13-modda. Qonunchilik palatasi Spikeri
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida (434-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Saylovdan keyingi birinchi majlisda Qonunchilik palatasining deputatlari orasidan yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolat muddatiga Qonunchilik palatasi Spikeri saylanadi. Qonunchilik palatasi Spikerligiga nomzod koʻrsatish va saylash tartibi Qonunchilik palatasi Reglamentida belgilanadi.
Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Qonunchilik palatasining Spikeri boʻlishi mumkin emas.
Qonunchilik palatasi Spikeri oʻz vazifasini bajarish davrida siyosiy partiyaga aʼzolikni toʻxtatib turadi hamda siyosiy partiya fraksiyasi (bundan buyon matnda fraksiya deb yuritiladi) tarkibiga kirishi mumkin emas.
Qonunchilik palatasi Spikeri Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining tarkibiga saylanishi mumkin emas.
Qonunchilik palatasi Spikeri yashirin ovoz berish orqali Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
Qonunchilik palatasi Spikeri oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
