“Parlament oʻyinlari” sport musobaqalarini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida (KQ-173-IV-son)
30.12.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va devoni xodimlari oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi kubogi uchun “Parlament oʻyinlari” sport musobaqalarini tashkil etish orqali jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanish, shuningdek sogʻlom turmush tarzi boʻyicha hayotiy koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 16-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va devoni xodimlari oʻrtasida futbol, voleybol, badminton va stol tennisi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi kubogi uchun “Parlament oʻyinlari” sport musobaqalari 2021-yilning fevral — iyun oylarida viloyat, mintaqaviy hamda respublika bosqichlaridan iborat tarzda tashkil etilsin.
“Parlament oʻyinlari” sport musobaqalarining respublika bosqichi Toshkent shahrida oʻtkazilishi belgilansin.
2. “Parlament oʻyinlari” sport musobaqalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda “Parlament oʻyinlari” sport musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish choralarini koʻrsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Parlament oʻyinlari” sport musobaqalarining viloyat va mintaqa bosqichlarini oʻtkazish, gʻoliblarni taqdirlash va ularning respublika bosqichidagi musobaqalarda ishtirok etishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Senat devoni bilan birgalikda bir oy muddatda “Parlament oʻyinlari” sport musobaqalarining respublika bosqichini oʻtkazish joyi, musobaqalar mobaynida ishtirokchilarning Toshkent shahrida yashashi va ovqatlanishi hamda boshqa tashkiliy masalalarni hal etish yuzasidan takliflar tayyorlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi “Parlament oʻyinlari” sport musobaqalari gʻoliblarini Senat Raisi kubogi hamda boshqa sovgʻalar bilan taqdirlashni tashkil etishga masʼul etib belgilansin.
7. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari Z. Nizamxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekeston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2020-yil 30-dekabr,
KQ-173-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 30-dekabrdagi QQ-173-IV-sonli qaroriga ILOVA
“Parlament oʻyinlari” sport musobaqalarini oʻtkazish toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom minifutbol, voleybol, badminton va stol tennisi turlari boʻyicha sport musobaqasining (bundan buyon matnda musobaqa deb yuritiladi) maqsadi va asosiy vazifalari, musobaqalarni tashkil etish va boshqarish, ularni oʻtkazishga rahbarlik qilish, uni moliyalashtirish, shuningdek musobaqa gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Musobaqa xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Devoni xodimlaridan iborat boʻlgan jamoalar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi kubogi uchun tashkil etiladi.
2. Musobaqalar amalda oʻrnatilgan qoidalarga koʻra oʻtkaziladi va hakamlar tomonidan baholanadi. Musobaqani oʻtkazish uchun hakamlar tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (bundan buyon matnda vazirlik deb yuritiladi) tomonidan belgilanadi.
3. Musobaqalarda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi qaroriga hamda mazkur Nizomga amal qilinadi.
2-bob. Musobaqaning maqsad va vazifalari
4. Musobaqa:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6099-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-iyundagi PQ-3031-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi talablarini bajarish;
“Parlament oʻyinlari” sport musobaqalari yordamida senatorlar va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlar, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishga jalb qilish;
aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, minifutbol, voleybol, badminton va stol tennisi sport turlarini ommalashtirish va uni yanada rivojlantirish kabi maqsad va vazifalarni oʻz ichiga olgan.
3-bob. Musobaqani oʻtkazishga rahbarlik qilish
5. Musobaqani oʻtkazishga umumiy rahbarlik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan amalga oshiriladi.
6. Musobaqani oʻtkazish uchun hakamlar hayʼati roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
7. Musobaqani adolatli va shaffof holda oʻtkazilishi hakamlar hayʼati zimmasiga yuklatiladi.
8. Musobaqada ishtirok etuvchilarning hujjatlarini qabul qilish va rasmiylashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy boshqarmalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
4-bob. Musobaqani oʻtkazish joyi va muddati
9. Musobaqalar quyidagi uch bosqichda tashkil etiladi:
birinchi bosqich — viloyat miqyosida fevral-mart oylarida xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari aʼzolaridan tashkil topgan jamoalar oʻrtasida;
ikkinchi bosqich — hudud miqyosida (mintaqa) viloyat miqyosida birinchi oʻrinni egallagan jamoalar oʻrtasida aprel-may oylarida oʻtkaziladi;
uchinchi Respublika bosqichi iyun oyida hududlardan (mintaqalardan) birinchi oʻrinni egallagan jamoalar oʻrtasida Toshkent shahrida tashkil etiladi.
10. Hududlar quyidagi tartibda boʻlinadi:
birinchi hudud — Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati;
ikkinchi hudud — Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlari;
uchinchi hudud — Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari;
toʻrtinchi hudud — Jizzax va Sirdaryo viloyatlari;
beshinchi hudud — Toshkent viloyati va Toshkent shahri;
oltinchi hudud — Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari.
11. Musobaqalarning Respublika bosqichi tashkiliy qoʻmitaning qaroriga muvofiq belgilangan vaqtda va joyda oʻtkaziladi.
12. Musobaqalarning sport turlari roʻyxati Nizomning 1-ilovasiga muvofiq, musobaqa dasturlari mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
6-bob. Musobaqani oʻtkazish shartlari
15. Minifutbol va voleybol sport turi boʻyicha musobaqalar erkaklar oʻrtasida, badminton boʻyicha ayollar oʻrtasida, stol tennisi boʻyicha erkaklar va ayollar oʻrtasida oʻtkaziladi.
