18-modda. Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida (434-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Qonunchilik palatasi qoʻmitalari:
1) oʻz tashabbusi bilan yoki Qonunchilik palatasining topshirigʻiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining hamda oʻzining vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan Qonunchilik palatasi boshqa qarorlarining loyihalarini ishlab chiqadi;
2) qonun loyihalarining, qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan qonunchilik takliflarining (bundan buyon matnda qonunchilik takliflari deb yuritiladi) dastlabki tarzda koʻrib chiqilishini va ularni Qonunchilik palatasida koʻrib chiqishga tayyorlashni amalga oshiradi;
3) qonun hujjatlarining loyihalari yuzasidan xulosalar beradi, qonun loyihasini Qonunchilik palatasining majlisi kun tartibiga kiritish, uning ustida ishlashni davom ettirish yoki asoslantirilgan holda uni rad etish toʻgʻrisida Kengashga takliflar kiritadi;
31) qonunchilik takliflari yuzasidan xulosalar beradi, qonunchilik taklifini Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritish toʻgʻrisida Kengashga takliflar kiritadi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti loyihasi yuzasidan xulosalar va takliflar beradi;
5) fraksiyalar taklifiga koʻra joylarda budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi masalalarini oʻrganadi;
6) Qonunchilik palatasining topshirigʻiga yoki palata Kengashining tavsiyasiga binoan muayyan qonun loyihasi yoki palata vakolatlariga kiradigan boshqa masala yuzasidan masʼul boʻladi;
7) kiritilgan qonun loyihalarini, qonunchilik takliflarini koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhlari tuzadi, ularning tarkibiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning rahbarlarini jalb etadi;
8) qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari vakillarining ular tomonidan kiritilgan qonun loyihasiga taalluqli masalalar yuzasidan fikrlarini eshitadi;
81) qonunchilik taklifi tashabbuskorlari tomonidan kiritilgan qonunchilik taklifiga taalluqli masalalar yuzasidan ushbu tashabbuskorlar vakillarining fikrlarini eshitadi;
9) kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, shuningdek Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar matniga oʻzgartish yoki qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
