xulosasini tasdiqlagan prokurorning zimmasiga yuklatiladi.
Sudning ajrimi ushbu Kodeksning 416, 417-moddalarida belgilangan muddatda bajarilmagan yoki prokurorning ayblovga qoʻshimcha kiritish yoxud yangi shaxsni ishda ayblanuvchi sifatida ishtirok etish uchun jalb etish mumkin emasligi toʻgʻrisidagi xulosasi kelib tushgan taqdirda, apellatsiya instansiyasi sudi sud muhokamasini jinoyat ishida mavjud boʻlgan dalillar asosida davom ettiradi.
Mahkumga yangi ayblov qoʻyilgan yoki yangi shaxs ayblanuvchi sifatida ishtirok etish uchun ishga jalb etilgan taqdirda apellatsiya instansiyasi sudi ayblov hukmini bekor qiladi va ishni birinchi instansiya sudiga yangidan koʻrish uchun yuboradi.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ish muhokamasi umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