Bunda, musobaqalarning viloyat bosqichida birinchi oʻrinni egallagan jamoaga hudud bosqichida ishtirok etish huquqi beriladi.
Musobaqalarning hudud bosqichida birinchi oʻrinni egallagan jamoa Respublika bosqichida ishtirok etish huquqiga ega boʻladi.
Musobaqaning mandat komissiyasi oʻtganidan soʻng musobaqada ishtirok etish yoki jamoalarga yangi oʻyinchi qoʻshish istagini bildirgan jamoalarga ruxsat etilmaydi;
Musobaqalarni oʻtkazish tizimi, uslubi ishtirok etayotgan jamoalar sonidan kelib chiqqan xolda tasdiqlangan hakamlar hayʼati tomonidan sport inshootining imkoniyatini inobatga olib tanlanadi va tasdiqlanadi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 205-son “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish tadbirini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tashkil etiladi.
17. Musobaqani oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tayinlangan musobaqaning bosh hakami zimmasiga yuklatiladi.
18. Musobaqa hakamlarining vazifalari amaldagi qoidalar asosida belgilanadi.
19. Musobaqada hakamlar hayʼatining soni mazkur Nizom 3-ilovasiga muvofiq belgilanadi.
20. Musobaqa nizomining tegishli bandlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan taqdirda musobaqaning boshlanishidan 3 kun oldin musobaqa ishtirokchilariga bu haqida maʼlum qilinadi.
7-bob. Musobaqada ishtirok etish uchun talabnoma (buyurtma)larni topshirish shartlari
21. Musobaqaga talabnoma (buyurtma)lar mazkur Nizomning 4-ilovasidagi namuna asosida mandat komissiyasiga taqdim qilinadi.
22. Musobaqada ishtirok etuvchi sportchilar mandat komissiyasiga senator yoki deputat ekanligini tasdiqlovchi guvohnomasini koʻrsatishi shart.
23. Musobaqada ishtirok etish uchun talabnoma (buyurtma) mazkur nizomning 4-ilovasiga asosan, musobaqa boshlanishidan 5 kun oldin Jismoniy tarbiya va sport vazirligining tegishli hududdagi boʻlinmasiga taqdim etiladi.
24. Talabnomalar musobaqa oʻtkaziladigan kuni ishtirok etuvchi jamoa vakili tomonidan mandat komissiyasiga taqdim etiladi.
8-bob. Musobaqani moliyalashtirish manbalari
25. Musobaqa oʻtkazilishining moliyalashtirish shartlari:
musobaqaning ishtirokchilari — sportchilar, trenyerlarning ovqatlanishi, yotoqxona va yoʻl xarajatlari safarga yuboruvchi tashkilot yoki homiylar tomonidan qoplanadi;
musobaqada ishtirok etuvchi hakamlar va xizmat qiluvchi xodimlarning xarajatlari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan qoplanadi.
26. Musobaqaning moliyalashtirilishi yuzasidan ushbu Nizomning moliyalashtirish shartlariga Oliy Majlis Senati tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-bob. Musobaqa gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash
27. Musobaqaning gʻolib va sovrindorlari Oliy Majlis Senati Raisining kubogi, I, II, va III darajali diplomlar va medallar, shuningdek Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda homiy tashkilotlarning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi.
“Parlament oʻyinlari” sport musobaqalarini oʻtkazish toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Sportning minifutbol, voleybol, badminton, stol tennisi sport turlari boʻyicha musobaqalar
ROʻYXATI
T/r Tadbir nomi Vaqti Oʻtish joyi 1. Minifutbol sport turi boʻyicha musobaqalar 2. Voleybol sport turi boʻyicha musobaqalar 3. Badminton sport turi boʻyicha musobaqalar 4. Stol tennisi sport turi boʻyicha musobaqalar
“Parlament oʻyinlari” sport musobaqalarini oʻtkazish toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
Musobaqalar dasturi
NAMUNASI
Musobaqa sanasi 1-kun 9:00-9:30 Hakamlar, trenyerlar va vakillar uchun yigʻilish 9:30-10:00 Mandat komissiyasi faoliyati 10:00 1-oʻyin Musobaqaning ochilish marosimi 11:30 2-oʻyin 13:00 3-oʻyin 14:30 4-oʻyin 16:00 5-oʻyin 17:30 6-oʻyin Musobaqa sanasi 2-kun 10:00 1-yarim final oʻyini 11:30 2-yarim final oʻyini 14:30 3-oʻrin uchun oʻyini 16:00 final oʻyini 18:00 Musobaqa yopilish marosimi
Izoh: Musobaqalarda ishtirok etadigan jamoalar soniga qarab oʻyinlar koʻpayishi yoki kamayishi mumkin.
“Parlament oʻyinlari” sport musobaqalarini oʻtkazish toʻgʻrisida nizomga 3-ILOVA
Hakamlar hayʼati soni
T/r Nomi Soni 1. Bosh hakam 1 kishi 2. Bosh kotib 1 kishi 3. Hakamlar 8 kishi 4. Shifokor 2 kishi 5. Kompyuterchi 1 kishi Jami 13 kishi
Izoh: Musobaqa hakamlari maxsus kiyimda boʻlishlari shart.
Namuna
“Parlament oʻyinlari” sport musobaqalarini oʻtkazish toʻgʻrisida nizomga 4-ILOVA
