23-modda. Qonunning Senat tomonidan koʻrib chiqilishi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida (432-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Qonun Senatga kelib tushganidan keyin Senat Raisi uni dastlabki tarzda koʻrib chiqishni amalga oshiradigan masʼul qoʻmitani belgilaydi.
Qonunni dastlabki tarzda koʻrib chiqish natijalari asosida masʼul qoʻmita qonun yuzasidan xulosa qabul qiladi.
Senat masʼul qoʻmitaning xulosasini olganidan keyin qonunni muhokama qiladi va uni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Qonun Senat tomonidan senatorlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan maʼqullanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini, unga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlari hamda ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni maʼqullash uchun senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi talab qilinadi.
Ovoz berish ochiq yoki yashirin boʻlishi mumkin.
Ovoz berishning shakli va usuli toʻgʻrisidagi qaror Senat tomonidan Senat majlisida hozir boʻlgan senatorlarning koʻpchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.
Senat tomonidan rad etilgan qonun Qonunchilik palatasiga qaytariladi.
