6-modda. Senat aʼzosi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida (432-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Saylov kuni yigirma besh yoshga toʻlgan hamda kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Senat aʼzosi boʻlishi mumkin.
Ayni bir shaxs bir paytning oʻzida Senat aʼzosi va Qonunchilik palatasi deputati boʻlishi mumkin emas.
Senat aʼzosi daxlsizlik huquqidan foydalanadi. U Senatning roziligisiz, Senat majlislari oraligʻidagi davrda esa, Senat Kengashining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Senat aʼzosiga uning senatorlik faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi.
Senat aʼzosining vakolatlari qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.
Senat aʼzolari Senatda doimiy asosda ishlashlari mumkin. Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlarning soni yigirma besh nafargacha boʻlgan miqdorda belgilanadi. Ular senatorlik vakolatlari davrida ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishlari mumkin emas.
Senat aʼzosining maqomi qonun bilan belgilanadi.
