6-modda. Qonunchilik palatasi deputati
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida (434-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Saylov kuni yigirma besh yoshga toʻlgan hamda kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Qonunchilik palatasining deputati boʻlishi mumkin.
Ayni bir shaxs bir paytning oʻzida Qonunchilik palatasi deputati va Senat aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
Qonunchilik palatasining deputati bir vaqtning oʻzida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati boʻlishi mumkin emas.
Qonunchilik palatasi deputatlari oʻz vakolatlari davrida ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishlari mumkin emas.
Qonunchilik palatasi deputati daxlsizlik huquqidan foydalanadi. U Qonunchilik palatasining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tomonidan beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Qonunchilik palatasi deputatiga uning deputatlik faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi.
Qonunchilik palatasi deputatining vakolatlari qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.
Qonunchilik palatasi deputatining maqomi qonun bilan belgilanadi.
